Amerikaning O‘zbekistonga talabi nima? AQSH elchisi bilan ilk intervyu

Intervyu

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistonga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik Qalampir.uz tahririyatiga tashrif buyurdi va mahalliy matbuotga ilk intervyusini berdi. Qalampir.uz muxbiri O‘zbekistondagi so‘nggi siyosiy jarayonlar, mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat hamda xalqaro siyosat borasidagi bir qator savollar bilan elchiga yuzlandi. 

Shahzod Nusratullayev, muxbir: —  Avvalo, muhtaram janob, Qalampir.uz’ga intervyu berishga vaqt ajratganingiz uchun sizga katta rahmat. Biz AQSH hukumati va Toshkentdagi AQSH elchixonasining O‘zbekistondagi so‘z erkinligi, mustaqil ommaviy axborot vositalarini muntazam qo‘llab-quvvatlash borasidagi xatti-harakatlarini doimo qadrlaymiz. Sobiq AQSH elchisi, janob Rozenblum vakolat muddati tugashidan oldin bizning ofisimizda bo‘lgan edi. Elchi o‘zining samimiy fikrlarini biz bilan o‘rtoqlashgan va O‘zbekistondagi so‘nggi intervyusini Qalampir.uz saytiga bergan edi. Umid qilamizki, biz siz bilan ham buni an’anaga aylantira olamiz. 

Jonatan Henik, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi: — Menimcha ham, bu ajoyib g‘oya

Sh.N.: — Bizda O‘zbekistonning tashqi siyosati, O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat haqida juda ko‘p savollar bor. Avvalo, bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi vaziyat qanday?

J.H.: — So‘zimni boshlab shuni aytolamanki, biz ommaviy axborot vositalari erkinligi va mustaqil ommaviy axborot vositalarini fundamental jihatdan muhim ekanligiga ishonamiz. Ayniqsa, amaldagi Prezident Mirziyoyev bu sohada o‘zining muhim islohotlarini davom ettirmoqda, deb o‘ylayman. Sizniki kabi tashkilotlar muhim tanqidiy rol va tushunchani ta’minlaydi va shu bois, bugun siz bilan birga bo‘lishdan mamnunman. O‘zbekiston bilan munosabatlarimizga kelsak, shuni mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, munosabatlarimiz hech qachon bundanda yaxshi bo‘lmagan. Siz bilasizki, Davlat kotibi Blinken bir necha hafta oldin bu yerga tashrif buyurdi. U Tashqi ishlar vaziri, Prezident bilan uchrashdi. Men o‘sha uchrashuvlarda qatnashdim. Haqiqatdan ham biz iqtisodiy, xavfsizlik, siyosiy, inson huquqlari masalalarini to‘liq qamrab olgan suhbatlar quroldik. Biz oldin hech qachon bu qadar mazmunli va samarali muloqotda bo‘lmaganmiz. Ushbu uchrashuvlar chog‘ida har ikki tomon ham munosabatlarimizni mustahkamlashda ulkan salohiyatga ega ekaniga va uni safarbar etishga kelishib oldilar.

Sh.N.: — O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida katta davlatlar O‘zbekistondan katta siyosatda u yoki bu tomonni tanlashni so‘rayotganini aytgan edi. Bu AQSH Davlat kotibi janob Blinkenning yaqinda O‘zbekistonga qilgan tashrifi bilan bog‘liqmi?

J.H.: — Aytganimdek, men kotib Blinkenning barcha uchrashuvlarida shaxsan qatnashdim va shu bois mutlaqo yo‘q, deb javob bera olaman. Biz hech qachon bunday fikrni ilgari surmaganmiz – bu mutlaqo haqiqatga zid. Davlat kotibi Blinken O‘zbekiston mustaqilligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor ta’kidladi. Biz O‘zbekiston o‘zining barcha qo‘shnilari bilan samarali va ijobiy munosabatlar o‘rnatish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerakligini tushunamiz va O‘zbekistonning hamkorlaridan biri ekanimizdan nihoyatda mamnunmiz. 

Sh.N.: — Janob Blinken AQSH O‘zbekiston va Qozog‘istonni Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar oqibatlarini bartaraf etishda qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Ma’lumki, Rossiyada millionlab o‘zbek mehnat muhojirlari bor va ularning O‘zbekistonga yuborayotgan pullari iqtisodiyotimizning jiddiy qismini tashkil etadi. Janob Blinkenning fikriga asoslansak, Qo‘shma Shtatlarda o‘zbek mehnat muhojirlari sonini ko‘paytirish niyati bormi? Greyen karta tizimi yoki ishchi vizalari bilan?

J.H.: — Biz imkon qadar ko‘proq o‘zbekistonliklarning AQSHga sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini istaymiz. Siz Greyen karta haqida gapirdingiz. Bilasizki, Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham etnik o‘zbek bo‘lgan amerikaliklarning salmoqli va o‘sib borayotgan guruhi bor. Shu sabab, ikki o‘rtada tobora ko‘p sayyohlar almashinuvini ko‘rishni xohlaymiz, tobora ko‘proq ishbilarmonlarning bordi-keldi qilishlarini istaymiz.  Bunday almashinuv – ikki millat o‘rtasidagi almashinuv – ikki tomonlama sog‘lom munosabatlar uchun juda muhimdir. Ammo ish masalasiga kelsak, Prezident Mirziyoyevning harakati bilan O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirishga ko‘maklashish, o‘zbeklar O‘zbekistonda qolishi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish borasida rejalar ilgari surilyapti. Bizda esa mehnat ko‘nikmalarini o‘rgatish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish, biznesni rivojlantirish, O‘zbekistonning xorijga mahsulot va xizmatlar eksport qilish qobiliyatini oshirishga qaratilgan dasturlar bor. Shunday ekan, fikrimizcha, o‘zbekistonliklar O‘zbekistonda yaxshi, yuqori maoshli ish topishlari reallikka aylanayotgan bir paytda ummon ortiga ish izlab borishlariga unchalik ham hojat yo‘q. 

Sh.N.: — Ma’lumki, dunyo sovuq urush davridagidek ikki qutbga bo‘linmoqda. Xitoy yetakchisi Si Szinpinning yaqinda Rossiyaga tashrifi Xitoyning Rossiya bilan jipslashayotganidan dalolat beradi. Xo‘sh, global siyosatda keyingi o‘n yilliklardan nimani kuta olamiz? 

J.H.: — Kelgusi davrda nima bo‘lishini bilmayman, lekin shuni aytmoqchimanki, Qo‘shma Shtatlar va uning butun dunyo bo‘ylab hamkorlari demokratiya, inson huquqlari, erkin savdo va erkin bozorlarga asoslangan xalqaro tizimni qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish masalasida Rossiya o‘zining agressiyasi, Ukrainadagi zo‘ravonliklari bilan ushbu tamoyillarni qattiq buzdi. Umid qilamizki, bunday xatti-harakatlarga ortiq yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash uchun xalqaro hamjamiyat bilan ishlashda davom etamiz. Kelajakda nima bo‘lishini bilmayman, lekin biz barchamiz uchun foydali bo‘lgan xalqaro tizimni mustahkamlashda davom etish uchun barcha davlatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan ham hamkorlik qilishga tayyormiz. 

Sh.N.: — Xabaringiz bor, o‘tgan yilning iyul oyida Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.  Hukumat vaziyatni tezda baholay oldi va ayrim konstitutsiyaviy islohotlarni to‘xtatdi.  Keyinroq esa voqealarga xorijiy ta’sir bo‘lgani xabar qilindi. Xo‘sh, Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarni qanday baholaysiz? O‘zbekistonga haqiqatan ham tashqi tahdidlar bo‘lganmi? Qoraqalpog‘istonda sud jarayoni qanchalik shaffof bo‘ldi?

J.H.: — Avvalo shuni aytishimga ijozat bering, biz shunga ishonamizki, har qanday demkratiyada odamlar tinch namoyish o‘tkazish huquqiga ega bo‘lishlari kerak. Bu muhim fundamental huquq va biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Qoraqalpog‘istondagi norozilik namoyishlariga kelsak, menda barcha tafsilotlar yo‘q, albatta. Ammo men ko‘proq shaffoflikni ko‘rishni xohlardim. Bilamizki, Ombudsman bu borada ish olib bordi – tekshiruv o‘tkazdi va hisobot tayyorladi, lekin biz hali ham Ombudsman hisobotini ko‘rmadik. Menimcha, buni jamoatchilikka oshkor qilish kerak edi. Sudlov jarayonlariga keladigan bo‘lsak, bu jarayonlarda oshkoralik va shaffoflik oshgani bizni ruhlantirdi. Fikrimizcha, bu ijobiy qadam va sudlovlar davom etar ekan, ular oshkoralikni ta’minlashda davom etishadi, deb o‘ylaymiz. 

Bizningcha, zo‘ravonlik qo‘llagan har bir kishi, albatta, jazolanishi kerak, lekin bu nafaqat namoyishchilarga, balki huquq-tartibot organlariga ham tegishli bo‘lishi kerak. Chunki ular zo‘ravonlik qo‘llagan bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas. O‘zbekiston hukumatining bayonotlaridan biz bu noroziliklarda ishtirok etgan huquq-tartibot organlarining ayrim shaxslari borligini bildik, ular hozir tergov qilinmoqda.  Fikrimizcha, bu tergovlar yakunlanishi va har qanday qonunbuzarliklar ham sudga tortilishi kerak. Jumladan mazkur shaxslar (kuch ishlatgan ichki ishlar xodimlari) ham javobgarlikka tortilishi kerak. 

Sh.N.: — Avval xabar qilinganidek, yaqin kunlarda O‘zbekistonda amaldagi Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Unga ko‘ra O‘zbekiston ijtimoiy davlat bo‘lishi kutilmoqda. Xo‘sh, yangi Konstitutsiya haqida fikringiz qanday? U O‘zbekistonga nima olib kelishi mumkin?

J.H.: — Biz Konstitutsiyaviy referendumni juda yaqindan o‘rganyapmiz. Unda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarni – ishchilarni himoya qilish, ayollarni himoya qilish borasidagi qadamlarni ko‘ryapmiz. Hokimiyatlar bo‘linishi kuchaymoqda va Oliy Majlisga ko‘proq vakolatlar berilmoqda. Bularning barchasi juda ijobiy o‘zgarishlar. Avvalo, Konstitutsiyani o‘zgartirish yoki o‘zgartirmaslik, albatta, O‘zbekiston fuqarolarining o‘z ishi. 

Biz muhim deb bilgan boshqa bir jihat shuki, agar ushbu Konstitutsiya o‘zgartirilsa, bu o‘zgarishlar shunchaki qog‘ozda qolib ketmaydimi? Amalda ham ishlaydimi? Umuman olganda biz O‘zbekistonni ayni vaqtdagi va qolgan barcha islohotlarida qo‘llab-quvvatlashimizga ishonamiz. 

Sh.N.: — Shu o‘rinda amaldagi davrgacha bo‘lgan prezidentlik muddatining bekor qilinishi va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning qayta saylanishi ehtimoli haqidagi fikringizni bilmoqchimiz? Bu haqda nima deya olasiz?

J.H.: — Albatta, O‘zbekiston fuqarolari o‘z siyosiy rahbarlarini tanlashi va bu siyosiy yetakchilarning saylovda ishtirok etish shartlarini belgilashi – bu ularning o‘z xohishi. Bu biz qabul qila oladigan qaror emas. Muhimi, biz, Prezident Mirziyoyev allaqachon ta’kidlaganidek, so‘z erkinligi, fikr erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi va pirovardida mazkur erkinliklar turli sisosiy dunyoqarashga ega insonlar uchun boshpana bo‘lishini xohlaymiz.  

Aslini olganda biz har qanday demokratiyada odamlar o‘z rahbarlarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz va har qanday holda biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz. 

Sh.N.: — Ma’lumki, AQSH so‘z erkinligi, inson huquqlari, ayollar va bolalar huquqlarini qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan davlatlardan biridir. Xo‘sh, bu huquqlar bo‘yicha mamlakatdagi vaziyatni qanday baholaysiz? Kelajakda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgaradimi?

J.H.: — So‘nggi bir necha yil ichida biz ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldik. Bolalar mehnati barham topganini, paxta terimida majburiy mehnatga nuqta qo‘yilganini ko‘rdik, O‘zbekistonda diniy erkinliklar miqyosi oshganini ko‘rdik. Prezident qamoqxonalarda qiynoqlar borligini ochiq aytdi va qiynoqlarni bartaraf etish choralarini ko‘rdi. Biz buni kuzatdik. Bularning barchasi juda ijobiy o‘zgarishlar. Ishonamanki, Prezident bu islohotlarni davom ettirishga jiddiy yondashadi va shu sababli O‘zbekistonda vaziyat bundan keyin ham yaxshilanishiga umid qilaman. 

Sh.N.: — Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda ayollar va qizlarga nisbatan zo‘rlash, tazyiq holatlari haqida xabarlar tarqaldi. Hatto, ayrim holatlar davlat hokimiyati organlari vakillari tomonidan sodir etilgan. Xo‘sh, O‘zbekistonda ayollar huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni qanday baholaysiz? Ular kafolatlanganmi?

J.H.: — Biz birinchi navbatda oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortish choralari kuchayganligidan mamnun bo‘ldik. Fikrimizcha, O‘zbekistonda ayollar va bolalar himoyasini kuchaytirish uchun bunday turdagi huquqiy o‘zgarishlar nihoyatda zarur va biz bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. 

Siz aytib o‘tgan so‘nggi holatlarga kelsak, bunday xatti-harakatlar qabul qilib bo‘lmas va g‘ayritabiiydir. Menimcha, ayollar va bolalarni zo‘rlash yoki zo‘ravonlik qilishda aybdor bo‘lgan har qanday shaxs qonun doirasida to‘liq va og‘ir javobgarlikka tortilishi kerak. 

Sh.N.: — So‘nggi nuqtada, O‘zbekistondagi ko‘rgan-kechirganlaringizga asoslanib, o‘zbeklar va O‘zbekiston haqida fikringizni bilmoqchimiz. O‘zbekiston xalqining madaniyati va mehmondo‘stligi haqida nima deya olasiz?

J.H.: — Saytingiz kuzatuvchilari biladimi yo yo‘q, lekin men ko‘p yillar avval O‘zbekistonda bo‘lganman. Men o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida bu yerda birinchi diplomatik vazifamga kirishganman. Bugun esa, O‘zbekistonga qaytib kelganimdan, bu ijobiy o‘zgarishlar va taraqqiyotni ko‘rishdan mamnunman. Bilasizmi, mamlakat iqtisodiy jihatdan tubdan o‘zgargan va yaxshilangan. Garchi, albatta, hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. 

Bu yerning boy madaniyati va O‘zbekistonning beqiyos boy tarixi haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ortib borayotganini ko‘rish quvonarlidir. O‘zbekistonga qaytib kelib, bu madaniyat va bu yerdagi insonlar bilan yana muloqotda bo‘lish, keyingi bir necha yil davomida butun mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mening orzuimdagi faoliyat edi. Kuni kecha Navoiy va Buxoroda safarda bo‘lib qaytdim. Oldinroq Nukus va Mo‘ynoqda edim. Menimcha, bu yer ajoyib madaniyat va ajoyib odamlarga ega mamlakat. Keyingi faoliyat yillarimni shu yerda o‘tkazishdan mamnunman. 

Sh.N.: — Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat. Umid qilamizki, sizni kelgusida yana bir bor tahririyatimizga taklif qilamiz. 

J.H.: — Bundan xursand bo‘lgan bo‘lardim.

Sh.N.: — Rahmat!

AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki Qalampir.uz ning YouTube  kanalida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing