Jinoyatlar ko‘paygani yo‘q, aniqlash mexanizmi kuchaydi – Zokirjon Almatov
Jamiyat
−
13 fevral 2744 2 daqiqa
Bugun, 13 fevral kuni Toshkent shahar IIBB Kinologiya markazida o‘tkazilgan press-tur davomida Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokir Almatov narkojinoyatlar statistikasi va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari yuzasidan bayonot berdi.
Rasmiyning ta’kidlashicha, narkotik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar sonining oshishi jinoyatchilik kuchayganini anglatmaydi. Aksincha, bu holat mazkur turdagi qonunbuzarlikni aniqlash va fosh etish mexanizmi samaradorligi oshganidan dalolat beradi.

Narkojinoyatlar asosan ichki ishlar organlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari orqali aniqlanadi. Boshqa jinoyatlar sodir etilgandan keyin ro‘yxatga olinsa, mazkur toifadagi huquqbuzarliklar ko‘pincha profilaktik va tezkor choralar natijasida fosh etiladi. Bu esa sohada tizimli ish yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
“Agar biz jonimizni jabborga berib ishlamasak, bunday jinoyatlar ochilmaydi, aksincha, kengayib ketadi. Narkobiznes — bu korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikning bir ko‘rinishi. Qo‘shni davlatlardan narkotik moddalarni olib kirish, ularni yashirish va maxfiy signallar orqali tarqatish ortida uyushgan guruhlar turibdi. Shu bois, har bir fosh etilgan holat orqali biz jinoyatchilik ildiziga zarba beramiz”, dedi maslahatchi.
Press-tur davomida korrupsion holatlarni tasniflash masalasi ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, kelgusida sovg‘a yoki hadya ko‘rinishidagi pora olish holatlari bilan mansabdor shaxs rahbarligidagi tizimli poraxo‘rlikni alohida kategoriyalarga ajratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, davlat idoralarining yuqori bo‘g‘inida byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari oddiy poraxo‘rlik sifatida emas, balki uyushgan jinoyatchilikka asoslangan korrupsion tizim sifatida baholanishi lozimligi ta’kidlandi.
Live
Barchasi