Ukraina dronlari Krasnodardagi neft zavodiga hujum qildi
Olam
−
29 noyabr 4364 2 daqiqa
Bugun, 29 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Krasnodar o‘lkasidagi Afipskiy neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. Bu haqda mintaqaning operativ shtabi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki tomondan zarba berilganidan keyin korxona hududida taxminan 250 kvadrat metr maydonda yong‘in chiqqan. Yong‘in tezda o‘chirilgan, xodimlar evakuatsiya qilingan. Operativ shtab ma’lumotiga ko‘ra, zarba oqibatida ayrim texnologik uskunalar shikastlangan, biroq rezervuarlar zarar ko‘rmagan. Afipskiy posyolkasida ham qishloq xo‘jaligi korxonasining yordamchi xo‘jaligi yonib ketgan. Bunga urib tushirilgan dron parchalari sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Afipskiy neftni qayta ishlash zavodi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan beri bir necha bor Ukraina dronlari hujumiga uchragan. Zavod joriy yilning sentyabr oyi oxirida, shuningdek 7 va 28 avgust kunlari hujumga uchragan va bu hujumlardan so‘ng korxonaga qayta ishlashni bir qurilmada to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan. Zavod mamlakatdagi eng yirik o‘nta NQIZ qatoriga kirmasa-da, u 2025 yildagi rekonstruksiyadan so‘ng Rossiyaning janubidagi eng qudratlilardan biriga aylangan. Zavod yiliga 9,1 million tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega. Maydonda ikkita birlamchi qayta ishlash qurilmasi ishlaydi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 29 noyabrga o‘tar kechasi Ukraina dronlari mamlakatning o‘n viloyati va anneksiya qilingan Qrimni nishonga olgan. Harbiy idora 103 ta uchuvchisiz apparat urib tushirilgani va yo‘q qilingani haqida xabar bergan. Xususan, 26 ta dron Belgorod viloyati, 20 tasi Rostov viloyati, 11 tadan Ryazan viloyati va Krasnodar o‘lkasi, 5 tasi Voronej, 4 tasi Lipetsk, 3 tasi Kursk, bittadan Astraxan va Volgograd viloyatlari hamda Qalmog‘iston ustida, 19 tasi Qrim ustida va bittasi Azov dengizi akvatoriyasi ustida urib tushirilgan.
Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar hujumlar Taganrog, shuningdek Kamenskiy, Millerovskiy, Azovskiy va Dubovskiy tumanlariga qaratilganini aytgan. Taganrogda ko‘p qavatli uy shikastlangan, qurilish sanoati va texnologiyalari texnikumi yotoqxonasining tomi vayron bo‘lgan, xususiy uy yonib ketgan. Slyusarning bildirishicha, jabrlanganlar yo‘q. Gubernator Andrey Bocharovning ma’lumotiga ko‘ra, Volgogradda to‘rtta turarjoy binosi va qurilish materiallari ombori zarar ko‘rgan, ikki kishi jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qora dengizning Turkiya qirg‘oqlariga yaqin hududda Rossiyaga ketayotgan Kairos neft tankeri minaga to‘qnashib portlagani haqida xabar berilgandi. Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya neftini tashiganlik uchun sanksiya ostiga olingan ushbu kema portlash va undan keyin yuzaga kelgan yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan.
Live
Barchasi