Davlat ekstremizm bilan “go‘dak”larni qamash orqali kurashmoqchimi?

Intervyu

“Nashid” arabchada co‘z bo‘lib, qo‘shiq, madhiya degan ma’nolarni anglatadi. Nashidlar butun islom olamida mashhur bo‘lib, odatda islom diniga e’tiqod, uning tarixi haqida, shuningdek, tarbiyaviy ruhda kuylanadi. Nashidlar turli odamlar tomonidan turli tillarda kuylanadi. Ammo odatda arab tilida kuylangani sabab, islom diniga e’tiqod qiladigan barcha uchun ham tushunarli bo‘lavermaydi. Nashidlardagi ohang va kuyning jozibadoroligi sabab bu odamni o‘ziga jalb etadi va dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlar turli mazmundagi har xil nashidlarni tinglaydilar.

Lekin bunday nashidlardan terroristik va ekstremistik tashkilotlar ham ustamonlik bilan foydalanib, yot g‘oyalarni singdirishga, tarqatishga harakat qilib keladi.

Toshkent viloyatida Telegram’dagi 10 kishilik guruhga o‘zbek  tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” degan “jihod” va “hijrat”ga da’vat qiluvchi ekstremistik mazmundagi arabcha nashid tarqatganlikda ayblanib, 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti talabasi bo‘lgan bu yangiyo‘llik yigit tergov davomida nashidning ma’nosiga tushunmagani va faqat kuyi unga yoqqani sabab sinfdoshlariga Youtube tarmog‘ida bemalol ochiq turgan videoni jo‘natganini aytgan.

QALAMPIR.UZ jamoasi yigitning oila a’zolari bilan suhbatlashish uchun Jahongirning uyiga bordi. Voqea aslida qanday boshlanganini ayblanuvchining onasi Gulchehra Umarova aytib berdi.

“Jahongirni birinchi dachada sodir bo‘lgan o‘g‘rilik bo‘yicha chaqirishdi. Uyimga kelgan IIB xodimlari o‘g‘rilar “Jahon” deb baqirishgani uchun mahalladagi hamma Jahongir ismli yigitlarni mahkamaga chaqirishayotganini aytdi. Men o‘g‘limga qo‘ng‘iroq qilib voqeani aytdim. O‘g‘lim qarshilik qilmay mahkamaga bordi. Lekin kechqurun Jahongirning o‘rtog‘i onasi bilan kelib, “O‘g‘lingiz nima qilib qo‘yganini bilasizmi, bolalarimizga qanaqadir nashid jo‘natibdi”, deb janjal qilib ketdi. Men hech narsaga tushunmadim, nashid nima ekanini bilmayman. Oradan yarim soat o‘tmay, Jahongir kirib keldi. U bu yomon narsa ekanini bilmagandim, bu shunchaki qo‘shiq edi, deb aytdi”, deya tushuntirdi ayblanuvchining onasi.

Jahongir Umrzoqovning qamalgani haqidagi xabarlar tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘ldi. 
Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev yigitga yana bir bor imkon berish zarur deb hisoblashini aytsa, tadbirkor Zafar Hoshimov bu jazoning o‘zini radikal deb atadi. Boshqa faollarning ham ayni mavzuga oid, jazo borasidagi fikrlari salbiy.

Ammo Toshkent viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining Matbuot kotibi Bobur To‘laganov holat yuzasidan qo‘shimcha rasmiy bayonot berib, Jahongir Umurzoqov bu nashidning ma’nosini to‘la anglab yetgan holda tarqatganini aytib chiqdi.
To‘laganov tezkor-qidiruv tadbirlar davomida ayblanuvchi Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning g‘oyaviy ta’siriga tushgani aniqlangani va ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni boshlaganini aytmoqda.

“U xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida Internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov” ma’ruzalarini o‘ziga tanish bo‘lgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shug‘ullangan.
Xususan, U.J. (Jahongir Umurzoqov) tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli nashid ham bo‘lib, unda o‘zbek tiliga o‘girilganda “mujohid bo‘lish nasib qilgani, karvondan qolmasdan ularga ergashish kerakligi, shahid bo‘lib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yo‘lida qurbonlik qilishlari, tog‘utlarga qarshi kurashish va mujohid bo‘lib ularga ergashish kerak ekani” mazmunidagi chorlov so‘zlari keltirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining ekspertlik xulosasiga ko‘ra, ushbu ma’lumotlar diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi”, deyiladi IIBB bayonotida.

Ammo yigitning ota-onasi IIBBning bu gaplarini rad etmoqda.

“Agar rostdan ham muntazam ravishda shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, ma’lum bir daliliy ash’yo bo‘lishi kerakku? Sudda tilga olingan yagona dalil bu 4 daqiqa 38 sekundlik qo‘shiq. Shu bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan deyilyapti. O‘g‘lim Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. Agar IIBBning gaplari rost bo‘lsa, sud xulosasida shu haqida yozilishi kerak emasmidi. Uning telefoni olib qo‘yildi. Lekin boshqa noqonuniy narsa chiqmadi. Mening o‘g‘lim faqat o‘sha 4 qator she’r uchun qamalib ketyapti. Qamalganidan beri onasi uxlagani yo‘q. Faqat ko‘zlarida yosh. Men erkak kishi bo‘lganim uchun ichimga yutib yuribman”, deydi Jahongirning otasi Olmos Do‘styorov.

Shuningdek, biz Jahongirning do‘stlari bilan ham gaplashdik. Nashid nima ekanini bilasizmi? Taqiqlangan va taqiqlanmagan nashidlarni qanday farqlab olasiz? degan savollar bilan Jahongirning do‘stlariga yuzlandik.

“O‘sha 10 kishilik guruhimiz sinfdoshlarning umumiy guruhidagi har xil so‘kishlardan qochish uchun yaqindagina, chamasi 10-15 kunlar oldin ochilgan edi. Faqat salom-alik qilib turardik guruhda. Jahongir o‘sha taqiqlangan qo‘shiqning havolasini jo‘natganda biz e’tibor qilmaganmiz ham. Hech kim ochib ham, eshitib ham ko‘rmagan. Men bu gaplarni sudda aytmoqchi edim. Lekin meni tergovga chaqirmadi. Unga yana imkon berish kerak. Masalan, men ham nashid nimaligini bilmayman. Oldimdan chiqib qolsa, buni eshitish mumkinmi yoki yo‘qmi farqiga bormayman. Bizga o‘rgatilmagan, axir. O‘rgatilmagandan keyin qayerdan bilamiz mumkin emasligini”, dedi Jahongirning do‘sti Husan Mirodimov. 

Demak, Jahongirning o‘rnida har bir yigit, har bir farzand bo‘lishi mumkin. Bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun davlat nima qilishi kerak, hozir nima qilyapti? O‘zi umuman aqidaparastlikka qarshi kurash olib boryaptimi? Odamlar buni sezyaptimi?

Adliya vazirligi faqat 2022 yilning yanvar oyida O‘zbekistonda taqiqlangan xalqaro terroristik va ekstremistik guruhlar, tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qilgan. Bu ro‘yxat bugungi kunda ham ochiq ma’lumotlar portalida mavjud bo‘lsada, davlat telekanallari bu ro‘yxatni e’lon qilib fuqarolarni ogohlantirmagan, mas’ul davlat organlari ham bu mavzu bo‘yicha ogohlantirish berib, fuqarolarni xushyorlikka chaqirmagan.

“Advokat ham aytdi, bu narsa agar mening oldimdan chiqib qolganda ham men ham uning ma’nosiga tushunmagan bo‘lardim, dedi. Ular oliy ma’lumotli bo‘la turib, tushunmasligini aytayapti. Mening o‘g‘lim endigina katta hayotga qadam qo‘ygandi. O‘g‘lim arab tilini bilmasa, qo‘shiq ekan deb eshitganda. Doim televizor ko‘raman. Nega shu narsalarni televizorda aytib ogohlantirmaydi. Shuncha reklamalar bor, shulardan bittasinigina kamaytirib, ogohlantirish bersa bo‘lardiku. Biz qayerdan bilamiz, axir”, dedi ayblanuvchining otasi.

Jahongirning yana bir do‘sti Samariddin esa u bolalikdan qiyinchilikda katta bo‘lgani, o‘zi ishlab, pul topib, o‘qishga tayyorlangani, grant asosida Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kirganini, shunda ham o‘qishdan bo‘sh paytlari ishlagani sabab noto‘g‘ri oqimlarga qo‘shilishga uning vaqti ham yo‘qligini aytdi.

“20 fevral kuni fuqaro U.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi uchinchi qismi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsada, joriy yilning 8 may kuni Toshkent viloyati Oqqurg‘on tuman sudi tomonidan U.J.ning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan holda belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq bo‘lgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan”, deyiladi IIB xabarida.

Yaqindagina Qashqadaryoda IIB xodimlari yelkasiga bayroq osgan yigitni qamashga uringan edi. Undan oldinroq 3 yil oldin sinfdoshiga nashid yuborgani uchun toshkentlik yigit 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi va 6 oy qamoqda o‘tirgach, jamoatchilik talabidan so‘ng u ozodlikka chiqarilgandi.

Xo‘sh, bu holat qachongacha davom etishi mumkin? Mas’ullar yana qancha yoshlarning yo‘ldan adashishini poylayapti? Asl vazifasi jazolash emas, profilaktika bo‘lgan, ammo bunday holatlarning oldini olmagani, tushuntirish ishlarini olib bormagani, taqiqlangan nashidlarni ayblanuvchilardan oldinroq topib, ularni bloklamagani uchun mas’ul organ va tashkilotdagi xodimlar ham javobgarlikka tortiladimi? Nahotki, yoshlarning 3 yil, 1 yil oldingi xatolarini topa olgan “sinchkov” IIBB xodimlari, nashidlarning ma’nosiga yoshlardan farqli ravishda yaxshi tushunadigan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislari internet tarmog‘ida har kuni bolalayotgan estremistik ruhdagi materiallarni aniqlab, ularning aholi nazariga tushishining oldini ololmasa? Yoki davlat aqidaparastlikka qarshi yigirma yoshli yigitlarni qamash orqali kurashishda davom etaveradimi?


Maqola muallifi

Teglar

nashid Jahongir Ulug'murodov Toshkent viloyat IIBB Jinoyat Kodeksi 244-modda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing