Yevropa Rossiyani NATO havo hududini buzishdan keskin ogohlantirdi
Olam
−
26 Sentabr 3730 2 daqiqa
Yevropa diplomatlari Kremlni NATO havo hududining keyingi buzilishiga keskin javob berishga, jumladan, Rossiya samolyotlarini urib tushirishga tayyorligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Moskvada o‘tgan uchrashuvda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya vakillari Rossiyaning MiG-31 qiruvchi samolyotlari Estoniya havo hududiga bostirib kirganidan xavotir bildirgan. Suhbatdan so‘ng ular qoidabuzarlik rus qo‘mondonlari tomonidan ataylab qilingan taktika bo‘lgan, degan xulosaga kelgan.
Shuningdek, NATO havo hududiga Rossiya dronlari bostirib kirsa, NATOga a’zo davlatlar o‘zining hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi va xavfsizligi tahdid ostida deb hisoblashi ta’kidlangan.
Rossiya rasmiylari o‘z samolyotlarining Estoniya havo hududiga o‘tganini rad etgan va dronlarning Polsha hududiga o‘tib ketishi xatolik ekanligini aytgan. Shuningdek, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya harbiy parvozlarda xalqaro qoidalarga amal qilishini aytgan.
Nashrning yozishicha, muzokaralar davomida rossiyalik diplomat havo hududining buzilishi Ukrainaning anneksiya qilingan Qrimga hujum qilayotganiga reaksiya bo‘lganini aytgan. Ta’kidlanishicha, bu operatsiyalar NATO ko‘magisiz amalga oshirilmaydi va buning oqibatida Rossiya allaqachon Yevropa davlatlari bilan qarama-qarshilikka uchragan.
Germaniya hukumati rasmiysi uchrashuvda Moskvaga bosqinlarni to‘xtatish kerakligi aytilganini tasdiqlagan. Buyuk Britaniya va Fransiya vakillari uchrashuv haqida izoh bermagan.
“Agar NATO Rossiya samolyotini alyans havo hududini buzish bahonasida urib tushirsa, bu urush degani”, deb aytgan Rossiyaning Fransiyadagi elchisi Aleksey Meshkov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp agar NATO davlatlari Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatsa, u Rossiyaga qarshi “jiddiy sanksiyalar” qo‘yishga tayyor ekani haqida aytgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr