Turkmanistonda ish haqi, pensiya va stipendiyalarni har yili oshirmaslik taklif qilindi (video)
Olam
−
24 Sentabr 6548 2 daqiqa
Turkmanistonda ish haqi, pensiyalar, davlat nafaqalari va stipendiyalar miqdorini har yili oshirishdan voz kechish taklif qilindi. Bu haqda Xalq maslahati oqsoqollar kengashi a’zosi, faxriy oqsoqol Yozmurod Otamurodov joriy yilning 19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytdi.
U xalqning ijtimoiy-maishiy sharoiti yuksak bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Otamurodov ish haqi, pensiyalar, davlat nafaqalari va stipendiyalar miqdorini oshirishni to‘xtatishni taklif qildi va Prezidentdan ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.
“Dunyoning hech bir davlatida odamlar uchun bunday imtiyozlar berilmagan va bugungi kunda har bir oila o‘zi uchun zarur bo‘lgan hamma narsani oladi”, dedi u.
Oqsoqol iqtisod qilingan mablag‘larni Turkmanistonni yanada rivojlantirish va boshqa muhim sohalarga yo‘naltirish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladi. Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov uning taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.
Otamurodovning bu taklif mamlakatda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Yarim davlat nashri bo‘lgan “Turkmen news” hatto Instagram sahifasiga joylangan xabariga sharhlarni yopib qo‘ydi. Ayrimlar mamlakatda inflyatsiya darajasi 10 foizdan ancha yuqori ekanini aytdi. Go‘sht narxi, masalan, olti oy ichida ikki baravar ko‘paygan – taxminan 100 manat (5 dollar).
Aholining ko‘pchiligi oqsoqolning samimiyligiga yoki uning oddiy odamlar hayotini bilishiga shubha qildi.
Hozirda Turkmanistonda eng kam pensiya miqdori 550 manat (27,50 dollar), nafaqa esa 520 manat (26 dollar) ni tashkil qiladi. “Turkmen news” nashriga ko‘ra, bunday daromadga aholi go‘sht sotib ololmaydi va u yashashga zo‘rg‘a yetadi. Oddiy talaba kiyadigan forma narxi 12 ming manat (600 dollar). Barcha rasmiy va norasmiy xarajatlarni hisobga olgan holda, ota-onalar farzandini universitetga yuborish uchun ikkita kredit oladi.
G‘azablangan ijtimoy tarmoq foydalanuvchilari hozirgi vaziyatda Gurbanguli va Serdar Berdimuhamedovni ayblamoqda va oqsoqolni oddiy fuqarolar manfaatlariga xiyonat qilganini ta’kidlab, la’natlaganlar. Otamurodovning taklifiga javoban rasmiy izoh hali e’lon qilinmagan.
2015 yilda ham o‘sha oqsoqol aholi farovonligi yuqori ekanini tilga olib, gaz, elektr energiyasi, suvning bepul berilishini bekor qilishni so‘ragan edi. Oxir-oqibat ushbu xizmatlar uchun imtiyozlar butunlay bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov joriy yilning 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yig‘ilishida Transport va aloqa agentligini tugatib, uchta yangi vazirlik tashkil etish haqida farmon chiqargandi.
Live
Barchasi