Biz JSTga tezroq a’zo bo‘lishdan manfaatdormiz – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga tezroq a’zo bo‘lmoqchi. Bu haqda bugun, 27 aprel kuni Xalqaro kongress markazida o‘tkazilgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

“Alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, Jahon savdo tashkiloti talablari islohotlarimiz mazmuniga to‘la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq a’zo bo‘lib kirishdan manfaatdormiz”, dedi Prezident.

Ta’kidlanishicha, hozir a’zo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan uyg‘unlashtirish qizg‘in bosqichda.

Prezident qayd etganidek, bir yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash bo‘yicha tizimli islohotlar jadal davom ettirilmoqda.

Mintaqadagi eng qulay fiskal tizimini yaratish bo‘yicha katta o‘zgarishlarga erishildi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirildi. Ilgari ushbu soliq stavkasi 20 foiz edi.

Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ini eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qaytarish joriy qilindi, soliq va bojxonada o‘zaro hisobga olish yo‘lga qo‘yildi. Shu paytgacha 2 ta alohida tizim orasida investorlar sarson edi.

Bundan tashqari, xorijiy investorlar aksiyalaridan oladigan dividendlari uch yil muddatga soliqdan ozod qilindi, ular uchun foyda solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirildi. 

Muhimi – soliq va bojxona qonunlariga yangi yoki og‘irlashtiruvchi javobgarlik choralari kiritilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Tashqi savdoni erkinlashtirish bo‘yicha navbatdagi muhim qadamlar qo‘yildi.

Jumladan, investorlar uchun zarur bo‘lgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi.

Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashgan tartibi joriy etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston JST

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing