Turkiyada bir oilaning 4 a’zosi nimadan vafot etgani bo‘yicha ma’lumot berildi

3-sahifa

image
Fojia. Turkiyaga sayohatga borgan 4 kishilik oila zaharlanib vafot etdi north_east

Fojia. Turkiyaga sayohatga borgan 4 kishilik oila zaharlanib vafot etdi

Turkiyaning Istanbul shahriga sayohat uchun kelib, zaharlanish oqibatida vafot etgan bir oilaning 4 a’zosi – Sarvat Bo‘jek (36 yosh), Chig‘dam Bo‘jek (27 yosh), Muhammad Bo‘jek (6 yosh) va Masal Bo‘jek (3 yosh)dan olingan tahlillar bo‘yicha sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosalari e’lon qilindi. 

Hisobotda aytilishicha, oila joriy yilning 9 noyabr kuni sayyohat maqsadida Istanbulga kelgan va Fotih tumanidagi “Harbour Suites Old City” mehmonxonasiga joylashgan. 10 va 11 noyabr kunlari ular midiya, pita noni, tantuni, kokorech va turk lokumlari kabi turli xil olib ketish uchun mo‘ljallangan taomlarni iste’mol qilishgan. 12 noyabr kuni ular erta tongda ko‘ngil aynishi va qusishni boshdan kechirgan. Oila a’zolari shifoxonaga murojaat qilgan va ularga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, ular yana mehmonxonaga qaytib kelgan. 

Xabarda aytilishicha, oila 13 noyabr kuni soat 3:00 atrofida tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, bolalar vafot etgan. 14 noyabr kuni ularning onasi ham hayotdan ko‘z yumgan. Og‘ir ahvolda qolayotgan ota – Sarvat Bo‘jek ham 17 noyabr kuni olamdan ko‘z yumgan. 

Oila joylashgan mehmonxonada 11 noyabr kuni zararkunandalar va hasharotlarga qarshi dori purkash ishlari olib borilgan. Voqea joyini tekshirish guruhidan og‘zaki olingan ma’lumotlarga ko‘ra, oila joylashgan 201-xona kimyoviy vositalar purkalgan 101-xonaning tepasida joylashgan va havo almashish tizimi bo‘lmagan. Xuddi shu mehmonxonada tunagan yana ikki chet el fuqarosi 15 noyabr kuni shunga o‘xshash shikoyatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. 

Shuningdek, mehmonxona dezinfeksiyasi paytida ishlatilgan kimyoviy moddalar va idishlar, ona Chig‘dam Bo‘jekning, ota Sarvat Bo‘jekning shifoxonada olingan birinchi qon namunasi va oshqozon tarkibi, ikki chet el fuqarosining shifoxonada olingan birinchi qon namunalari va oila joylashgan 201-xonadagi choyshablar Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan tekshirish uchun Sud-tibbiyot institutiga yuborilgan. 

Hisobotda bolalarning tanasida o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan jarohat alomatlari aniqlanmagani qayd etilgan. Otopsiya paytida oshqozon devorida dog‘li qon ketish va qizarishdan tashqari hech qanday muhim topilmalar kuzatilmagan. 

Bundan tashqari, Taqsim o‘quv va tadqiqot shifoxonasida davolanayotganida vafot etgan ona Chig‘dam Bo‘jekning jasadida o‘tkazilgan ekspertizada ham tanasida o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan jarohat alomatlari aniqlamagani aytilgan. Oshqozon devorida dog‘li yaralar va keng shilliq osti qon ketishidan tashqari hech qanday muhim topilmalar kuzatilmagan.  

Qolaversa, Sud tibbiyot institutining Istanbul morg ixtisoslashuv bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan ota Sarvat Bo‘jek tanasida o‘tkazilgan tekshiruvda ham hech qanday jarohat alomatlari aniqlanmagan. Biroq, unda oshqozonda qizarish, oshqozon devorida ichki qon ketish, tomirlarda tromb (qon quyqasi) va ingichka ichakda ozgina qonli tarkib qayd etilgan.

Hisobot xulosasida Sud tibbiyot institutining Istanbul kimyo ixtisoslashuv bo‘limi ona va bolalardan olingan otopsiya namunalarini tekshirgani, ammo ularning qon namunalarida zaharli moddalar yoki metabolitlar topilmagani ta’kidlangan. 

Shuningdek, shifoxonalarda ona, ota va ikki chet el fuqarosidan olingan dastlabki qon namunalari ham alohida tekshirilgani va hech qanday zaharli moddalar yoki metabolitlar aniqlanmagani bildirilgan.  

Hisobotda quyidagi bayonotlar keltirilgan: 

“Hodisa bilan bog‘liq vaziyatlarni, ularning tibbiy tarixini, so‘nggi ma’lumotlarni va shu mehmonxonadan yana ikki kishi shunga o‘xshash shikoyatlar bilan shifoxonaga yotqizilganligini hisobga olgan holda, ona, ota va bolalar asosan mehmonxona muhitidan kelib chiqqan kimyoviy zaharlanishdan vafot etgan va iste’mol qilgan ovqatlaridan zaharlanish ehtimoli kamroq, deb taxmin qilinadi. Biroq o‘lim sababi bo‘yicha aniq xulosaga ona, ota va bolalardan otopsiyada olingan namunalarning patologik, mikrobiologik va toksikologik tahlili asosida erishiladi. Mehmonxona dezinfeksiyasida ishlatilgan kimyoviy moddalar, idishlar va choyshablarning namunalari Istanbul bosh prokuraturasidan so‘ralgan va ularning kimyoviy tarkibi Sud tibbiyoti institutining Kimyo bo‘limi tomonidan tekshiriladi".

Hisobotda, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining Mikrobiologiya ma’lumotnoma laboratoriyasi va biologik mahsulotlar bo‘limi, Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi Oziq-ovqat va nazorat bosh boshqarmasining Istanbul (Florya) oziq-ovqat nazorati laboratoriyasi, Ichki ishlar vazirligi AFAD bosh boshqarmasining Istanbul viloyat boshqarmasi, Sud tibbiyoti institutining Kimyo ixtisoslashuvi bo‘limining Toksikologiya laboratoriyasi, Morg ixtisoslashuvi bo‘limining Gistopatologik ekspertiza bo‘limi va Mikrobiologiya laboratoriyasida tegishli tekshiruvlar davom etayotgani ta’kidlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Zaharlanish Turkiya fojia

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing