Jahon banki O‘zbekistonga 10,6 mln dollar ajratdi

Jamiyat

image

Jahon banki O‘zbekistonga gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish uchun $10,6 mln miqdorida grant ajratdi. Bu haqda bankning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Grant mablag‘lari Jahon bankining Global Flaring and Methane Reduction dasturi hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish loyihasiga yo‘naltiriladi. Loyiha “O‘ztransgaz” AJ boshqaruvidagi gaz uzatish tarmoqlarida sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etish jarayonlarini joriy etishga yordam beradi.

Loyiha doirasida 2029 yilgacha ta’mirlash ishlari orqali qariyb 47,5 ming tonna gaz yo‘qotilishining oldini olish rejalashtirilgan. Bu esa taxminan $18 million miqdorida mablag‘ni tejash imkonini beradi. Tejalgan mablag‘larning katta qismi uzoq muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirishga, jumladan, gaz uzatish tizimida sizib chiqishni aniqlash va bartaraf etishga yo‘naltiriladi.

Loyiha, shuningdek, “O‘ztransgaz” AJga zamonaviy uskunalar sotib olish va xodimlarni o‘qitishga sarmoya kiritish orqali ish samaradorligini oshirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, metan emissiyalarini xalqaro standartlar bo‘yicha o‘lchash va hisobot berish tizimi joriy etiladi.

Grant mablag‘lari “O‘ztransgaz” AJ gaz yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha uzoq muddatli chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun ishlatiladi va maxsus jamg‘arma orqali boshqariladi. Jamg‘arma tejalgan gazni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan to‘ldiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “M-25” konining 202-sonli gaz qudug‘ida gaz sizib chiqqani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jahon banki Surxondaryo viloyati Boysun “O'ztransgaz” AJ Grant mablag'lari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing