O‘zbekiston jinoiy to‘dalar mamlakatimi? Abror Muxtor Aliyning “Saidaziz medgorodok” bilan qanday aloqasi bo‘lgan? – Hafta tahlili

Tahlil

2023 yilda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2 ming 280 nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qiladi. Bugunning bolalari yonida qurol olib yurishga qo‘rqmayapti. Ularni olimlar, jamiyatda o‘z o‘rnini topgan shaxslar emas, kriminal avtoritetlarning yurish-turishi va “shonli” hayoti ko‘proq o‘ziga mahliyo qilyapti. Bolalar o‘rtasidagi jinoyatchilik haqida gap ketganda oxiri o‘lim bilan tugaganlarini-ku aytmasa ham bo‘ladi? O‘zbekiston qachondan jinoyatchi bolalar mamlakati bo‘lib qoldi. Kulsangiz ham aytaman, mahalla qayerga qarayapti? Ota-onaning ko‘zi qayerda? 

Abror Muxtoy Aliy nega qamaldi?

Joriy yilning 6 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudi qarori bilan diniy bloger Abror Muxtor Aliy 15 sutka qamoqqa olindi. 

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, 6 fevral kuni Abror Muxtor Aliy Shayxontohur tumani hokimligiga o‘z ishi bilan borgan va shu yerda boshqa bir fuqaro bilan jahl ustida baqir-chaqir qilib, janjal ko‘targan. So‘ng ichki ishlar organlari xodimlari vaziyatga aralashgan, biroq ular ichki ishlar xodimining qonuniy talabini bajarmasdan, ommani o‘ziga jalb qilib, ichki ishlar xodimlariga nisbatan soxta uydirmalarni tarqatgan.

O‘sha kunning o‘zida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ikkala sudlanuvchi ham aybiga iqror ekanini bildirgan. Abror Muxtor Aliy O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchini bajarishiga qarshilik ko‘rsatish)da ifoda qilingan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, ularning har ikkalasiga 340 ming so‘m miqdoridagi jarima va 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, sud ularning oilaviy sharoitini inobatga olib, sudlanuvchilarni qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlardan ozod qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa Abror Muxtor Aliyning hibsga olinishi hafta voqeasiga aylandi va u o‘z ortidan ko‘plab mish-mishlarni keltirib chiqardi. Kimdir blogerning qamoqqa olinishiga xonanda Munisa Rizayeva bilan o‘rtasida chiqqan kelishmovchiliklar sabab bo‘lganini aytsa, yana yana boshqa birov tarmoqda Abror Muxtor Aliy yaqinda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida firibgarlik ayblovi bilan qo‘lga olingan Saidaziz Saidaliyev (“Saidaziz medgorodok”) bilan yaqin bo‘lgani, qonga qon, jonga jong ekanini aytishi ortidan muammolarga duch kelganini yozmoqda.

O‘zbekistonning sobiq bosh vaziri o‘lik holda topildi

Joriy yilning 2 fevral kuni 1999 yildan 2004 yilgacha O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Valeriy Atayev 75 yoshida Moskvada vafot etdi. Biroq uyidan o‘lik holda topilgan Atayevning vafoti haqidagi xabar tugayotgan hafta boshida OAVga yetib keldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u tabiiy sabablar bilan vafot etgan, biroq politsiya tomonidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

U 1993 yildan 1999 yilgacha O‘zbekiston Energetika va elektrifikatsiya vaziri, 1999 yildan 2004 yilgacha Bosh vazir o‘rinbosari – Yoqilg‘i-energetika kompleksi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. 

Atayev O‘tkir Sultonovdan so‘ng Bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev rahbarligi boshlanganidan bir yil o‘tib, ya’ni 2004  yilda nafaqaga chiqqan. Internetda ham shu yildan so‘ng uning hayotiga oid ma’lumotlar topilmadi. Ammo 2009 yilga kelib, u Moskvaga jo‘nab ketgan va sobiq amaldorning hayotidagi hamma mashmashalar shundan keyin boshlangan. 

Gap shundaki, u ketgach, O‘zbekistonda unga qarshi Jinoyat kodeksining o‘g‘rilik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. 2015 yilda u Moskvada hibsga olingan, ammo darrov qo‘yib yuborilgan. Sobiq vazir allaqachon Rossiya fuqaroligini olgani, shu bois Moskva uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilmagani ma’lum bo‘lgan. 

Valeriy Atayevning o‘zi esa aybsizligini aytib, O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechib, Rossiya fuqaroligini qabul qilganidan keyin vatanida ta’qibga uchraganini iddao qilgan.

Atayev O‘zbekistonning bir qancha hududlarida qidiruvga berilgan. Qidiruv e’lonlarida keltirilishicha, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Masalan, uning Farg‘ona, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida qidiruvga berilgani haqidagi ma’lumotlarni shu viloyatlarning Ichki ishlar boshqarmalari rasmiy saytlaridan topish mumkin. 

“Baxti Tashkentskiy”ga 15 yildan 20 yilgacha qamalishi mumkin

Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevga yangi ayblov qo‘yildi. Avvaliga Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ushlangan Baxtiyor Qudratullayevga jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) bo‘yicha ham ayblov e’lon qilingan. Qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi esa o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Agar Baxtiyor Qudratullayevga qo‘yilgan qo‘shimcha ayblov o‘z isbotini topsa, u 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Baxtiyor Qudratullayev 2023 yilning 28 noyabr kuni soat 21:45 larda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi uyidan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgandi. U jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.

Sud ajrimiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.

Qayd etish o‘rinliki, Toshkentdagi tadbirlarda Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li 27 yashar Ixtiyor Qudratullayev ham qo‘lga olingan. U Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi bilan ayblanmoqda.

Shuningdek, hibslanganlar orasidagi 1994 yilda tug‘ilgan Begzod Baxtiyorovich Zafarov ham bor. U “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li ekani aytiladi. U ham Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan ayblanmoqda.

Qirol og‘ir dardga chalindi

Britaniya Qiroli Charlz III da saraton aniqlandi. O‘tgan hafta prostata bezi ortidan jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirgan 75 yashar monarxni operatsiya qilgan shifokorlar ayni vaqtda unda saraton kechayotganini payqagan. 

Hafta boshida Qirol davolanishni boshladi, muolajalar davomida shifokorlar unga davlat vazifalarini kechiktirishni tavsiya qildi. Biroq Qirol davlat ishlari bilan shug‘ullanishda davom etadi va odatdagidek hujjatlar bilan ishlaydi. 

Tashxis qo‘yilgan saraton turi nomlanmagan. Biroq, Britaniya matbuoti xabarlariga ko‘ra, bu prostata saratoni emas va Qirol ambulator sharoitda davolanadi. 

Saraton qirollik oilasiga begona emas. Bu kasallik qon surib, avloddan avlodga o‘tyapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qiroli Charlz III ning onasi tomonidan bobosi, Yelizaveta II ning otasi Georg VI ham saraton sabab 56 yoshida vafot etgan edi. 

Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Buyuk Britaniya Qiroli Charlz III ning saratonga chalinganidan xabar topgach, unga maktub yozib, Qirolga tezroq sog‘ayib ketishini tiladi. 

“Tolibon” O‘zbekistonga yangi elchi yubordi

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘liga olgan “Tolibon” muvaqqat hukumati Afg‘oniston Islom Respublikasi davrida O‘zbekistonda ochilgan elchixonaga yangi elchi tayinladi. “Tolibon”ning rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidning joriy haftada ma’lum qilishicha, 2 fevraldan buyon Toshkentdagi elchixonani Mug‘furulloh Shahob boshqarmoqda. 

Mug‘furulloh Shahob bu lavozimda Prezident Ashraf G‘ani davrida elchilikka tayinlangan Ahmad Xolid Ilmiy o‘rnini egalladi. 

U de-fakto vazifalarni o‘z zimmasiga olgan, de-yure diplomat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishonch yorliqlarini qabul qilganidan keyin elchixonaga rahbarlik qiladi. Endi savol tug‘iladi: Mirziyoyev yangi elchini qabul qiladimi? Agar qabul qilsa bu O‘zbekistonning “Tolibon” hukumatini va u qurgan yangi davlatni tan olishini anglatadimi? 

