O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha strategiya tasdiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha strategiya va harakatlar rejasi tasdiqlandi. Bu haqda bugun, 17 dekabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning amaliy va tizimli ijrosini ta’minlash, shuningdek bolalarning xavfsizligi va qo‘llab-quvvatlanishini kafolatlaydigan barqaror mexanizmni shakllantirishga qaratilgan.

Strategiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarish doirasidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingach, O‘zbekiston Bogota chaqirig‘iga qo‘shilgan hamda Pathfinding xalqaro alyansiga a’zo bo‘lgan. Bu esa mamlakatning bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan mutlaqo murosasiz pozitsiyasini tasdiqlaydi.

Strategiya zo‘ravonlikning barcha shakllarini qamrab oladi hamda INSPIRE xalqaro yondashuvlariga, ilg‘or jahon tajribasi va eng yaxshi amaliyotlarga asoslanadi. Hujjat ishlarning to‘liq jarayonni – zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, tezkor javob choralarini ko‘rish, profilaktika va monitoringni o‘z ichiga oladi.

“Bugungi kun men va jamoam uchun alohida ahamiyatga ega. Prezidentimiz tomonidan “2026-2030 yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Ushbu hujjat ustida jamoamiz bilan katta va mas’uliyatli ish amalga oshirildi. Bolalarni ishonchli tarzda himoya qiladigan samarali tizimni shakllantirish maqsadida jahon tajribasi va eng ilg‘or amaliyotlar chuqur o‘rganildi”, deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.

Uning bildirishicha, 2026 yildan boshlab professional tutingan oilalar bilan ish boshlanadi. Bolalar psixologlar va huquqshunoslar yordamini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi, oilalar esa zarur ko‘mak va oilaviy terapiya xizmatlari bilan ta’minlanadi. Oilani parchalash emas, balki uni qo‘llab-quvvatlash va qayta tiklanishiga yordam berish ustuvor vazifa hisoblanadi. Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini to‘liq yopish bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilingan. Ularning o‘rnida antiijtimoiy xulq-atvorga ega bolalar uchun ijtimoiy integratsiya markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlarda asosiy e’tibor jazolashga emas, balki bolalarni jamiyatga moslashtirish va sog‘lom hayotga qaytarishga qaratilgan bo‘ladi.

“Men uchun eng ahamiyatli o‘zgarishlardan biri, shubhasiz, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlardir. Tergov va sud jarayonlari jabr ko‘rgan bola uchun qo‘rquv yoki og‘riq manbaiga aylanmasligi kerak. Bu keng ko‘lamli islohotlarning faqat bir qismi. Ushbu muhim va mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda hissa qo‘shgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi jamoasiga hamda barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman”, deydi Shahnoza Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mas’ul rahbarlar bilan ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, ularga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish, erta homiladorlik sabablari va ularning oldini olish choralari kabi dolzarb masalalarni muhokama qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

bolalar strategiya zo'ravonlik Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing