Qirg‘iziston saylovlaridagi g‘alaba, Aliyevning ayblovi, Tataristonga borgan Saida Mirziyoyeva – Turkiy dayjest
Tahlil
−
08 dekabr 1863 5 daqiqa
Prezident Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva Tataristonga bordi. Qirg‘izistondagi saylovlarda Japarov tarafdorlarining qo‘li baland keldi. Prezident Ilhom Aliyev Armanistonga ayb qo‘ydi. Sizlar bilan Turkiy dayjestning navbatdagi soni va bu gal yuqoridagi mavzularga to‘xtalamiz.
Aliyev Armanistonga ayb qo‘ydi
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat aholisining Armanistondan deportatsiya qilinishiga xalqaro baho berilishini talab qildi va qo‘shni davlatning harakatlarini “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atadi. U Armaniston g‘arbiy Ozarbayjonda yashagan ozarlarning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosini, ularning muqaddas joylarini, qabristonlarini muntazam ravishda yo‘q qilib, Ozarbayjon xalqining izlarini o‘z hududidan o‘chirib tashlashga intilganini aytdi. Aliyev armanlar tomonidan ozarbayjonliklarga nisbatan sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlarni xalqaro-huquqiy nuqtai nazardan baholash va bu borada xalqaro jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun zarur choralarni ko‘rish nihoyatda muhimligini eslatdi.
Aliyev “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” va boshqa muhim xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan qaytish huquqi doirasida “Armanistondan zo‘rlik bilan quvib chiqarilgan ozarbayjonliklarni qaytarish” bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirgan. Shuningdek, u BMTning maxsus tuzilmalari ishtirokida madaniy merosni tiklash va himoya qilish jarayonini boshlashni taklif qilgan.
U, shuningdek, joriy yilning avgust oyida AQSHda Ozarbayjon va Armanistonning uchrashuvi ikki xalqning kelajakdagi yonma-yon yashashi bo‘yicha umid uyg‘otayotganini qo‘shimcha qilgan.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi yomonlashuv asosan Qorabog‘ mojarosidan kelib chiqqan. Sovet davrida Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjon tarkibida bo‘lsada, aholining katta qismi armanlardan iborat edi. 1980 yillarning oxirida SSSR parchalana boshlaganda, arman millatchilari hududni Armanistonga qo‘shishni talab qildi, bu esa millatlararo keskinlikni kuchaytirdi.
1988 yilda qurolli to‘qnashuvlar boshlandi, 1991 yilda urushga aylanib, 1994 yilda Rossiya vositachiligida Bishkek sulhi imzolandi. Natijada arman kuchlari Tog‘li Qorabog‘ va atrofidagi 7 tumanni egallab oldi, Ozarbayjon esa bu hududlarni bosib olingan, deb hisoblab keldi. 2020 yilning sentyabr-noyabr oylarida 44 kunlik urush bo‘lib, Ozarbayjon Turkiya yordami va zamonaviy qurollar yordamida katta hududlarni, jumladan Shusha shahrini qaytarib oldi. Rossiya vositachiligida sulh tuzilib, Armaniston Qorabog‘dan tashqari uch tumanni Ozarbayjonga topshirdi.
2023 yil sentyabrda Ozarbayjon “antiterror operatsiyasi” orqali butun Tog‘li Qorabog‘ ustidan to‘liq nazorat o‘rnatdi va hududdagi arman aholisi deyarli to‘liq Armanistonga ko‘chib ketdi. Hozirda yomonlashuvning asosiy sabablari chegara masalalarining hal qilinmagani, yillar davomida urush va milliy adovat tufayli o‘zaro ishonchsizlikning yuqoriligi, Zangezur koridori bo‘yicha kelishmovchiliklar va geosiyosiy omillardir.
Saida Mirziyoyeva Tataristonga bordi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qizi, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 1 dekabr kuni Tataristonga bordi va respublika raisi Rustam Minnixonov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ular O‘zbekiston va Tatariston hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilgan.
Xalqlarimizning tarixiy yaqinligi va madaniyatlar mushtarakligiga asoslangan gumanitar aloqalarga alohida e’tibor qaratdik. O‘zbekistonda eng ko‘p sonli tatar diasporasi istiqomat qilmoqda. Tatariston esa Rossiyada ta’lim sohasidagi asosiy hamkorlarimizdan biri hisoblanadi – bu yerda 3,5 mingdan ziyod o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda. Samimiy qabul va ochiq muloqot uchun minnatdorman. O‘zaro manfaatli hamkorligimiz yanada rivojlanishi va mustahkamlanib borishiga ishonaman, deydi Saida Mirziyoyeva.
Ishchi tashrif bilan Qozonga borgan Prezident Administratsiya rahbari Rustam Minnixonovga Prezident Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazgan.
Shundan so‘ng, Rustam Minnixonov va Saida Mirziyoyeva “Olamlar orasidagi nur” nomli kartinalar ko‘rgazmasiga bordi. Ekspozitsiya Rossiyaning Istra shahridagi “Yangi Yerusalim” Davlat muzeyi hamda Nukus shahridagi I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyi kolleksiyalarini birlashtirgan. Kechqurun esa ular O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri ishtirokidagi konsertga bordi.
“Tatariston–O‘zbekiston aloqalari tarixiy jihatdan bizda juda ko‘p umumiy jihatlar borligiga asoslanadi. Bunga bizning tariximiz, an’analarimiz, umumiy dinimiz, albatta, tillar yaqinligi xizmat qiladi – biz bir-birimiz bilan oson muloqot qila olamiz”, dedi Minnixonov.
Japarovning tarafdorlari saylovda g‘alaba qozondi
30 noyabr kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalariga ko‘ra, amaldagi Prezident Sadir Japarov tarafdorlari g‘alaba qozondi.
Parlamentdagi 90 o‘rindan 50 tasi avvalgi chaqiriq deputatlariga nasib qilishi mumkin. Yangi tizim bo‘yicha birinchi marta muddatidan oldin saylovlar o‘tkazildi. Qirg‘iziston parlamenti deputatlari 25 sentyabr kuni o‘zini-o‘zi tarqatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bunga sabablardan biri 2026 yilning noyabrida – prezidentlik saylovlariga ikki oy qolganda muddatidan oldin saylov o‘tkazish istagi borligi aytilgan. Deputatlarning fikricha, ikki siyosiy voqea o‘rtasidagi bunday qisqa tafovut siyosiy notinchlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Parlament a’zolari muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlovchi yana bir omil sifatida Prezident tomonidan 2025 yilning iyun oyida qabul qilingan saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarni keltirishdi. Ilgari 90 nafar parlament deputatidan 36 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, qolgan 54 nafari esa partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan. Endi mamlakatda bor-yo‘g‘i 30 ta saylov okrugi mavjud bo‘lib, ularning har biri uchta deputatni saylaydi, ulardan kamida bittasi ayol kishi bo‘lishi kerak.
Rasmiylar saylovlarda partiyaviy tizimdan amalda voz kechishini “siyosiy korrupsiyaga qarshi kurashish va amaldagi saylov tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish, xalqning saylangan vakillarga ishonch darajasini oshirish” bilan izohlamoqda.
Saylovdan bir hafta oldin Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari muxolifat vakillari va sobiq prezident Almazbek Atamboyevning sobiq tarafdorlarini hibsga oldi. Hibsga olinganlar orasida muxolifatdagi Sotsial-demokratlar partiyasi a’zolari Temirlan Sultonbekov va Ermek Ermatov, sobiq prezidentning o‘g‘li Qodirbek Atamboyev va boshqalar bor edi.
Ichki ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, ular “respublikadagi parlament saylovlari natijalari e’lon qilinganidan keyin ommaviy norozilik ko‘rinishini yaratish maqsadida bir qator mitinglar uyushtirishni” rejalashtirgan.
Live
Barchasi