BMT Oliy komissari Gruziyani “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonundan kechishga chaqirdi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk Gruziyani poytaxt Tbilisida ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgan munozarali "xorijiy agentlar" haqidagi qonun loyihasini parlamentdan qaytarib olishga chaqirdi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.

Turk Gruziya hukumatini xorijdan moliya olgan tashkilotlarga qaratilgan ushbu qonundan zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qilishga chaqirgan.

“Men shu haftada Gruziya poytaxti Tbilisida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan namoyishchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan asossiz va nomutanosib ravishda kuch qo‘llagani haqidagi xabarlardan xavotirdaman”, deydi u.

Mahalliy matbuotning yozishicha, Tbilisi politsiyasi 1 may kuni Gruziya tarixidagi eng yirik norozilik namoyishlaridan birini tarqatib yuborish uchun suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan.

Ma’lumot uchun, Gruziyada 15 apreldan beri hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqa boshlaganidan so‘ng norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishning dastlabki uch kuni keng ko‘lamli bo‘lib o‘tdi, keyin esa deyarli har kuni yoshlar tomonidan tashkil etilgan tinch yurishlar bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 30 aprel kuni namoyishlar chog‘ida olti nafar politsiya xodimi yaralangan, 63 kishi hibsga olingan.

Aprel oyi boshida “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi qonun loyihasini parlamentga qayta kiritish haqidagi qarorini e’lon qildi. Bu xuddi shunday tashabbus ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgani va hokimiyatni qonun loyihasidan voz kechishga majbur qilganidan bir yil o‘tib, sodir bo‘ldi. Uning matni o‘tgan yilgidek qolmoqda. Faqatgina “xorijiy ta’sir agenti” atamasi o‘rniga "xorijiy kuchning manfaatlarini ko‘zlaydigan tashkilot" tushunchasi ishlatilgan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Tbilisidagi elchixonasi “xorijiy agentlar” haqidagi qonun loyihasiga qarshi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya BMT Fol'ker Turk xorijiy agentlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing