O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida memorandum imzolandi
Jamiyat
−
21 yanvar 2340 3 daqiqa
O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida migratsiya jarayonlarini tartibga solish, fuqarolarning o‘z davlatlariga qaytishiga ko‘maklashish hamda bu borada o‘zaro muvofiqlashgan chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tomonidan keng qamrovli strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalasida Turkiya Respublikasiga ishchi tashrif amalga oshirilgan. Tashrifda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boshchiligida mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlaridan iborat delegatsiya ishtirok etgan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasini Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qabul qilgan. Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirlari hamda xavfsizlik xizmatlari rahbarlari ishtirokida “4+4” mexanizmi doirasida uchrashuv o‘tkazilgan.

Tadbir kun tartibiga muvofiq ikki tomonlama munosabatlarning eng dolzarb mavzulari, mintaqaviy masalalar va global jarayonlar, shuningdek barqaror rivojlanish va farovonlikni mustahkam xavfsizlik asosida ta’minlashga qaratilgan eng samarali hamkorlik yo‘llari muhokama qilingan.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Toshpo‘latov va Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv tashkil etilgan.

Tadbirda tomonlar ichki ishlar organlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, amaliy natijalari va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Muzokaralar davomida tomonlar transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor va samarali axborot almashish, migratsiya masalalari, ilg‘or tajriba va zamonaviy usullarni joriy etish borasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashganini alohida ta’kidlagan. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida kiberjinoyatchilikka qarshi kurash masalalari keng muhokama qilingan. Tomonlar raqamli xavf-xatarlarga qarshi samarali choralar ko‘rish, kiberjinoyatlarni fosh etishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, raqamli kriminalistika yo‘nalishida maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish hamda bu sohada muntazam tajriba almashib borish muhim ekanini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi kabi xalqaro miqyosdagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘lgan.

Ayniqsa, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tarkibida yangi tashkil etilgan Kriminologiya tadqiqot instituti bilan Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Jandarmeriyasi huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu yo‘nalishda qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, tahliliy materiallar almashish va ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish istiqbollari belgilangan.
Uchrashuv yakunida migratsiya jarayonlarini tartibga solish, fuqarolarning o‘z davlatlariga qaytishiga ko‘maklashish hamda bu borada o‘zaro muvofiqlashgan chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolangan.
Tashrif dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Turkiyaning huquqni muxofaza qilish organlari muassasalari faoliyati bilan batafsil tanishgan.

Jandarmeriya Bosh qo‘mondonligining Kuzatuv markazida, jamoat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarga tezkor javob qaytarish, monitoring va boshqaruvning zamonaviy tizimlari bilan tanishilgan.

Milliy Politsiya akademiyasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, o‘quv jarayonlariga innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha Turkiya tajribasi atroflicha o‘rganilgan.
Politsiya maxsus vazifalarni bajaruvchi bosh boshqarmasiga ham tashrif uyushtirilgan. Unda maxsus bo‘linmalarning jismoniy va taktik tayyorgarligi, zamonaviy texnika va jihozlardan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek maxsus operatsiyalarni o‘tkazish amaliyoti namoyish etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anqarada bo‘lib turgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov, Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov va Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Bahodir Qurbonovdan iborat delegatsiya Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qabulida bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi