Ozodlikka chiqqan Mubashshir Ahmad va Abror Muxtor Aliy, Putinni kutayotgan Mirziyoyev, o‘zgarishlarni kutayotgan Usmonova – Hafta tahlili

Tahlil

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonovaga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda korrupsiya urchigan. Avvallari 2000 dollar olganlar bugun 200 mingga ish bitiryapti va katta pullar o‘yinchoq bo‘lib qolgan. Uning bu gaplariga o‘z qulog‘im bilan guvoh bo‘lmaganimda ishonmasdim. Qo‘shiqlarida insoniylikdan tortib siyosatgacha teginib o‘tadigan xonandaning shu kunlarda “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida davom etayotgan konsert dasturida aytganlari shunchaki gap emas. U yoshligida kutgan o‘zgarishlarini hamon kutayotganini qistirib o‘tdi. Assalomu alaykum. Kutganingizdek QALAMPIR.UZ’da Hafta voqealari tahlili va siz bilan Qamariddin Shayxov. 

Bejiz Yulduz Usmonovaning aytganlarida jon ber demadim. Tugayotgan haftada Yangiobod tumani hokimining sobiq o‘rinbosari va uning jinoiy sherigiga sud hukmi o‘qildi. 

2023 yilning may oyida Jizzax viloyatidagi qurilish firmasi rahbari bo‘lib ishlovchi fuqaro Yangiobod tumani hokimining o‘rinbosari bo‘lgan shaxs bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, “Angren Mashal Servis” MCHJ rahbariga shamol elektr stansiyalari qurish uchun 200 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer toifasini sanoat zonasiga o‘tkazib, ushbu yer maydonlarini unga olib berishni va’da qilgan.

2023 yil 8 iyun kuni esa boyagi qurilish firmasi rahbari va hokim o‘rinbosari tadbirkorning to‘liq ishonchiga kirish maqsadida hokim o‘rinbosarining qo‘l ostidagi xodimlar orqali shamol elektr stansiyalari qurish uchun ajratilishi lozim bo‘lgan 200 gektar yer maydonini ko‘rsatadi va Yangiobod tumani hamda Jizzax viloyat hokimligidagi tanishlarini ishga solib, auksion savdo orqali ushbu yer maydonini tadbirkorga olib berishlarini aytadi. Evaziga esa undan 200 ming dollar talab qiladi.

2023 yilning 18 iyun kuni hokim o‘rinbosarining sherigi kelishilgan summaning yarmi, ya’ni 100 ming dollarni Jizzax shahrida joylashgan restoranlarning birida olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, qurilish firmasi rahbariga BHMning 400 baravari (132 mln so‘m) miqdorida jarima va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, hokim o‘rinbosariga esa BHMning 400 baravari (132 mln so‘m) miqdorida jarima va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Toshkent viloyati Olmaliq kon metallurgiya kombinatidagi 3-misni boyitish fabrikasi qurilishida quruvchilarni tom bosib qoldi. Hodisa oqibatida 3 kishi voqea joyida qurbon bo‘ldi, 29 nafa xodim og‘ir tan jarohati olgan. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, holatga sovuq ob-havo, tog‘li hududlarda ko‘p qor yog‘ishi va qattiq shamol sabab bo‘lgan va “Enter Engineering” kompaniyasining metall tayyorlash sexidagi vaqtinchalik qurilmaning tom qismi qulagan.

Vafot etgan 3 xodim hindistonlik bo‘lgan. 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Lekin jinoyat ishi kimga nisbatan ochilgani, unga kimlar jalb qilingani ochiqlanmagan. 

Shuningdek, tugayotgan haftada ob-havoning keskinlashuvi va qalin qor yog‘ishi oqibatida Olmaliq shahridagi “Qo‘qon bozorida” ham savdo "naves"i qulashi holati yuz bergan. Jabrlanganlar yo‘q.  

Qamalishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan diniy bloger Abror Muxtor Aliy tugayotgan haftada ozodlikka chiqarildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 20 fevral kuni Abror Muxtor Aliyning taftish tartibidagi shikoyati Oliy sudda ko‘rib chiqilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 324-23-moddasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan qarorlari Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida ko‘rib chiqiladi. 

Advokat G‘aniyev blogida yozilishicha, Abror Abduazimov va Xusrav Nasrullayevga nisbatan tayinlangan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi bir muncha og‘ir deb hisoblanib, 13 yoki 14 sutkaga muvofiqlashtirilgan hamda ular qamoqdan chiqarilgan.

Shuningdek, Turkiya avvaliga hibsga olinib, so‘ng deportatsiya markaziga joylashtirilgan o‘zbekistonlik diniy bloger va olim Mubashshir Ahmad ham qo‘yib yuborildi. O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligidan ma’lum qilishlaricha, Mubashshir Ahmad 21 fevral kuni deportatsiya markazidan oilasi bag‘riga qaytgan.

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi xodimi o‘z joniga qasd qildi. Holat joriy yilning 16 yanvar kuni sodir bo‘lgan bo‘lsa-da uning isi tugayotgan haftada chiqdi. 

Nashriyotda bog‘bon sifatida ishlab kelayotgan 1985 yilda tug‘ilgan erkak nashriyotning yerto‘lasidagi kiyinish xonasida o‘zini osish orqali joniga qasd qilgan.

Dastlabki tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘limga bo‘yin a’zolari sirtmoq bilan siqilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiyadan sabab bo‘lgani, bo‘yin sohasidagi strangulyatsion egat mavjudligi aniqlangan.

Hozirda marhumning o‘z joniga qasd qilish sabablari va boshqa holatlarni aniqlash uchun maxsus bilim zarurligini inobatga olib, sudga oid psixiatriya ekspertizasi tayinlangan va Shayxontohur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni Rossiyaning Qozon shahriga bordi va Markaziy Osiyoning boshqa prezidentlari qatorida “Kelajak o‘yinlari” birinchi xalqaro multisport musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Marosimda avval o‘zbek, so‘ng rus tillarida so‘zga chiqqan Mirziyoyev 2026 yilda “Kelajak o‘yinlari”ga O‘zbekiston mezbonlik qilishini bildirdi.

Tashrif bahona Federatsiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan Mirziyoyev mart oyida bo‘lib o‘tadigan Rossiya prezidenti saylovida Putinning g‘alaba qozonishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda Putinning tashrifiga “juda jiddiy” tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

Uchrashuvda ko‘plab masalalar qatorida Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasida Rossiyaning ishtiroki muhokama qilingan. Rossiya delegatsiyasi bunga qiziqish bildirgan. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston 2021 yil fevral oyida Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar temiryo‘li qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan. Loyihaning dastlabki qiymati qariyb 5 milliard dollar bo‘lib, Yevropa davlatlari, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘laydigan yangi transport yo‘lagining yuk o‘tkazish salohiyati 20 million tonnaga baholanmoqda. Dizayn ishlari hali ham davom etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Rossiyaga borishidan bir kun avval, 20 fevral kuni Sankt-Peterburgdagi Viborg shossesida yollanma qotil O‘zbekiston fuqarosining boshiga “Makarov” nomli o‘qotar quroldan o‘q uzib, voqea joyidan yashirindi. 

Peterburglik advokatning haydovchisi bo‘lib ishlagan 42 yoshli Rustambek Aldayev O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. U boshlig‘ining ikki farzandini qora rangli Toyota Camry rusumli mashinasida gimnaziyaga olib kelgan paytda hujumga uchragan.

Hujumga uchragan o‘zbekistonlik shifoxonada jon bergan.

Mazkur holat bo‘yicha tergov organlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 30 va 105-moddalari (qotillikka urinish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg shahri bo‘yicha bosh boshqarmasining xabar berishicha, tezkor xodimlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qotillikka aloqador shaxslar qo‘lga olingan. 

Gap shundaki, o‘sha paytda O‘zbekiston fuqarosining boshqaruvida bo‘lgan Toyota Camry rusumli avtomobil egasi asli rossiyalik 58 yoshli advokat bo‘lib, u bir muddat oldin 51 yoshli biznesmen bilan janjallashib qolgan. Tadbirkor esa avval ham bosqinchilik jinoyati uchun sudlangan 50 yoshli erkakni 5 million rubl evaziga advokatni o‘ldirish uchun yollagan. Biroq, yollanma qotil adashib, advokatni emas, uning shaxsiy haydovchisini nishonga olgan.

Ayni paytda qotillikda gumon qilinayotgan shaxs hamda "buyurtmachi" tegishli tartibda ushlanib, tergov organlariga topshirilgan.

AQSH Prezidenti Jo Bayden San-Fransiskodagi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Rossiya rahbari Vladimir Putinni haqorat qilib, uni fohishaning o‘g‘li deb atadi. 

Saylovoldi kompaniyasi uchun donorlar guruhi oldida chiqish qilgan Bayden yadroviy mojaro xavfi doimo mavjudligi, ammo iqlim insoniyat uchun ekzistensial tahdid bo‘lib qolayotganini aytgan.

“Oxirgi ekzistensial tahdid – bu iqlim. Putin kabi aqldan ozgan fohishaning o‘g‘li bor ekan, biz doimo yadroviy mojaro haqida qayg‘urishimiz kerak. Ammo insoniyat uchun ekzistensial tahdid bu iqlimdir”, deydi Bayden.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, qariya Bayden Rossiya yetakchisini haqoratlash orqali AQSHni sharmanda qilgan. Uning aytishicha, Bayden AQSH siyosati uchun shunchaki kukla vazifasini bajarmoqda.

"Qo‘shma Shtatlar davlat rahbarining og‘zidan chiqadigan bunday bema’ni gaplar qandaydir tarzda boshqa davlat rahbarini, xususan, Prezident Putinni xafa qilmaydi. Lekin bu mamlakatning o‘zi uchun juda katta sharmandalik. Janob Bayden xuddi ipli qo‘g‘irchoq – Gollivud kovboyiga aylanib, tomoshabinlarga haqiqiy hukmron doiraning ichki siyosiy manfaatlarini namoyish qilmoqda", deydi Peskov.

Putinning o‘zi ham Baydenning aytganlarini javobsiz qoldirmadi. 

“Yaqinda siz va men gaplashdik va mendan Amerika Qo‘shma Shtatlarining bo‘lajak Prezidenti sifatida kim bizga ma’qulroq, deb so‘ragan edingiz. Men har qanday Prezident bilan hamkorlik qilishimizni aytdim, lekin biz uchun, Rossiya uchun Bayden afzalroq, deb ishonaman. Va uning aytganlariga asoslanib, men mutlaqo haqman, chunki bu men tomondan aytilgan gaplarga adekvat munosabatdir”, deydi Rossiya rahbari.

Putinni tili bilan haqorat qilgani yetmagandek, Bayden joriy hafta uning marhum muxolifatchisi Aleksey Navalniyning bevasi va qizi bilan uchrashdi. 

Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Amerika yetakchisi Navalniyning “erkin va qonun ustuvorligi hamma uchun birdek amal qiladigan demokratik Rossiya uchun korrupsiyaga qarshi kurashdagi favqulodda jasorati”dan hayratda ekanini bildirgan. 

Navalniyning bevasini quchoqlab, unga ta’ziya bildirgan Baydenning fikricha, Alekseyning jasorati, merosi uning bevasi Yuliya va qizi Dashada, shuningdek, Rossiya bo‘ylab demokratiya va inson huquqlari uchun kurashayotgan son-sanoqsiz odamlarda saqlanib qoladi.

Shuningdek, Bayden AQSH Navalniyning o‘limi, Rossiya repressiyasi va tajovuzlari hamda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga javoban yana Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli yangi sanksiyalar e’lon qilishini tasdiqlagan. Ushbu chora-tadbirlar to‘plami Rossiyaning mudofaa va sanoat bazasini o‘z ichiga olgan bir qator ob’ektlarga, shuningdek, Rossiya iqtisodiyoti uchun daromad manbalariga qaratilgan.

Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi birinchi o‘qishda pedofiliya va bolalarni o‘ldirish uchun umrbod qamoq jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. 

Qonun loyihasi bilan voyaga yetmaganlarni qiynoqlarga solish yoki sog‘lig‘iga og‘ir va o‘rtacha og‘irlikdagi zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda, xususan, ozodlikni cheklash tarzidagi muqobil jazo turi bundan mustasno. Voyaga etmagan bolani o‘ldirish yoki pedofiliya uchun muqobil bo‘lmagan jazo – umrbod qamoq jazosi joriy etiladi.

Qo‘shni respublikada bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik bilan shu tarzda kurashish naqd bo‘lib turganda, O‘zbekistonda bu tarzdagi jinoyatlarni xaspo‘shlashgan urinish urchib bormoqda. 

Xususan Xorazmda mehribonlik uyi qizlari bilan jinsiy aloqa qilgan sobiq mansabdorlar jazoni o‘tash uchun qamoqqa emas, manzil-koloniyaga yuborilgani, lekin jamoatchilikka boshqacha ma’lumot berilgani aniqlandi. O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida mazkur masala yuzasidan izoh talab qilib, post qoldirgandi. Toshkent shahar sudlari esa bunga o‘z rasmiy munosabatini bildirdi.

Qayd etilishicha, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq rahbari Oybek Masharipovv va Yangiariq tumani FVV sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov jinoyat sodir qilgan vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 3 yilgacha, 128−1-moddasida (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lib, Jinoyat kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, har ikki jinoyat ham ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar tasnifiga kiritilgan.

Shu sababli, Masharipov va Kuryazovga jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi va 128−1-moddasi sanksiyasi doirasida jazo tayinlangan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 50-moddasida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotganlarga nisbatan jazoni manzil-koloniyalarda o‘talishi nazarda tutilgan. Shu sababli, jazoni ijro etish maqsadida sobiq amaldorlarning manzil-koloniyalarga jo‘natilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 3 noyabrdagi hukmiga muvofiq, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan Oybek Masharipov va Anvar Kuryazov hozirgi kunda Samarqand viloyati hududida joylashgan manzil-koloniyalarda jazo muddatlarini o‘tab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning aprel oyida Xorazmdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari (3 nafar qiz) 10 oy davomida viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Kuryazov tomonidan zo‘rlab kelingani ma’lum bo‘lgandi. Xiva tuman sudi ularga nisbatan 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinlagandi. Shuningdek, ularga sharoit yaratib bergan bolalar uyi rahbari 5 yarim yilga qamalgandi. Uch nafar sudlanuvchi hukm ustidan Xorazm viloyati sudiga shikoyat qilgan, lekin apellyatsiya instansiyasi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

2023 yilning 3 noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida Xorazmdagi mehribonlik uyida qizlarni zo‘rlagan amaldorlarga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Sud hukmi bilan ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Xorazmda mehribonlik uyi qizlari bilan jinsiy aloqa qilgan sobiq mansabdorlar jazoni o‘tash uchun qattiq tartibli qamoqxonaga emas, balki manzil-koloniyaga yuborilganini tugayotgan haftada Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikromjon Muslimov ham izohladi.  

“Jazoni o‘tash tartibiga keladigan bo‘lsak, bu sudyaning qo‘lidagi masala emas. Bu qonunda qat’iy belgilab qo‘yilgan holat. Jinoyat to‘rtga bo‘linadi: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga. Qonunda birinchi marta ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir qilgan shaxsga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansa, uni manzil-koloniyasida o‘tashi qat’iy belgilangan. Uni sud men xohladim qattiq tartibda, men xohladim umumiy tartibda, deb belgilab berolmaydi. Shu sababli, qonun talabidan kelib chiqqan holda yuqorida qayd qilingan shaxslarga jazoni manzil koloniyasida o‘tash belgilangan”, deydi Muslimov.

Xo‘sh, sudning pedofil amaldorlarga nisbatan qo‘llagan hukmiga siz nima deysiz?

Siz Yulduz Usmonovaning bu gaplariga qo‘shilasizmi? Albatta, hammaning hayotga, kechagi va ertangi kunga nisbatan o‘z qarashlari bor. Mayli, mavzudan uzoqlashmaylik.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda mahbuslarga nisbatan qiynoqlar davom etayotgani haqida videoxabar tarqaldi. Ombudsman holat yuzasidan o‘rganish olib bordi. 

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatda Buxoro viloyati "Otbozor" turmasida saqlanayotgan mahbuslarga nisbatan qiynoqlar amal qilishi haqida so‘z borgan. Unda mahkumlarning sochlari taqir kalga olinishi, ularga tefal va nos kiritilmasligi, ko‘nikma markazlari va tintuvga oid noroziliklar bildirilgan. 

Ushbu videoxabarda Buxoro shahridagi 4-son Tergov hibsxonasi (TH) haqida gap ketayotgani aniqlangan. Murojaat zudlik bilan Ombudsman nazoratiga olinib, uning viloyatdagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga borib o‘rganilgan.

Monitoring davomida, hibsxonada saqlanayotgan mahbuslar bilan uchrashilib, xabarda keltirilgan holatlar yuzasidan so‘ralganda, ular qaynatilgan suv so‘ralgan zahotiyoq berilayotgani, sochlari esa faqat mashinkada yengillashtirilgan holda olinishi, har hafta yuvinishga yetarli vaqt berilayotgani, posilka va banderollar hamda yo‘qlovlar orqali tamaki mahsulotlari olayotganliklarini bildirgan.

Ular bilan suhbat davomida ombudsman mintaqaviy vakiliga qiynoq holati bo‘yicha murojaatlar kelib tushmagan. “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasiga ko‘ra, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga qonunchilikda belgilangan sanitariya, gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan maishiy sharoitlar yaratilishi aytilgan.

Monitoringda hibsxona ma’muriyati tomonidan Tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarni doimiy ravishda qaynatilgan suv va issiq choy bilan ta’minlash maqsadida suv qaynatkich o‘rnatilgani aniqlandi.

Nos tamaki mahsuloti rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmagani, mahsulot nimadan iboratligi noma’lum bo‘lgani sababli tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarga berilishiga hibsxona rahbariyati tomonidan cheklov qo‘yilgani aniqlangan. 

Tugayotgan haftada Afg‘onistonda qotillikda ayblangan ikki kishi omma oldida qatl etildi. 

Ali Lala qishlog‘idagi futbol maydonida o‘tkazilgan qatlda G‘azni viloyati aholisi ishtirok etgan. Bir kun avval “Tolibon” a’zolari ikki kishining qatlni tomosha qilish uchun aholini futbol maydoniga chaqirgan. Qatl hukmi chiqarilganlar besh va yetti yil avval odam o‘ldirganlikda ayblangan.

“Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda sud qarorini ko‘rib chiqib, o‘lim jazosini tasdiqlagan. 

Ma’lumot uchun, ushbu voqea “Tolibon” hokimiyatga kelganidan keyin sodir bo‘layotgan to‘rtinchi ommaviy qatl sifatida qayd etilgan. Nashrning yozishicha, o‘lim hukmi ijrosini tomosha qilganlar orasida jinoyatchilarning oila a’zolari ham bo‘lgan.

Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotida ishtirokini to‘xtatdi. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan “France 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

"Kollektiv xavfsizlik shartnomasi, bizningcha, Armanistonga nisbatan, ayniqsa, 2021-2022 yillarda amal qilmadi. Bu bizning e’tiborimizsiz qolishi mumkin emas. Biz bu kelishuvdagi ishtirokimizni to‘xtatdik. Ko‘ramiz, keyin nima bo‘ladi", degan Pashinyan. 

Armanistondagi Rossiya harbiy bazasi yopilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, Bosh vazir “hozirda bu haqda gap ketmayotgani”ni aytdi.

Shuningdek, Pashinyan Rossiya rasmiylarining pozitsiyasini tanqid qildi. Uning aytishicha, Rossiya bir necha oy oldin ochiqchasiga Armaniston aholisini hukumatni ag‘darishga chaqirgan. Bosh vazirning fikricha, Moskvadan unga qarshi bunday tashviqot zaiflashmaydi.

“Biz o‘z hududimizdagi noqonuniy harakatlarga toqat qila olmaymiz”, deydi Armaniston Bosh vaziri.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Kotibiyati esa Armanistondan tashkilotdagi a’zolikni to‘xtatib qo‘ygani haqida hech qanday bayonot olmaganini aytib chiqdi. 

Oxiri baxayr bo‘lsin-u lekin Pashinyan so‘nggi paytlarda Putin bilan ko‘p dahanaki jangga kiryapti. Mamlakat 1 fevral kuni Xalqaro jinoiy sudga rasman qo‘shildi. Mamlakatda ratifikatsiya qilingan Rim statutiga binoan, Xalqaro jinoiy sud tomonidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan hibsga olish orderiga ko‘ra, endi Putin Armanistonga kelsa, hibsga olinishi kerak.

Qolaversa, Pashinyan oxirgi paytlar KXSHTdan to‘yib yurgandi. KXSHTning 2023 yil noyabr oyidagi Minskdagi sammiti tashkilot va Armaniston munosabatlari yomonlashgani fonida o‘tdi. 

Pashinyan avvalroq KXSHTni 2021 yil may va 2022 yil sentyabr oylarida Baku bilan to‘qnashuvlar vaqtida Yerevanga yordam bermaganlikda ayblagan edi. Shu fonda Armaniston KXSHTdan mamlakatga yordam berish masalasini kun tartibidan olib tashlashni so‘radi. Pashinyan Minskdagi sammitga bormadi, bu esa Putin va uning og‘zi bo‘lgan Lushenkoning asabini buzdi. 

Armaniston Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi rahbarlari sammit oldidan tashkilot tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda ham qatnashmadi. Respublika parlamenti spikeri Alen Simonyan dekabr oyida bo‘lib o‘tgan KXSHT Parlament Assambleyasi yig‘ilishida ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Mamlakat Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi elchisini chaqirib oldi va yangisini tayinladi. 

O‘tgan yilning sentyabr oyida  Belarusda bo‘lib o‘tgan KXSHT jamoaviy kuchlarining “Jangovar birodarlik-2023” operativ-strategik mashg‘ulotlarida ham, oktyabrda Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida bo‘lib o‘tgan “Buzilmas birodarlik – 2023” qo‘shma mashg‘ulotlarida ham Armaniston qatnashmagan. 

Yana aytaman, Usmonovaning aytganlarida jon bor. Harom yo‘llar orqali topilgan pullar, birovning musibati va qarg‘ishi evaziga topilgan davlat hech qachon baxt olib kelmaganini ko‘p va xo‘p ko‘rdik. Ko‘rishguncha. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing