40 mingdan ortiq o‘zbekistonliklarda gepatit “B” va “C” viruslari aniqlandi

Salomatlik

image

Joriy yilning hozirgi davriga qadar  696 147 nafar aholi gepatit "B" turiga va  696 045 nafar aholi gepatit "C" turiga oid skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Ulardan 22 307 nafarida gepatit "B" va 22 157 nafarida gepatit "C" turlari aniqlandi. Bu haqda bugun, 5 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ma’lum qildi.

“Butunjahon gepatit alyansining 2021 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, gepatit "B" va "C" virusi sababli har yili 1.5 mlnga yaqin odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan ko‘proq deganidir”, deydi Maftuna Saidova.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda 65 dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ushbu kasallikni aniqlash uchun bepul skrining tashkil etilgan. 

Gepatit "C" ga qarshi dori vositalari xaridi uchun Davlat byudjetidan 47 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Misr Arab Respublikasi  bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida 800 ming qadoq “Daklotasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarini beg‘araz yordam sifatida yuborish uchun kelishuvga erishilgan.

Bildirilishicha, hozirgi kunda 60 000 qadoq “Daklatasvir” va 7 000 qadoq “Sofosbuvir” dori vositalari gepatit "C" turi aniqlangan bemorlarga bepul tarqatilmoqda. 

“Misr Arab Respublikasi tomonidan beg‘araz yordam sifatida dorilar olinishi tufayli 35.25 mlrd so‘m tejab qolinadi. Ushbu mablag‘lar skrining tekshiruvi uchun yo‘naltiriladi va skrining soni yiliga 1 mln ga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu kabi tizimli ishlar davom ettirilmoqda”, deydi Saidova.

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatda virusli gepatitning "C" turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

gepatit B gepatit C

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar