AQSHning Tayvanni qurollantirishi Xitoyga yoqmayapti

Olam

image

Vashington Tayvandagi “separatist kuchlar”ni qo‘llab-quvvatlamasligini namoyish qilishi va orolni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni to‘xtatishi kerak. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashining Tayvan ishlari bo‘yicha boshqarmasi vakili Chju Fenlyan brifingda AQSH Kongressi Senati tomonidan Tayvanga harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullaganini izohlayotganida so‘z ochdi.

"Biz Qo‘shma Shtatlarni Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlamaslik va orolni har qanday tarzda qurollantirishni to‘xtatish majburiyatini bajarish uchun aniq choralar ko‘rishga chaqiramiz", deydi Chju Fenlyan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi “yagona Xitoy” tamoyilini, Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi uchta qo‘shma bayonotni jiddiy buzadi va Tayvanning mustaqilligi tarafdori bo‘lmish “separatist kuchlar”ga noto‘g‘ri signal beradi.

"Biz bunga keskin qarshimiz. Tayvan muammosi faqat Xitoyning ichki ishi va u hech qanday tashqi aralashuvga toqat qilmaydi ", deydi Chju Fenlyan.

Uning ta’kidlashicha, aksariyat tayvanliklar urush, tanazzul, bo‘linish va qarama-qarshilikni emas, balki tinchlik, taraqqiyot, almashinuv va hamkorlikni xohlaydi. Chju Fenlyanning aytishicha, Tayvanning hukmron partiyasi "jamoatchilik fikrini mensimaydi va Xitoyni ushlab turish uchun tashqi kuchlarning piyodasi bo‘lishga tayyor". Idora vakilining ta’kidlashicha, “separatist”larning kuch bilan yoki tashqi kuchlarga tayanib mustaqillikka erishishga bo‘lgan har qanday urinishlari barbod bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Taybeyda kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlari saqlanib qolgan. Pekinning aksariyat davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, bu XXR viloyatlaridan biri. Qo‘shma Shtatlar "yagona Xitoy" siyosatini og‘zaki tan olgan holda, Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolni qurol-yarog‘ bilan ta’minlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Kongressi Senati Ukraina, Isroil va Tayvanga harbiy yordam ko‘rsatish, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Kiyevga topshirish uchun musodara qilish, shuningdek, Xitoyga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalari paketini ma’qullagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Tayvan' Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing