O‘zbekistonda “sun’iy intellekt-maktab”, Suriyada tiklanadigan muzey – UNESCO’da nimalar taklif qilindi?
Intervyu
−
31 Oktabr 4160 7 daqiqa
O‘zbekistonda “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasi ishga tushadi, Suriyada Alep muzeyi qayta tiklanadi, Ukrainada madaniy yodgorliklarni asrab qolishga harakat qilinadi. Bular 30 oktyabr kuni Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslar.
UNESCO Bosh direktori Odri Azule sessiyaning ochilish marosimida so‘zga chiqar ekan, o‘zbekcha tashakkur bildirdi va tashkilotning faoilyati, uning rahbarligi davomida UNESCO resusrlari 82 foizga oshgani, Samarqanddagi sessiyaga esa oldingilaridan ko‘proq – 181 davlatdan 4500 dan ortiq akkreditatsiyadan o‘tgan ishtirokchilar yig‘ilganini ma’lum qildi
“O‘tgan sakkiz yil ichida, hatto AQSHning qisqa muddatli ishtirokisiz ham, UNESCO o‘z resurslarini 800 million dollarga, ya’ni 82 foizga oshirdi, bu asosan ko‘ngilli badallar uch barobar ko‘paygani tufaylidir.
Bu mablag‘lar deyarli barcha a’zo davlatlarga foyda keltirdi.
Bu esa sizlarning bizning strategik va amaliy yo‘nalishlarimizni qo‘llab-quvvatlayotganingizni ko‘rsatadi.
Men bu fursatdan foydalanib, so‘nggi sakkiz yildagi eng yirik donorlar — Shvetsiya, Yevropa Ittifoqi va Jahon bankining Global ta’lim hamkorligi dasturiga alohida minnatdorchilik bildiraman.
Kelajak haqida o‘ylash — bu ayni paytda hozirgi zamon haqiqatiga va uning xavf-xatarlariga yuz tutishdir. Shu ma’noda, so‘nggi yillarda UNESCO inqiroz hududlarida va ularning oqibatlarida faoliyat yuritish uchun haqiqiy o‘zgarish jarayonini boshdan kechirdi.
Mosulda shakllangan va keyinchalik boshqa joylarda ham qo‘llangan bu kompleks yondashuv UNESCO’ning o‘z a’zolari — davlatlarning eng dolzarb, eng muhim ehtiyojlariga javob bera olganini ko‘rsatadi. Ya’ni, biz tobora ko‘payib borayotgan inqirozli muhitlarda faoliyat yuritish zaruratiga moslashdik.
Biz, shuningdek, Ukrainadagi mojaro yaqinida ham madaniyatni himoya qilishdan tortib, o‘qituvchilarni tayyorlash va jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda o‘z mandatimiz doirasidagi barcha vositalardan foydalanib ish olib bormoqdamiz.
Suriyada, men sizlarga Alep muzeyini qayta tiklash bo‘yicha yangi tashabbusni e’lon qilayotganimdan mamnunman. Bu Italiya tomonidan ko‘rsatilgan yordam evaziga amalga oshiriladi, buning uchun Italiyaga minnatdorlik bildiraman. Bu tashabbus shu yozda Damashq milliy muzeyi uchun boshlangan ishlarning davomi hisoblanadi.
Bugun UNESCO’ning mandati — bu dunyo hanuzgacha xalqaro hamjamiyat sifatida birlashishi mumkin bo‘lgan yagona mandat, ruhda, so‘zda va amalda. Bu mandat — xazina, va men sizlarning barchangizdan uni asrab-avaylashni va yanada rivojlantirishni davom ettirishingizni so‘rayman”, dedi u.
UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Prezidenti Xondker Talha esa O‘zbekiston Prezidentiga so‘z berar ekan, Shavkat Mirziyoyevni hayot yo‘li haqiqiy davlat arbobi yo‘li ekanini, u ilm, ma’muriy donolik va mamlakat taqdiriga chuqur mas’uliyat tuyg‘usini uyg‘unlashtira olganganini aytdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyevni so‘zga taklif etish men uchun katta sharafdir.
Buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy shunday yozgan edi:
“Bilim va donolik — insonning eng go‘zal bezagidir.”
Bu so‘zlar O‘zbekiston Prezidentining yo‘lini mukammal ifodalaydi — bu yo‘l ilm, fan, meros, xalq xizmatiga va umumiy ezgulik yo‘liga bag‘ishlangan.
Bu qadriyatlar UNESCO’ning ideal va maqsadlari bilan chuqur hamohangdir, shu bois Janob Prezidentning bugungi ishtiroki ayniqsa muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Prezidentining hayot yo‘li — bu haqiqiy davlat arbobi yo‘li, u ilmiy bilim, ma’muriy donolik va mamlakat taqdiriga chuqur mas’uliyat tuyg‘usini uyg‘unlashtira olgan.
O‘zining boy amaliy tajribasi va strategik qarashlariga tayangan holda, u zamonaviy O‘zbekiston rivojlanish konsepsiyasini shakllantirdi va uni xalq farovonligi yo‘lida izchil amalga oshirmoqda.
Uning rahbarligida mamlakat barcha sohalarda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi.
O‘zbekiston tashqi dunyoga ochildi, izolyatsiya o‘rniga muloqot va faol diplomatiyani tanladi, sha’n va inson qadr-qimmatini ulug‘lab, har bir fuqaroning farovonligini ta’minlash yo‘lida harakat qilmoqda”, dedi u.
Shundan so‘ng Prezident Mirziyoyev so‘zga chiqdi va qator takliflarni ilgari surdi.
“UNESCO’ning global maqsadlariga erishish va ko‘p qirrali hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.
Kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha qator takliflarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda.
Jismoniy va ijtimoiy xususiyatlaridan qat’i nazar, har bir bolaga ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlarni yaratib berish juda muhimdir. Bu borada UNESCO’ning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Ta’lim sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratish maqsadida Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish bo‘yicha rejamizni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb ishonamiz.
Axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan va kreativ fikrlaydigan yangi avlodni tarbiyalash ustuvor vazifamizdir. Sun’iy intellektni ta’lim tizimiga keng joriy etish maqsadida yurtimizda UNESCO ishtirokida “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirishga tayyormiz.
Shuningdek, UNESCO shafeligida barcha qit’alarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazishni taklif etamiz.
Ikkinchidan, insoniyatning bebaho xazinasi bo‘lgan jahon nomoddiy madaniy merosini saqlab qolish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishimiz zarur.
Bunday noyob meros ob’ektlari bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiyoti, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlarni saqlash, ularning barcha uchun ochiqligini ta’minlash maqsadida yaratilgan UNESCO’ning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Dunyo ma’naviy xazinasini jamlagan ushbu dastur yaratilgan sanani har yili nishonlash maqsadida 19-noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni”, deb e’lon qilishni, shuningdek, UNESCO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etishni taklif qilamiz.
Ma’lumki, qadimiy Buxoro hunarmandchilik bo‘yicha YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmog‘ining a’zosi hisoblanadi. Biz ushbu shaharda 2027-yili mazkur yo‘nalishda xalqaro kongressni qabul qilishga tayyormiz.
Uchinchidan, xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash uchun global dasturlarni faol ishga tushirish, ayniqsa, muhimdir.
UNESCO statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda ilmiy va madaniy muassasalar rahbarlarining 25 foizi, ta’lim sohasi boshqaruvchilarining 30 foizi, tadqiqotchilarning 33 foizi xotin-qizlardir. Bu esa ayollar huquqlarini ta’minlashda, afsuski, tengsizlik hamon saqlanib qolayotganini tasdiqlaydi.
Vaholanki, gender tengligi UNESCO’ning fundamental, ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, Tashkilotning barcha tashabbuslari unga integratsiya qilinishi zarurligi belgilab qo‘yilgan. Bu borada a’zo davlatlarning eng ilg‘or tajriba va amaliyotini o‘rganish, bilimlar almashish maqsadida Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha UNESCO akademiyasini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Shuningdek, Samarqandda barcha qit’alarning mashhur tadqiqotchilari, san’at namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini o‘tkazishni taklif etamiz.
To‘rtinchidan, iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish ham dolzarb masaladir.
O‘rtacha haroratning sezilarli darajada ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, cho‘llanish, tuproq qatlamlari yemirilishi, urbanizatsiya jarayonlari madaniy meros ob’ektlarining holatiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida e’tirof etish va rag‘batlantirish bo‘yicha “UNESCO’ning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari suramiz. Bundan tashqari, UNESCO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz. Mazkur masala bo‘yicha Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyormiz.
Beshinchidan, virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish jiddiy zaruratga aylanmoqda.
Raqamli transformatsiya muhitida dunyoqarashi shakllanayotgan yosh avlodning eng yaxshi ijodiy ishlari, multimedia g‘oyalarini o‘zaro almashish uchun Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusini bildiramiz.
Ma’lumotlarni tahliliy idrok etish, yoshlarni manipulyatsiyadan himoya qilish, axborot shaffofligini ta’minlash maqsadida YUNESKOning Media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Yana bir masala. Dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim.
Islom madaniyati va ma’rifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqiramiz.
Qadrli do‘stlar!
Bugungi anjuman hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash, barqaror rivojlanish bo‘yicha global hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish borasida ulkan amaliy qadam bo‘lishiga aminman.
Hech shubhasiz, UNESCO’ning boqiy an’ana va qadriyatlaridan kuch olayotgan “Samarqand ruhi” bizni umumiy taraqqiyot sari yanada birlashishga undaydi.
Bu ezgu yo‘lda barchangizga yangi omad va zafarlar, UNESCO sessiyasi ishiga esa muvaffaqiyat tilayman”, dedi Mirziyoyev.
Live
Barchasi