Yaponiya ikki o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi
Jamiyat
−
26 aprel 4060 2 daqiqa
Joriy yilning 24 aprelida Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda O‘zbekistonning mamlakatdagi elchixonasi xabar berdi.
Fuqarolardan biri Yaponiyaga “talaba” vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan haydalganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va rasmiylar tomonidan hibsga olingan. Yana bir fuqaro qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan.
Yapon diplomatlarining qayd etishicha, qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash taqiqlangan. Talaba vizasini olib borganlar esa, agar o‘qishdan chetlatilsa, Yaponiyada yashash maqomi bekor qilinadi.
“Yaponiyaga “Turizm” yoki “Talaba” maqomidagi viza bilan kirib, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan chaqiruvlar butunlay yolg‘on. Shu kabi yolg‘on maqsadlar bilan Yaponiyaga kirishga yo‘l qo‘yilmaydi. “Talaba” vizasi ishlash uchun emas, balki faqatgina mamlakatda o‘qish uchungina beriladi. Agarda mamlakatda noqonuniy ravishda yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular politsiya tomonidan hibsga olinadi va bunday shaxslarga nisbatan immigratsiya muassasasida ushlab turish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, Yaponiya hukumati – shu kabi shaxslar haqida O‘zbekiston hukumatiga ma’lumotlarni berib borayotganligi sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi