YeI Vengriya va Slovakiyani Rossiya gazidan mahrum qilmoqchi – “Politico”

Olam

image

Bugun, 20 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi davlatlarining Energetika vazirlari ittifoqqa a’zo barcha mamlakatlarni Rossiya gazidan voz kechishini nazarda tutuvchi loyihani avtomatik tarzda ma’qullashi kutilmoqda. Bu haqda diplomatik manbaga tayanib, “Politico” xabar berdi. 

Nashrga ko‘ra, ushbu tashabbusga Vengriya va Slovakiya qarshi chiqmoqda, chunki ular bu qaror ulkan moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan. Moskva esa bu kabi sanksiyalarni qat’iy qoralamoqda.

Rossiya gazini yetkazib berishni to‘liq taqiqlashga oid qonun loyihasi Vengriya va Slovakiya qarshiligiga qaramasdan avtomatik ravishda ma’qullanadi. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, vazirlar mazkur ikki mamlakat qarorlarini inkor etishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatuvchi signal yubormoqda.

“Biz ularning qarshiligiga qaramasdan kelishuvga erishamiz. Bu oson masala emas, ammo muvaffaqiyat qozonishimizga ishonaman”, deydi manba.

“Reuters” ning yozishicha oktyabr oyi boshida YeIga a’zo mamlakatlar elchilari yopiq yig‘ilishda 2028 yilga qadar Rossiya nefti va gazi importidan voz kechish rejasini qo‘llab-quvvatlagan va uni YeIga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlariga tasdiqlash uchun yuborgan. Rejaga ko‘ra, Yevropa qonunchiligiga o‘zgartishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, u barcha YeI davlatlarini, jumladan Vengriya va Slovakiyani ham Rossiya energiya manbaalaridan voz kechish bo‘yicha milliy dasturlar ishlab chiqishga majbur qiladi.

Oktyabr oyi boshida Bratislava shahrida bo‘lib o‘tgan 18-Yevropa yadroviy forumida Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Yevrokomissiya taqdim etgan rejani tanqid qilgan. Siyosatchining ta’kidlashicha, yevropaliklar bu bilan “o‘z oyoqlariga o‘q uzmoqda”. Unga ko‘ra, mamlakatning “Gazprom” bilan 2034 yilgacha amal qiladigan uzoq muddatli shartnomasi mavjud.

Budapesht ham YeIning Rossiya gazidan voz kechish rejalariga qarshi chiqmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya gazidan voz kechish Vengriyaga YAIMning 4 foizi, ya’ni 10 milliard dollar atrofidaga tushishi mumkin. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning ta’kidlashicha, Vengriya Rossiyadan kelayotgan gazga qo‘shimcha ravishda g‘arblik ta’minotchi bilan ham kelishuv imzolamoqda.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda Yevrokomissiya “RePowerEU ” rejasini taqdim etgan. Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiyadan neft va gaz import qilishni to‘liq to‘xtatishi lozim. Bu jarayon 2028 yil boshiga qadar amalga oshirilishi kutilmoqda.

Qayd etish joiz, Slovakiya Vengriya bilan birgalikda “Turkiya oqimi” orqali yetkazib beriladigan Rossiya gazini faol ravishda xarid qiladi . Bu ta’minotdan voz kechish texnologik muammolar, iqtisodiy yo‘qotishlar va oxirida ikki mamlakatda iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiya gazidan voz kechish muddatini ko‘chirib, buni 2027 yil yanvar oyigacha amalga oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

gaz Rossiya Evropa Ittifoqi Energetika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing