“O‘zbek tiliga nisbatan cheklovlar bizda tashvish uyg‘otadi”. TIV Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi
Jamiyat
−
05 yanvar 7548 1 daqiqa
Avvalroq, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati mamlakatning o‘zbeklar eng ko‘p yashovchi mintaqalaridan birida joylashgan Samangan universiteti peshtoqidan o‘zbek tilidagi yozuv olib tashlagani, bu jamoatchilikda norozilik uyg‘otgani haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov QALAMPIR.UZ’ga munosabat bildirdi.
Tahririyat jurnalistining savollariga javob berar ekan, Burxonov Afg‘onistondagi vaziyatni doimiy ravishda va diqqat bilan kuzatib borilayotganini urg‘ulagan. Unga ko‘ra, o‘zbek tiliga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan har qanday cheklovlar jiddiy xavotir uyg‘otadi.
“O‘zbek tilining qo‘llanishiga nisbatan ehtimoliy har qanday cheklovlar bizda tabiiy tashvish uyg‘otadi. Shu munosabat bilan Afg‘oniston tomoni bilan mazkur masalalar yuzasidan muntazam muloqot olib borilmoqda”, deydi u.
Burxonovga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni o‘z navbatida o‘zbek tilidan foydalanishga nisbatan hech qanday cheklovlar joriy etilmaganini va kelgusida ham bunday choralar ko‘rilmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, ular O‘zbekiston Respublikasiga, o‘zbek tiliga va o‘zbek xalqiga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanliklarini ta’kidlamoqda.
Live
Barchasi