O‘zbekistondagi 70 foiz maktabda kanalizatsiya tizimi yo‘q – MHTI

Tahlil

image

O‘zbekiston maktablarida o‘tkazilgan xalqaro testlarning sharmandali natijalaridan so‘ng Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistonda ta’lim ko‘rsatkichlari pastligining sabablarini o‘rgandi. Unda umumta’lim maktablari bilan bog‘liq quyidagi omil va ko‘rsatkichlar tahlil qilindi.

Maktablardagi infratuzilma

2022-2023 o‘quv yilida respublikaning 10 ming 522 ta umumta’lim maktabida o‘quvchilar soni 6 mln 461 ming 741 nafarni tashkil etgan. Lekin maktablar 5 mln 283 ming 916 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan, ya’ni 1 ta o‘quvchi o‘rniga 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda. Buning oqibatida respublikadagi umumta’lim maktablarining 0,1 foizi (5 ta) uchta smenada va 73,1 foizi (4 777 ta) ikkita smenada faoliyat yuritmoqda. Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar soni 2,1 milliondan ortiq bo‘lib, jami o‘quvchilarning 33 foizini tashkil etadi.

Maktablarning 4,3 foizi (451 tasi) avariya holatida, 35,8 foizida oshxona yoki bufet, 5 foizida kutubxona, 21 foizida sport zali mavjud emas. Maktablarning bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiyaga ega, (masalan, Ummonda 99 foiz, Rossiyada 96 foiz) ya’ni 70 foizida kanalizatsiya tizimi mavjud emas. O‘quv maskanlarining 98 foizi kompyuter sinflariga ega, lekin kompyuterlar soni kamligi sabab, har bir o‘quvchiga 0,03 ta kompyuter to‘g‘ri keladi.

O‘qituvchilar bilan ta’minlanish darajasi

O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagog xodimlari uchun bir stavkadagi ish yuklamasi 1-4 sinflarda haftasiga 18 soat, 5-11 sinflarda haftasiga 20 soat etib belgilangan. 

Maktablarda o‘qituvchilar bilan ta’minlanish darajasi rivojlangan mamlakatlar qatorida (1 ta o‘qituvchiga 12,4 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi), shunga qaramay, ayrim fan o‘qituvchilarining ish yuklamasi yuqori. Masalan: rus tili (har bir o‘qituvchiga 29 soat yuklama), chet tili (27,3 soat), informatika va axborot texnologiyalari (24,3 soat) va texnologiya (24,3 soat) fanlari o‘qituvchilari yetishmasligi aniqlangan.

MHTI buning yechimi sifatida keltirishicha, 2018-2022 yillar oralig‘ida o‘quv rejasini isloh qilish natijasida bir qancha ijtimoiy fanlarning o‘quv soatlari qisqartirilgan va buning natijasida geografiya, iqtisodiyot, tarix va boshqa ijtimoiy fanlar o‘qituvchilari yuklamasi keskin qisqargan. Masalan, geografiya va tarix fanlaridan dars beruvchi har bir o‘qituvchi uchun yuklama, mos ravishda, 36,8 soat va 36,1 soatdan 17,2 soat va 18,5 soatga tushgan.

Balki, ushbu qisqartirishlar natijasidami, o‘tgan yili 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA testlarida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 81 ta mamlakat orasida tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni (80-o‘rin) egalladi.

“Yuqorida keltirilgan tahlillarga asoslanib, umumta’lim tizimida o‘qituvchilar soni yetarli darajada deyish mumkin (ayrim fanlardan tashqari). Demak, O‘zbekistonda umumta’lim tizimidagi sifatning pastligi o‘qituvchilar soni, balki ularning sifatiga bog‘liq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi”, deyiladi MHTI maqolasida.

Pedagoglar malakasi

Bugungi kunda tizimdagi o‘qituvchilarning 90,1 foizi oliy ma’lumotga ega. Pedagog xodimlarning bor-yo‘g‘i 53,7 foizi toifaga ega. Ularning orasida 19 foizi oliy, 36,1 foizi birinchi, 44,9 foizi ikkinchi toifali. Har yili 500 ming nafarga yaqin maktab o‘qituvchisi malaka oshiradi. 

MHTI yuqoridagi ko‘rsatkichlarga qaramay o‘qituvchilar malakasini yetarli darajada emas, deb baholadi:

“Bunga yaqqol misol qilib PISA testi natijalarini keltirish mumkin. Xususan, O‘zbekistonda o‘quvchilarning 25 foizi darslarda o‘qituvchini tinglamaganligini bildirgan. Bu Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) davlatlari orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 5 foiz punktga past bo‘lishiga qaramay, o‘qituvchilar o‘quvchilarni qiziqtira olmayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, 2022 yilda 294,1 ming nafar o‘qituvchini attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida ularning 7 foizi (20,3 ming) o‘qituvchilik lavozimiga loyiq emasligi aniqlangan (attestatsiyadan avval predmetlar bo‘yicha onlayn takroriy test sinovlari mashg‘ulotlari tashkil etilgan)”, deydi tadqiqotchilar.

PISA natijalariga ko‘ra, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar soni ko‘p bo‘lishi test natijalariga ijobiy ta’sir qiladi, ya’ni sertifikatlarga ega bo‘lgan va attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilarning o‘quvchilari bilim darajasi yuqori bo‘ladi. PISA’ga ko‘ra, 2018-2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda matematika fanidan attestatsiyadan o‘tgan o‘qituvchilar soni o‘zgarishsiz qolgan. PISA’da ishtirok etgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning bor yo‘g‘i 24,6 foizi xalqaro va unga tenglashtirilgan mahalliy sertifikatga ega. O‘zbekiston PISA’da ishtirok etgan davlatlar orasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha oxirgidan bitta oldingi o‘rinni egallamoqda. Bu esa o‘z navbatida test natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.  

Ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki  

PISA natijalariga ko‘ra ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki uning ta’lim olish darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. COVID-19 pandemiyasi davrida ko‘plab mamlakatlarda ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki 10 foizga pasaygan. Ota-onasi doimiy ravishda hayoti va o‘quv jarayonida (maktabdagi jarayonlar) ishtirok etgan o‘quvchilarning matematika bo‘yicha test natijalari ota-onasi hayotida sust ishtirok etgan o‘quvchilarnikiga nisbatan o‘rtacha 22 balga yuqoriroq chiqqan. Testda ishtirok etgan O‘zbekistonlik ota-onalarning 72 foizi har kuni farzandidan maktabda nimalar qilganini so‘rashi ma’lum bo‘ldi, IHTT davlatlari orasida ushbu ko‘rsatkich 78 foizni tashkil etgan.

MHTI tomonidan 2023-yilning aprel oyida ota-onalar (N=4133) o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning 21 foizi farzandining o‘qituvchisi bilan haftada bir marotaba suhbatlashishini bildirgan bo‘lsa, 16,1 foizi umuman aloqa qilmasligini aytgan. Ota-onalarning 7 foizi esa farzandi ta’limi va kelajakdagi kasbi bo‘yicha unga yordam ko‘rsatmasligini yoki qanday yordam berishni bilmasligini bildirgan. 0,5 foiz ota-onalar esa farzandining ta’lim olishi bilan umuman qiziqmasligini bildirgan.      

Olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra, umumta’lim tizimidagi sifatning pastligi quyidagi sabablar bilan asoslandi:

  • Umumta’lim tizimiga sarflanayotgan davlat byudjeti xarajatlari nomutanosib taqsimlangan;
  • maktablarning deyarli 16 foizi kapital ta’mirlashga muhtoj, 4,6 foizi esa umuman yaroqsiz holatda;
  • maktablardagi kompyuter sinflarida kompyuterlar soni kam;
  • maktablarning 70 foizi kanalizatsiya tizimiga ulanmagan. Bu esa o‘z navbatida sanitariya talablariga javob bermasligini anglatadi, shuningdek, atmosferaga chiquvchi zararli moddalar hajmini oshirib, bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • maktablarning 28,4 foizi internet tarmog‘iga ulanmagan;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘qituvchilar yuklamasi yuqori;
  • respublika maktablarida chet tili o‘qituvchilari yetishmasligi kuzatilmoqda;
  • texnologiya va informatsion texnologiyalar fanlaridan ham o‘qituvchilar yetishmaydi;
  • o‘qituvchilar orasida attestatsiyadan o‘ta olmaslik ko‘rsatkichlari yuqori;
  • fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilar soni kam;
  • ota-onalarning farzandlar ta’limidagi ishtiroki nisbatan sust.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro PIRLS testida mahalliy o‘quvchilar dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich (500) dan past natija (437) olgan edi. 2022 yilda O‘zbekiston maktablarida 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA testlari ilk marotaba o‘tkazildi. Sinov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni (80-o‘rin) egalladi.


Maqola muallifi

Teglar

#maktab #o'quvchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar