Vuchich Yevropa Rossiya bilan urushga tayyorlanayotganini aytdi

Olam

image

Yevropadagi barcha davlatlar Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorlanmoqda. Bu haqda kecha, 11 noyabr kuni Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich “Pink” telekanali efirida so‘z ochdi.

“Men faktlarni tahlil qilar ekanman, Yevropa bilan Rossiya o‘rtasidagi urush tobora aniq bo‘lib bormoqda, degan xulosaga keldim. Bu shunchaki so‘z emas. Hammaning unga tayyorgarlik ko‘rayotgani ayon”, deydi Vuchich.

U bu so‘zlarni Fransiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general Faben Mandonning “fransuz armiyasi uch-to‘rt yil ichida Rossiya bilan to‘qnashuvga tayyor bo‘lishi kerak”, degan bayonotiga izoh berar ekan aytgan. Vuchich Mandonni “nihoyatda mas’uliyatli general”, deb atagan. 

“Biz armiyani kuchaytirishda davom etishimiz kerak. Qurollanayotgan bo‘lsak ham buni aql bilan qilayapmiz. Yurtimizni himoya qilish uchun katta mablag‘ sarflashni davom ettirishimiz zarur”, deydi u.

Bungacha ham Serbiya Prezidenti G‘arb mamlakatlarining Rossiya bilan qurolli to‘qnashuvga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgan. Shu bilan birga, u hech kim Moskvaga “yerda” qarshi urush olib borishga tayyor emasligini, biroq barchasi buni masofadan amalga oshirishni rejalashtirayotganini ta’kidlagan. Vuchichning fikricha, Yevropa siyosatchilari Moskvani dushman sifatida ko‘rmoqda va shunga mos ravishda hukumatlar shakllantirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevrokomissiyaning amaldagi tarkibi ham xuddi shunday tarzda tuzilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Rossiya bilan mumkin bo‘lgan urushga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mudofaasini kuchaytirayotgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, Polsha mudofaa byudjetini so‘nggi ikki yil ichida 2022 yilga nisbatan uch baravarga oshirgan. Mamlakat raketa va artilleriya tizimlari kabi qurol-aslaha xaridlarini ham ko‘paytirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Vuchich urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing