O‘zbekistonda 6244 kishi giyohvandlik vositalari sabab qo‘lga olindi
3-sahifa
−
13 mart 1791 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yil davomida giyohvandlik vositalari sabab 6244 nafar kishi qo‘lga olingan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Oliy Sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadisiz tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan 6244 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, o‘tgan yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 3 tonna 413 kg narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qo‘yilgan. Shundan 2 tonna narkotiklarning kontrabanda yo‘li bilan olib kelinishiga chek qo‘yilgan. Fosh etilgan 15 ta yashirin narkolalaboratoriyalardan jami 75 kg giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, 84 litr prekursorlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
95 ta dorixonalarda tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan jami 18,4 ming dona, 166 million so‘mlik dori vositalari noqonuniy realizatsiya qilinganligi aniqlanib, ular bo‘yicha 93 ta jinoiy va 2 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda aniqlangan narkojinoyatlar soni boshqa mamlakatlarga nisbatan ko‘p. Ammo qo‘lga olingan narkotiklar miqdori miqdori kam. Buning asosiy sababi sifatida respublikada giyohvandlik vositalarining eng kam miqdori – 1 mg miqdori ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi aytilgan. Boshqa mamlakatlarda esa bu miqdor 1-2 grammni tashkil etadi. Ungacha bo‘lgan miqdor esa ma’muriy javobgarlik sifatida belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025 yilda 37 nafar hokim yordamchisi korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar berilgan edi.