Gap shundaki, joriy yilning yanvar oyi oxirida Afg‘onistonning Xitoydagi yangi elchisi missiyasi rasman boshlandi. Xitoy rahbari Si Szinpin “Tolibon” tomonidan tayinlangan diplomatning ishonch yorlig‘ini qabul qildi.

Shunday qilib, Xitoy dunyoda “Tolibon” hukumati bilan elchi darajasida aloqalar o‘rnatgan birinchi davlat bo‘ldi. 

Toshkentga tayinlangan yangi elchi Mug‘furulloh Shahob “Tolibon” muvaqqat hukumati Tog‘-kon vazirining o‘g‘li hisoblanadi. 

Otabek Sattoriy ozodlikka chiqdi

O‘zbekistonda shu haftaning o‘zida diniy bloger Abror Muxtoy Aliy qamalgan bo‘lsa, bloger Otabek Sattoriy ozod etildi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 may kunidagi hukmi, Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 15 iyuldagi ajrimi va Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2022 yil 5 apreldagi ajrimi o‘zgartirilib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tayinlangan Otabek Sattoriyning sudga kiritgan iltimosnomasi ko‘rib chiqilgan va qanoatlantirilgan. 

Shu tariqa sudning ajrimi bilan Otabek Sattoriy 2024 yil fevral oyining 5 kuniga qadar o‘talmay qolgan 2 yil 11 oy 25 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 74-moddasi (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish) 3-qismi “v” bandiga asosan axloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi foydasiga undirilishi belgilandi.

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 maydagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgandi. Unga 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Shuningdek, blogerning qamalishidan so‘ng “Human Rights Watch” xalqaro tashkiloti Sattoriyning qamalishini mamlakatdagi so‘z erkinligiga zarba, deb baholagandi. 

Lukashenko O‘zbekistonga mehmonga keldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu haftadagi faoliyati uning norasmiy uchrashuvlari bilan yodda qoldi. Mehmon esa Belarusdan Aleksandr Lukashenko. 

30 yildan buyon Belarusni boshqarib kelayotgan Lukashenko bilan prezidentlik muddatida uch dekadani to‘ldirgani bo‘yicha faqat Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bellasha oladi. 

Xullas, Lukashenko Toshkentga 7 fevral kuni yetib keldi. O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev xokkey ixlosandi bo‘lgan Lukashenkoni shu kunning o‘zida “Humo Arena” majmuasiga xokkey tomosha qilgani olib bordi. 

Mirziyoyev va Lukashenko Toshkentning “Humo” va Ostonaning “Nomad” xokkey jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni tomosha qilgan. O‘yin yakunida oliy martabali mehmonlarga ularning ismlari tushirilgan xokkey kiyimi topshirilgan.

7 fevral kuni Ozarbayjondagi prezidentlik saylovlarida Ilhom Aliyev 92,12 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning mehmoni Aleksandr Lukashenko shu kunning o‘zida Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, uni tabriklagan. 

8 fevral kuni Mirziyoyev va Lukashenko rahbarligida o‘tgan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha 10 dan ortiq hujjat imzolangan. 

9 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Lukashenkoni “Amirsoy”ga olib bordi. Ular bu yerda chang‘i uchgani aks etgan suratlar e’lon qilindi. 

“Toshshahartransxizmat” raisi qamaldi

Joriy yilning 29 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Toshshahartransxizmat” AJ raisi Anvar Jo‘rayevga “hayfsan” e’lon qilinib, oxirgi ogohlantirish berilgan edi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas manbsador qamoqqa olindi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bosh prokuror o‘rinbosari Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudiga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi (surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan Anvar Jo‘rayevga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritgan.  

7 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining ajrimi bilan Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi Anvar Jo‘rayevga nisbatan “qamoqqa” olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda “hayfsan” va so‘nggi ogohlantirishni olgan yana uch kishi – Transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olimjon Saidov faoliyatini davom ettirmoqda. 

Britaniya va YeXHT Ozarbayjondagi saylovga ishonchsizlik bildirdi

Yuqorida aytganimizdek, joriy yilning 7 fevral kuni Ozarbayjonda navbatdan tashqari prezident saylovi bo‘lib o‘tdi va unda yana 21 yildan buyon amalda qolayotgan davlat rahbari Ilhom Aliyev g‘alaba qilgani aytildi. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi esa Ozarbayjondagi prezidentlik saylovlarida qayd etilgan jiddiy qonunbuzarliklar haqida ma’lumot berdi. Qirollik Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, bu xavotirga sabab bo‘lmoqda. 

“Biz Ozarbayjon Markaziy saylov qo‘mitasi tomonidan saylovlar bilan bog‘liq kelib tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishi, saylovlar tinch o‘tgani va ichki ko‘chirilgan aholining tarixiy yashash joylarida ovoz berishiga imkon beruvchi ekspertlar guruhi tashkil etilishini olqishlaymiz. Shu bilan birga, biz YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining bir qator masalalar, jumladan saylovlarning cheklovlar sharoitida o‘tkazilishi va real siyosiy muqobillarning yo‘qligi yuzasidan bayonotidan xavotirdamiz. Jiddiy huquqbuzarliklar qayd etildi, ularning ba’zilari bir qator inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tasdiqlovchi 1990 yildagi Kopengagen hujjati qoidalariga ziddir”, deyiladi hujjatda.

London, shuningdek, Ozarbayjon qirollik uchun muhim hamkor ekani va Buyuk Britaniya mamlakatdagi saylov tizimi va demokratik jarayonlarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. 

YeXHT o‘z hisobotida saylov byulletenlarini to‘ldirish belgilari va bir nechta ovoz berishning oldini olish choralari ko‘rilmaganini qayd etgan.

“Bu byulletenlar adolatli hisoblanganmi degan jiddiy savollar tug‘dirdi. Saylovlarga tayyorgarlik samarali va professional tarzda o‘tgan bo‘lsa-da, ularda chinakam plyuralizm yo‘q edi va tanqidiy ovozlar doimo bostirildi”, deyiladi YeXHT bayonotida.

Tashkilotning qayd etishicha, Aliyevga qarshi kurashayotgan olti nomzodning hech biri uning siyosatiga jiddiy qarshilik ko‘rsatmagan. Ozarbayjonning ikki asosiy muxolif partiyasi saylovlarni boykot qildi.

Putin amerikalik jurnalistga intervyu berdi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin amerikalik jurnalist Taker Karlsonga intervyu berdi. U Ukrainadagi vaziyatni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishni istashini aytdi.

2022 yilda Ukraina bilan muzokaralar deyarli yakunlangan, biroq Kiyev barcha kelishuvlarni bekor qilgan.

“Muzokaralar o‘zining yuqori bosqichiga chiqdi, biroq ular deyarli to‘xtab qoldi. Shunga qaramay, biz Kiyevdan qo‘shinlarni olib chiqqanimizdan so‘ng, yuqorida aytganimdek, boshqa tomon, Ukraina bu kelishuvlarni bekor qildi va G‘arb davlatlari – Yevropa hamda AQSHning Rossiya bilan oxirigacha kurashish haqidagi ko‘rsatmasiga quloq soldi", deydi Rossiya rahbari.

Putinning fikricha, Ukraina rasmiylari Vashington istagi bilan muzokaralardan bosh tortgan. U buni noto‘g‘ri qaror deb hisoblaydi.

“Ular Vashingtonning tavsiyasi noto‘g‘riligini tushungan bo‘lsa, undan voz kechsin, hech kimni ranjitmaydigan biror bahona topsin. Ular xatoga yo‘l qo‘ydi, endi to‘g‘rilashsin. Biz buning tarafdorimiz”, deydi u.

Rossiya rahbariga ko‘ra, Moskva Ukrainadagi maqsadlariga hali erisha olmagan. Uning aytishicha, maqsadlardan biri denasifikatsiya va bu neonatsistlarning barcha harakatlarini taqiqlashni anglatadi. Taker Rossiya Prezidentidan o‘zi nazorat qilmaydigan mamlakatda (Ukrainada) qanday qilib mafkura, madaniyat, ba’zi his-tuyg‘ularni, tarixni yulib tashlashi mumkinligini so‘ragan. Bunga javoban Putin Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida Ukrainada neonatsizm o‘stirilmaydi, degan kelishuvga erishilganini va u yerda qonunchilik darajasida taqiqlanishini aytgan. Putin Zelenskiyning otasiga o‘xshamaganini tanqid qildi. 

“Uning otasi Ikkinchi jahon urushi paytida fashistlarga qarshi kurashgan, men u bilan bu haqda bir marta gaplashganman: “Volodya, nima qilyapsan? Nima uchun bir paytlari otang fashizmga qarshi kurashgan bo‘la turib, ayni paytda Ukrainadagi neonatsistlar (Ikkinchi jahon urushidan keyingi millatchilik va irqchilik bilan bog‘liq ijtimoiy va siyosiy harakatlar tarafdorlari)ni qo‘llab-quvvatlayapsan?” deb so‘radim undan. U nima deb javob berganini aytmayman, bu alohida masala”, degan Putin.

Umraga ketganlar qaytolmay qolib ketdi

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan va asosan Umra safariga reyslarni tashkil etishi ortidan tilga tushgan “Panorama airways” xususiy aviakompaniyasi mansabdori qamoqqa olindi. 

Bunga aviakompaniya atrofidagi so‘nggi voqealar, xususan Umra safariga yuborilgan yo‘lovchilarning qaytib kelolmayotgani, Saudiya Arabistonida qolib ketgani, belgilangan reyslar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sabab bo‘lgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, Transport prokuraturasi tomonidan o‘zbekistonliklarni Umra safaridan qaytarish choralarini ko‘rmagan hamda boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy avikompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ammo Bosh prokuratura voizi gap aynan kim va qaysi aviakompaniya haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan. 

Uning qayd etishicha, jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

“Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, deydi Shamsutdinov. 

Gap shundaki, hafta boshida ijtimoiy tarmoqlarda Umraga yo‘l olgan ko‘plab o‘zbekistonliklar Saudiya Arabistonida qolib ketgani, reyslar belgilangan muddatda amalga oshirilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Umra safarining tur xizmatlarini tashkil etish bilan “Gulbahor airways” tur operatori, reyslarni tashkil etish bilan “Panorama airways” aviakompaniyasi shug‘ullangan. 

Reyslar bekor qilinishi ortidan “Gulbahor airways” tur operatori Saudiya Arabistonida qolib ketgan ziyoratchilarning yashash va ovqatlanishini bepul tashkil etgani haqida ma’lumotlar mavjud. Biroq yana bir ma’lumotga ko‘ra, “Gulbahor airways” va “Panorama airways”ning rahbarlari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik mavjud. 

Holat bo‘yicha QALAMPIR.UZ bilan gaplashgan bir nechta turistik kompaniya vakillari orasida aynan “Panorama airways” aviakompaniyasi bilan shartnoma tuzgan va aviaqatnovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani uchun shartnomani bekor qilganlar bor. 

To‘qayev Hukumatni iste’foga chiqardi

Tugayotgan haftada Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2022 yilda sodir bo‘lgan “qonli yanvar” voqealari fonida hokimiyat tepasiga kelgan Alixon Smailov boshchiligidagi respublika hukumatini iste’foga chiqardi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, To‘qayev Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan Oljas Abayevich Bektenovni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri etib tayinlash haqidagi hujjatni imzoladi. 

Yanvar voqealari davrida Prezident Administratsiyasi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlangan Oybek Dadeboyev esa Administratsiya rahbari kursisini egalladi. 

Prezident To‘qayevning bosh soqchisi Chingiz Arinov endi Favqulodda vaziyatlar vazirligini boshqaradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Qozog‘iston Respublikasining yangi Bosh vaziri Oljas Bektenov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi va uni Hukumat raisi lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi. Telefon orqali tabrik yetmagandek, alohida telegramma ham yuborilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing