O‘zbekiston SIdan foydalanish darajasi eng past davlatlar qatoriga kirdi
Jamiyat
−
20 yanvar 1273 2 daqiqa
O‘zbekiston sun’iy intellektdan foydalanish darajasi bo‘yicha dunyoning 147 mamlakati orasida 141-o‘rinni egalladi. Mamlakatda neyron tarmoqlardan foydalanish darajasi atigi 6,3 foizni tashkil etmoqda. Bu haqda “Microsoft Institute for the Economy of AI” tomonidan e’lon qilingan 2025 yilgi hisobotda so‘z boradi.
Tadqiqotda operatsion tizimlar va qurilma turlari o‘rtasidagi farqlar inobatga olinib, faol sun’iy intellekt foydalanuvchilari ulushi asos sifatida belgilangan. Reytingning yuqori pog‘onalaridan Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur va Norvegiya joy olgan. Ushbu mamlakatlarda sun’iy intellektni qo‘llash darajasi 45,3 foizdan 64 foizgacha yetgan. Global reytingning eng oxirgi o‘rinlarini esa Tojikiston, Turkmaniston va Kambodja egallagan (145–147-o‘rinlar).
Past o‘ringa qaramay, O‘zbekistonda ijobiy o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Jumladan, 2025 yil iyul oyining boshida sun’iy intellektdan foydalanish darajasi 5,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yilning ikkinchi yarmiga kelib bu ko‘rsatkich 6,3 foizga yetgan.
Microsoft mutaxassislari 2025 yil uchun asosiy tendensiyalardan biri sifatida DeepSeek platformasining jadal o‘sishini qayd etdi. Ushbu ochiq ekotizim, ayniqsa, G‘arb texnologik yechimlari yetarli darajada taqdim etilmagan bozorlarda ommalashib boryapti.
DeepSeek’dan foydalanish geografiyasi Amerika sun’iy intellekt platformalaridan sezilarli darajada farq qiladi. Xususan, platforma qator Osiyo va Afrika mamlakatlarida keskin o‘sishni namoyish etmoqda. Biroq O‘zbekistonda DeepSeek’ning ulushi yil oxiriga kelib 5 foizdan kam bo‘lgan. Taqqoslash uchun, Rossiyada ushbu ko‘rsatkich 43 foizga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kelasi yildan o‘quvchi va talabalarga sun’iy intellektni o‘qitish boshlanishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi