O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini rasmiylashtirish uchun qancha to‘lov qilish kerak?
Jamiyat
−
02 noyabr 2024 26443 4 daqiqa
Joriy yil 5 avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun imzolangan va ushbu qonunga muvofiq, joriy yilning 8 noyabridan o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga egalik huquqi berilishi belgilangan. Shunga asosan, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini rasmiylashtirish uchun to‘lov miqdori qanchaligi ochiqlandi. Bu haqda Davlat kadastrlari palatasi Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Izzatulla Rahimovga tayanib, O‘zA xabar berdi.
Qonunda yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish nazarda tutilgan. Ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Adliya boshqarmalari tomonidan maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda Kadastr agentligi tomonidan tegishli shaxslarning telefon raqamiga bir martalik to‘lovni yigirma ish kuni ichida to‘lash to‘g‘risidagi xabarnoma avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlardan bir martalik to‘lov undiriladi.
Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman-shahar komissiyalari tomonidan e’tirof etish mumkin deb topilgan hollarda yoki uni e’tirof etish rad etilgani yoxud arizalarning ko‘rib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tgani sababli yakuniga yetmagan hollarda bir martalik to‘lov undiriladi.
Qolaversa, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turarjoylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga, fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi:
- Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari;
- Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
- viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari;
- boshqa aholi punktlarida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida.
Bir martalik to‘lovni to‘lashdan quyidagi shaxslar ozod etiladi:
- bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov belgilangan to‘lovning ellik foizi miqdorida undiriladi.
Agar bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman-shahar komissiyalari tomonidan shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish mumkin deb topish belgilangan xulosasiga asosan dalolatnoma shakllantirilgan, biroq bir martalik yig‘im undirilmagan yoki to‘liq hajmda undirilmagan bo‘lsa, u holda bir martalik to‘lov ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq undiriladi. Bunda bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida undirilgan bir martalik yig‘im summasi inobatga olinadi.
Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida to‘langan bir martalik yig‘im va ushbu qonun doirasida undiriladigan bir martalik to‘lov o‘rtasidagi farq qaytarilmaydi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining o‘rtacha bozor qiymati yer uchastkalaridan foydalanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 0,01 gektar maydon uchun fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklari bo‘yicha har yili yanvar va iyul oylarida belgilanadi. Uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi hamda avtomatlashtirilgan axborot tizimiga taqdim etiladi. Bunda tegishli hududda oxirgi o‘n ikki oyda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini sotish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlardagi o‘rtacha narxlar, elektron onlayn-auksion o‘tkazilmagan hududlar uchun esa tegishli tuman-shahar yoki yuqori turuvchi ma’muriy-hududiy birliklar bo‘yicha o‘rtacha narxlar ijara muddatiga ko‘ra tuzatish kiritilgan holda asos sifatida qabul qilinadi.
Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov belgilangan muddatlarda to‘lanmagan taqdirda, ularning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risidagi ishlar to‘xtatib turiladi.
Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov to‘langan taqdirda, elektron yig‘majild, ma’lumotlar va hujjatlar tayyorlangan ijobiy xulosalar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada ko‘rib chiqish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
Live
Barchasi