Yuridik universitetda endi dekanlar saylanadi

Jamiyat

image

Toshkent davlat yuridik universitetida fakultet dekanlari va departament boshliqlarini saylash amaliyoti joriy etiladi. Bu haqda 2025 yil 26 noyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi. Ular 2 o‘quv yiliga saylanadi hamda bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.

Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani o‘rinbosarlari hisoblanadi. Sho‘’balar professor-o‘qituvchilar tarkibidan iborat bo‘lib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.

2026/2027 o‘quv yilidan universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etiladi. Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkaziladi.

2027/2028 o‘quv yilidan “Yurisprudensiya” yo‘nalishi mavjud boshqa davlat oliy ta’lim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Farmonga ko‘ra, universitetda ta’lim – tadqiqot – amaliyot integratsiyasini ta’minlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida shu’balar tashkil etiladi. Tadqiqot markazlari fakultetlar yo‘nalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat bo‘ladi, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi.

Farmonga ko‘ra, universitet 3- va 4- kurs talabalarini davlat tashkilotlari, notariat va advokatlik tuzilmalariga ish yurituvchi, yuriskonsult yordamchisi sifatida ishga qabul qilishga ruxsat etiladi.

Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan universitetda sun’iy intellekt asosida dars sifatini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda elektron ta’lim platformasida:

  • Talabalarning oraliq bilimi darajasini aniqlash mexanizmi belgilanadi;
  • yakuniy nazorat ishlarini sun’iy intellekt tomonidan baholash yo‘lga qo‘yilib, inson omili cheklanadi;

Universitetda “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi. Bunda:

  • Mazkur yo‘nalishga o‘qishga qabul qilish tanlovlari ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda IQ test tartibida o‘tkaziladi;
  • tanlovda chet tillari bo‘yicha V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etadi;
  • o‘quv jarayoni ingliz va boshqa tillarda olib boriladi.

Farmonga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan:

  • Universitetga universitet huzuridagi akademik litsey, yuridik texnikum bitiruvchilari hamda oliy ma’lumotga ega shaxslar uchun ular tanloviga ko‘ra kirish mumkin bo‘lgan bakalavr yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashning maxsus 3 yillik ta’lim dasturi joriy etiladi;
  • Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey tashkil etiladi.

2026/2027 o‘quv yilidan:

  • “Yurisprudensiya” hamda “Davlat va jamiyat boshqaruvi” ta’lim yo‘nalishida bakalavr darajasiga ega shaxslarga qayta tayyorlov kurslaridan o‘tmasdan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat va huquq asoslari fani bo‘yicha dars berishga ruxsat etiladi;
  • huquq fanidan bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovi tashkil etilib, uning natijalari asosida davlat namunasidagi sertifikat berish tartibi joriy etiladi.

2026 yil 1 martdan universitetda “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishidan boshqa turdosh ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari uchun 2 yillik magistratura mutaxassisligi joriy qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Yuridik universitet dekan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing