Xotinini o‘ldirgan vazir, bolani zo‘rlashda ablanayotgan deputat, tosh otilayotgan Lola, dag‘dag‘adan nari o‘tolmagan Eron – Hafta tahlili

Tahlil

Xonanda Lola Yo‘ldoshevani taniysiz-a. Menimcha, bu hafta uni tanigan ham tanidi, tanimagan ham. Uning mart oyi oxirida Toshkentda o‘tkazilgan ommaviy tadbirlardan birida kiyib chiqqan libosi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Buni siz ham ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, ko‘rmagan bo‘lsangiz, ko‘rib qo‘ying. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan lavhalar ortidan Lola Yo‘ldosheva allaqachon kuchini ham, savlatini ham yo‘qotib borayotgan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga chaqirtirildi. Xonanda esa u yerda ko‘zida yosh bilan tushuntirish berdi. Ushbu tashkilotdan himoya kutayotganini aytdi. Lekin uning o‘zi bor-yo‘g‘i ikki-uch yil avval o‘sha “O‘zbeknavo”mi “O‘zbekkonsert”mi, xullas, o‘sha tashkilotdagi badiiy kengashlar faoliyatini sovet davridagi senzuraga tenglashtirib, mazax klip tayyorlab chiqqandi. Bugun esa uning himoyasiga muhtoj. 

UNESCO'ning “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasining elchisi bo‘lishdek maqomni yelkasida tashiyotgan Lola birinchi marta kliplari yoki libosi uchun dakki eshitayotgani yo‘q. Esingizda bo‘lsa, bundan 8 yil avval xonanda Rayhon bilan bir-biriga suykalib aytgan qo‘shig‘i uchun ham anchagacha tanqid toshlari ostida qolgandi. Xullas, sizning bu mavzu bo‘yicha gaplaringiz ichingizda qolib ketmasin, ularni tartib va tarbiya bilan bemalol izohlarda yozishingiz mumkin. Biz esa gaplashishimiz, muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan mavzular juda ko‘p. Assalomu alaykum! 

Xabaringiz bor, bundan avvalgi hafta oxirlarida xalqaro hamjamiyat katta spektaklga guvohlik qildi.

Isroilning Suriyadagi Eron konsulligini havodan o‘qqa tutishi va odamlar halok bo‘lishiga javoban Eron o‘sha va’da qilingan zarbasini yo‘llagandek bo‘ldi. Avvaliga butun dunyo hozir Eron o‘chini oladi va Isroilning G‘azoga nisbatan zarbalariga nuqta qo‘yiladi, deb o‘ylagandi. Bunday bo‘lib chiqmadi. Agar buning nomi o‘ch bo‘lsa... 

Isroil Mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Hagarining aytishicha, Eron Isroilga uchuvchisiz samolyotlar, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum qilgan. 200 dan ortiq raketa va dron uchirilgan.

AQSH kuchlari tomonidan Isroil chegaralaridan tashqarida o‘nlab uchuvchisiz samolyotlar ushlangan. Bundan tashqari, mahalliy OAV manbalariga ko‘ra, dronlar Iordaniya havo kuchlari samolyotlari tomonidan ham tutib olingan. Shu bilan birga, uchuvchisiz samolyotlarning bir qismi oxir-oqibat Isroilga uchib ketgan va bu havo hujumi sirenalarini ishga tushirilishiga olib kelgan. 

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hujumdan so‘ng darhol xalqqa murojaat qildi. Isroil uzoq yillardan buyon Erondan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumga tayyorgarlik ko‘rgani, barcha mudofaa tizimlari joylashtirilgani, hukumat har qanday ssenariyga, ham mudofaa, ham hujumga tayyorligini aytdi. Shunday bo‘lib ham chiqdi, Netanyaxu shunchaki valdiramaganini isbotladi. Eron tomonidan uchirilgan raketa va uchuvchisiz samolyotlarning jami 99 foizi tutib olindi. 

Isroil armiyasi raketa va dronlarning aksariyati urib tushirilganini aytayotgan bir paytda, Tehron ular Isroil nishonlarini muvaffaqiyatli yo‘q qilganini iddao qilib chiqdi. Ammo o‘rtada isbot yo‘q. Isroil esa mamlakat janubidagi harbiy bazaga yengil zarar yetganini xabar qildi. O‘nlab odamlar tibbiy yordamga murojaat qilgan.

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Isroil Eronning Suriyadagi konsulligiga hujum qilgani uchun jazolanganini aytib chiqdi. Jazo?! Qanaqa jazo?! Nishonga borib tegmagan zarbalar qachondan jazo bo‘ldi? 

Yana kamiga Eron, agar Isroil javob qaytarsa, bundan ham kattaroq kuch bilan zarba berishi haqida tahdid qildi. Isroil esa bu dag‘dag‘adan cho‘chimadi. Yana hujumga o‘tdi. 

Isroil Prezidenti Isxak Gersog Eronning 14 aprelga o‘tar kechasi Isroil hududiga hujumini “urush e’lon qilish” deb atadi. Amerika matbuoti 19 aprel kuni ertalab Isroil Erondagi ob’ektga raketa hujumi uyushtirgani haqida suyunchi so‘rab xabar berdi. 

E’tiborli jihati shundaki, 19 aprel Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiyning tug‘ilgan kuni. Bu yil yoshulli 85 yoshni qarshiladi.  

Mamlakatning bir qancha viloyatlaridagi havo hujumidan mudofaa kuchlarining ishga tushirilgani aytildi. 

“Bloomberg” hujumdan bir kun oldin, 18 aprel kuni Isroil AQSHni Eronga yaqin 24-48 soat ichida zarba berish niyati borligi haqida ogohlantirganini yozdi. 

Isroilning Eronga hujumi Eron havo kuchlarining Isfahon shahri yaqinidagi bazasiga, respublikaning yadroviy inshootlariga xavfli darajada yaqin joylashgan nishonlarga qarata amalga oshirilgan. Xalqaro matbuotga ko‘ra, yahudiy davlati bu orqali Tehronga quyidagi mesejni yetkazmoqchi bo‘lgan: 

"Biz bu safar sizning yadroviy ob’ektlaringizga hujum qilmaslikka qaror qildik, lekin jiddiyroq harakat qilishimiz mumkin edi".

Alohida urg‘ulanishicha, Isfahonga zarba nafaqat zarar yetkazish maqsadida, balki Eronning yadroviy ob’ektlari hujumga qanchalik zaif ekanini yaqqol ko‘rsatish uchun qilingan.

Eron armiyasi qo‘mondoni general-leytenant Abdulrahim Musaviy ixtisoslashgan ekspertlar allaqachon Isfahon shahri osmonida urib tushirilgan dronlar bilan sodir bo‘lgan hodisaning holatlari va oqibatlarini o‘rganishga kirishganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Isfahon osmonida eshitilgan portlash havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining noma’lum ob’ektlarga qarshi ishlashi natijasida sodir bo‘lgan.

Eron Milliy kiberkosmik markazi vakili Husayn Daliryan ham X’dagi sahifasida Isfahon shahri osmonida urib tushirilgan uchuvchisiz samolyotlar Isroil yo boshqa davlatdan emas, balki respublika hududidan amalga oshirilgani, ya’ni o‘zlari uchirganini yozdi.

"Aftidan, Amerika ommaviy axborot vositalari Isroilning Eronga hujum qilishini orzu qilganga o‘xshaydi, u o‘qqa tutilgan bir nechta kvadrokopterlar bilan muvaffaqiyatsiz hujumni dunyoning hech bir joyida haqiqiy hujum deb bo‘lmaydi", deb yozdi Daliryan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbulda juma namozidan keyin jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Isroilning Eron hududiga bergan so‘nggi zarbalari haqidagi ikki tomonning bayonotlaridan qay biri to‘g‘ri ekanini bilmasligini aytdi. 

"Hozirda Isroil va Eron turli gaplarni aytmoqda. Hech qanday mas’uliyat yo‘q, tushuntirish yo‘q. Eronning bayonotlaridan kelib chiqib, uni rost gapiryapti, deyish mumkin emas. Isroil haqida esa umuman bunday deb bo‘lmaydi", deydi Turkiya rahbari.

O‘zbekiston esa Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvining yangi bosqichidan chuqur xavotirda ekanini bildirdi. 

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yoyinlangan bayonotda O‘zbekiston tomoni barcha taraflarni bosiqlikka, harbiy harakatlarni davom ettirishdan tiyilishga hamda mojaroni eng qisqa fursatlarda siyosiy tartibga solish uchun mumkin bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga chaqirishi aytilgan. 

“Mazkur mintaqadagi keskinlikning avj olishi yanada jiddiy oqibatlarga va keng ko‘lamli harbiy qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaymiz”, deyiladi bayonotda.

O‘zbekistonda kutilmagan holat sodir bo‘ldi.

Mamlakat Bosh prokurorining o‘rinbosari va Bosh prokuraturaning 3 ta boshqarmasi boshliqlari lavozimidan ketish uchun ariza yozdi. Albatta, bu ma’lumotlar Bosh prokuratura tomonidan rasman tasdiqlanmagan, tashkilot miq etmay kelayotgan bo‘lsa-da, ommaviy axborot vositalari, jumladan QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan xabarlarga e’tiroz bildirgani yo‘q. Demak, sukut alomati – rizo. 

Uzunquloq gaplarga qaraganda, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i, “zam” genprokuror Shamsiddin Sohibnazarov lavozimidan bo‘shash uchun ariza yozgan. 

U ushbu lavozimda 2023 yilning oktyabridan beri ishlab kelayotgandi. Sohibnazarov bu mansabga ko‘chadan kirib kelmagan, joriy yil boshida imzolangan Prezident farmoni bilan tayinlangan. 
 
Shuningdek, Bosh prokuraturaning boshqa mansabdorlari ham ishdan bo‘shash haqida ariza yozgani aytilmoqda. Ammo bu xabar ham hozirgacha rasman tasdiqlangani yo‘q. Xo‘sh, ular kimlar? 

17-boshqarma, ya’ni Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda qonunchilik ijrochi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i;

18-boshqarma – O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i; 

21-boshqarma – Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i.

Shuningdek, QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Anvar O‘rmonov ham lavozimidan "uchgan" bo‘lishi mumkin. 

Qozog‘istonda turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda ayblanayotgan sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev ustidan sud bo‘lib o‘tmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda marhuma Saltanat Nukenovaning oilasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida #Saltanatuchun deya fleshmob o‘tkazilmoqda. Ushbu fleshmobni O‘zbekistonda va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida ham qo‘llayotganlar bor. 

Fojia “Astana Bau” restoranida 2023 yil 9 noyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev xotini Saltanat Nukenovani kaltaklab o‘ldirgan.

Shu kuni Bishimbayev hibsga olindi va unga 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Agar tergov uning qotillikni alohida shafqatsizlik bilan sodir etganini isbotlasa, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Tergovni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev shaxsiy nazoratiga olgan.

Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun qabul qilinishi arafasida, sud jarayoni ilk bor jonli efirda namoyish etildi. Qozog‘istonda oilaviy zo‘ravonlikka oid yana bir xabarimiz bor, bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Joriy yilning mart oyi boshida Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan Merey Omonboyeva kursisiga o‘tirganidan bir oy o‘tar-o‘tmas unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Qayd etilishicha, Omonboyeva firibgarlik jinoyatini sodir etishda gumonlanmoqda. U Navoiy shahar hokimi orqali yer maydoni olib berishni va’da qilib, quruvchi tadbirkordan katta miqdorda pul olgani aytilyapti.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 28,211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

QALAMPIR.UZ voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Omonboyeva bilan bog‘landi. Uning aytishicha, qandaydir tushunmovchilik sodir bo‘lgan. U yer maydoni olib berishni va’da qilib, quruvchi tadbirkordan katta miqdorda pul olgani haqidagi gaplarni tuhmat deb hisoblashini bildirdi.

“Rahbar bo‘lib ishlash qiyin. Hali men uchun bunaqa zarbalar ko‘p bo‘lsa kerak. Men hammasi bilan kurashaman. Men Prezidentga va’da berganman. Men hech narsadan qaytmayman, faqat xalq uchun, davlat uchun xizmat qilaman”, dedi Merey Omonboyeva QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.

Xo‘sh, Merey o‘zi kim? U 2021 yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqib, Prezidentning viloyatga kelganidan “dux” olganini aytgan qiz. Unga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil hadya qilingan. Mana, o‘sha video.

Aslida Mereyning bunday yuqori lavozimga tayinlanishi ham ancha tasodifiy. U Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i kursisini egallagunga qadar oddiygina mahallada hokim yordamchisi bo‘lib ishlagan, xolos. 

Gruziya parlamentining muxolifatdagi “Fuqarolar” partiyasi a’zosi Aleksandr Elisashvili xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” hukmron partiyasi ijrochi kotibi, parlamentdagi ko‘pchilik yetakchisi Mamuka Mdinaradze bilan mushtlashib ketdi.

Bu vaqtda yig‘ilish qonun chiqaruvchi organ saytida jonli efirda namoyish etilayotgandi.

Mdinaradze qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqqan parlamentning huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida deputatlar savollariga javob berayotgandi. To‘satdan Elisashvili uning oldiga yugurib kelib, qo‘li bilan boshiga urdi. Janjalga boshqa deputatlar ham qo‘shildi. Qo‘mita majlisi to‘xtatildi. Qo‘riqchilar Elisashvilini majlislar zalidan olib chiqib ketdi. 

Gruziyaning hukmron partiyasi aprel oyi boshida “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini parlamentga qayta kiritish to‘g‘risidagi qarorini shu kabi tashabbus ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lganidan bir yil o‘tib e’lon qildi. Qonun loyihasi matnida 2023 yildagi kabi, “xorijiy ta’sir agenti” atamasi o‘rniga "xorijiy kuchning manfaatlarini ko‘zlaydigan tashkilot" tushunchasi ishlatilgan.

Gruziya parlamentining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlagach, Tbilisidagi parlament binosi yonida norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishlar qarama-qarshilik va hibsga olishlar bilan avj oldi. 

Namoyishlar va qarshiliklarga qaramay, Parlament “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Hujjatni qabul qilish uchun 83 deputat ovoz berdi, birortasi ham qarshi ovoz bermadi. Ovoz berishda faqat parlamentdagi ko‘pchilik vakillari ishtirok etgan. Muxolifatdagi partiyalar vakillari jarayonda qatnashmagan.

Qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida parlament raisi Shalva Papuashvili muxolifatdan bo‘lgan 4 deputatni zaldan chiqarib yuborgan. 

Qonunga muxolifat, Prezident Salome Zurabishvili, shuningdek, diplomatik korpus, jumladan, YeIning Gruziyadagi missiyasi va AQSH elchixonasi qarshi chiqdi. Tashabbus muxoliflariga ko‘ra, qonun loyihasi Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuviga to‘sqinlik qiladi.

Qonun qabul qilinganidan keyin namoyishlar yanada kuchaydi. Namoyishchilar va qonunga qarshi chiqayotganlar mamlakatning yana sovet davriga qaytayotgani, Putin Rossiyasidagi siyosat qo‘llanayotganidan norozi. Chunki bungacha shunday qonun Ukrainaga davom etayotgan hujum va mamlakatdagi ichki norozilik fonida Rossiyada ham qabul qilingan edi. Aprel oyi boshida esa Qirg‘iziston ham Rossiyaning etagidan tutib shunday qonunni qabul qildi. Qo‘shni Qozog‘istonda esa 2023 yilning sentyabr oyida “xorijiy agentlar” reyestri tuzilib, unga 240 jismoniy va yuridik shaxs, jumladan, huquq faollari, jurnalistlar hamda xorijiy kompaniyalar vakolatxonalari kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Aeronavtika Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputati Nuriddin Zaynitdinov 13 aprel kuni huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. 

Deputatning nima uchun qo‘lga olingani va ushlab turilgani hozircha noma’lum. Huquq-tartibot organlari rasmiy munosabat bergani yo‘q. 

Biroq, “Sukut saqlama” loyihasining ma’lum qilishicha, Zaynitdinov Jinoyat kodeksining 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, hibsga olingan.

"Jinoyat qurboni 14 yoshli o‘smir bo‘lib, uning ota-onasi jinoyat haqida ichki ishlar organlariga xabar bergan. Huquq-tartibot idoralarining tasdiqlashicha, deputatga ushbu modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan", deyiladi xabarda.

Muqaddam Nuriddin Zaynitdinov bir necha bor o‘ziga qarshi "provokatsiya " va bosimlar uyushtirilayotgani haqida bayonot bergan.

“Siyosiy buyurtma” bilan menga qarshi deputatlik faoliyatim uchun provokatsiyalar uyushtirilayotgani va menga bosim o‘tkazilayotgani, meni obro‘sizlantirish, nomimni bulg‘ashga urinishlar menga ishongan va meni saylagan xalqqa nisbatan qilingan xiyonatdir”, degan deputat o‘shanda.

17 aprel kuni Rossiya tinchlikparvar kuchlari Ozarbayjon tomonidan qayta egallangan Qorabog‘ hududidan chiqib keta boshladi. 

Ayrim Ozarbayjon nashrlarining yozishicha, ushbu jarayon 16 apreldan boshlangan. Aslida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya davlat rahbari Vladimir Putinning 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama kelishuviga asosan ushbu kontingent 2025 yilgacha mintaqada qolishi kerak edi. Biroq Putin kelishuvlar qayta ko‘rib chiqilishini xohlagan.

Ijtimoiy tarmoqda sizdirilgan tasdiqlanmagan kadrlarda Shimoliy Kavkaz hududidan Rossiya bayrog‘i ostidagi harbiy mashinalar karvoni harakatlanayotgani ko‘rsatilgan. Nashrlar qo‘shinlar ko‘chirilishini ularga zarurat qolmaganligi bilan izohlagan.

Rossiya tinchlikparvar kuchlari Qorabog‘ hududiga 2020 yil noyabr oyida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlikdan so‘ng joylashtirilgan edi. O‘sha paytda rus kontingenti hajmi 2000 nafarga yaqin harbiy xizmatchi va 90 ta zirhli transport vositasidan iborat bo‘lgani ma’lum qilingan.

2023 yil sentyabrida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ni to‘la egallash uchun maxsus operatsiya o‘tkazdi. Oqibatda poytaxti Stepanakert bo‘lgan tan olinmagan respublika Baku qo‘liga o‘tdi. Unda yashayotgan 100 mingga yaqin etnik armanlar Armanistonga ko‘chib ketdi va Rossiyaning kimnidir, nimanidir qo‘riqlashiga zarurat qolmadi. AQSH esa Rossiya kontingentining chiqib ketishini muvaffaqiyatsizlik deb atadi. 

Tugayotgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga tarixiy tashrifni amalga oshirdi. Bu tashrifni tarixiy deb atayotganimizning o‘ziga xos qator sabablari bor, ularga birgalikda to‘xtalamiz. 

Birinchidan, Mirziyoyev Dushanbe aeroportining o‘zidayoq katta tantana, hurmat va ehtirom bilan kutib olindi. Uni qarshi olish uchun aeroportga Prezident Imomali Rahmonning o‘zi chiqdi. Kutib olish marosimi rasmiy tarzda “Qasri Millat” qarorgohida davom etdi. 

Prezidentlar o‘rtasidagi muloqot tor doiradagi uchrashuvdan boshlandi. Unda davlat rahbarlari Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga kelishib olgan. 

Navbat rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvga.

Unda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqin aloqalarni davom ettirish, Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ilgari surish muhimligi aytildi. 

Uchrashuvda suv-energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik ifoda etilgani ochiqlandi. 

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Prezidentlar Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

Tashrif davomida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 28 ta hujjat qabul qilindi. O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi yangi binosi ochildi. 

Prezidentlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun ikki mamlakat madaniyat va san’at arboblarining bir guruhiga faxriy unvonlarni topshirdi.

Ha darvoqe, O‘zbekiston Prezidenti Tojikistonda bo‘lib turgan bir paytda Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov ham Qozog‘istonga bordi va tadbirlar ssenariysi deyarli farq qilgani yo‘q. Faqat To‘qayev va Japarov strategik sheriklik yo ittifoqchilikka oid hujjatlarni imzolagani yo‘q. To‘qayev Japarovning qo‘lini bo‘sh qaytargani yo‘q, uni mamlakatning “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi. Bu Qirg‘iziston tarixidagi Prezidentlarning birinchi marta mukofotlanishi emas. Bungacha sobiq prezident Almazbek Atamboyev ham 2014 yilda Qozog‘istonning “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. Lavozimidan quvilgan sobiq prezident Sooronbay Jeenbekov ham 2019 yilda “Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Millat yetakchisi Nursulton Nazarboyev” ordeniga loyiq ko‘rilgandi. Nazarboyevning sobiq qudasi, Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev ham 2001 yilda Qozog‘istonning “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rilgan edi. Xullas, Japarov Qozog‘istonda mukofot olayotgan birinchi Qirg‘iz Prezidenti emas. 

O‘zbekistonning strategik hamkorlari yana bittaga ko‘paydi. Navbatdagi mamlakat anchayin boy. U – Qatar. Tugayotgan haftada  O‘zbekiston va Qatar ikki tomonlama strategik sheriklik shartnomasini imzoladi.

Toshkentda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti Tashqi ishlar vazirlarining 2-yig‘ilishi doirasida uchrashuvda bir qator hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Hujjatni Qatar Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon bin Jasim Ol Soniy hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov imzolagan. 

AQSH 40 yildan buyon qo‘ynida ilon saqlab kelgani ma’lum bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlarning Boliviyadagi sobiq elchisi Manuel Rochani Kuba foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 

2000 yildan 2002 yilgacha AQSHning Boliviyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Viktor Manuel Rocha noqonuniy xorijiy agent sifatida ishlaganlik uchun ikki band bo‘yicha aybini tan olgan. Unga birinchi ayblovlar o‘tgan yilning dekabrida qo‘yilgan edi. 

AQSH prokurorlarining da’vosicha, 73 yoshli Rocha Kubaning hukmron Kommunistik partiyasini yashirincha qo‘llab-quvvatlagan va mamlakatga 40 yildan ortiq vaqt, jumladan, AQSH Davlat departamentidagi 20 yillik faoliyati davomida Vashingtonga qarshi razvedka ma’lumotlarini to‘plashda yordam bergan. 

Rocha Kuba uchun o‘nlab yillar davomida ishlaganini tan oldi. U 2022 va 2023 yillarda o‘zini Kuba tashqi razvedka xizmati vakili sifatida ko‘rsatgan Federal tergov byurosi maxfiy agenti bilan bir qator uchrashuvlar chog‘ida fosh qilinishdan qochish qobiliyati bilan maqtangan.

Qozog‘istonda vazir turmush o‘rtog‘ining qotiliga aylangani bilan bog‘liq voqea butun dunyo diqqat markazida turgan bir paytda mamlakatda “Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini ta’minlashga doir o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 

Qonun bilan qasddan sog‘liqqa yengil, o‘rta va og‘ir darajada shikast yetkazish, shuningdek, kaltaklash uchun jinoiy javobgarlikka tortish kabi normalar, xususan, jarimalar, jamoat ishlari va 50 sutkagacha qamoq shaklidagi jazolar joriy etilmoqda. 

Endilikda 16 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan qotillik, zo‘rlash yoki jinsiy tajovuzda aybdor deb topilgan shaxslar yengilroq jazo qo‘llash huquqisiz umrbod ozodlikdan mahrum qilinadi. Voyaga yetmaganlarni qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilganlik uchun – 5 yildan 10 yilgacha, voyaga yetmaganlarni o‘g‘irlaganlik uchun – 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Shuningdek, bulling, kiberbulling kabilar uchun ma’muriy jazo kiritildi.

Qirg‘iziston parlamenti esa 16 yoshdan oshgan pedofillarga umrbod qamoq jazosi berilishiga ruxsat berdi.

Ushbu normani nazarda tutuvchi qonunning qabul qilinishiga Qirg‘izistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari bir necha barobar ortgani sabab bo‘lgan. 

Deputatlarning fikricha, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, jazoni o‘tashdan ozod etilgan ko‘plab mahkumlar jinoyat sodir etilgan paytdagi yoshiga qaramay, ilgari sudlangan bo‘lgan jinoyatlarini qayta sodir etadi.

Endi deputatlar tomonidan qabul qilingan qonun loyihasi kuchga kirishi uchun u mamlakat Prezidenti tomonidan imzolanishi kerak.

Qirg‘iziston Jinoyat kodeksiga jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlarni birinchi marta kiritayotgani yo‘q. Joriy yilning yanvar oyida davlat rahbari zo‘rlash bo‘yicha ishlarni tomonlar jinoyat sodir etgandan so‘ng, shuningdek, da’vo muddati o‘tganidan keyin tugatish mumkin bo‘lmagan qoidani tasdiqlagan.

Shu bilan birga, Jogorku Kenesh bir necha bor pedofillar uchun o‘lim jazosini qo‘llash tarafdori bo‘lgan. Masalan, 2022 yilda Qirg‘iziston deputatlarining uchdan ikki qismi Jinoyat kodeksiga o‘lim jazosi bo‘yicha tegishli o‘zgartirishlar kiritish uchun ovoz bergan, biroq qonun loyihasi respublika Konstitutsiyasi normalariga mos kelmasligi sababli oldinga siljimagan.

Samarqand viloyatining Toyloq tumani "Darg‘om" kanalidan 4 yoshli qiz va 1 yoshli bolaning jasadi topildi. 

Gap shundaki, 15 aprel kuni Urgut tumanida yashovchi fuqaro Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, Samarqand shahrida yashovchi kelini ikki bolasi bilan uydan noma’lum tomonga chiqib ketganini aytgan. 16 aprel kuni Darg‘om kanalining Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismidan 4 yoshli qizaloq va 1 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topilgan. Keyinroq ayolning jasadi ham topildi.

Mazkur holat yuzasidan Toyloq tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Endi o‘quvchilar xorijiy davlatga chiqishidan oldin maktab direktorining roziligini olish talab etilishi mumkin.

Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining "O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi buyruqqa o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi hujjat loyihasida keltirilgan.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, endilikda ota-onalar farzandi bilan birga qaysi xorijiy davlatga ketish sabablarini va xorijda qolish muddatini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat etishi belgilanmoqda.

Ariza maktab direktori tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘quvchi vaqtincha xorijiy davlatga ketayotganligi haqida hamda sinf rahbari va fan o‘qituvchilarini xabardor qilish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi.

Maktab direktori har yili 25 mayga qadar o‘quv yili davomida maktabni xabardor qilmasdan xorijiy davlatga chiqib ketib kamida uch oydan ortiq muddatda uzluksiz dars mashg‘ulotlariga qatnashmagan o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasiga kiritadi.

Mazkur o‘quvchilar Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasi roziligi bilan o‘quvchilar safidan chiqariladi.

Gapni Loladan boshlagandik. Oxiriga yetkazib qo‘yaylikki, mavzu ochiq qolmasin.

“O‘zbekkonsert” xonandaning litsenziyasini olmagan. Shunchaki unga litsenziya talablari orasida kiyinish madaniyati ham borligini eslatib qo‘yganini aytib chiqdi. Yaxshimi yo yomonmi bunday eslatmalar kerakdek. Har holda gap madaniyat va milliy qiyofa, millat qiyofasi haqida ketmoqda. Sahnaga chiqqan kishi kiyingani, lekin kiyinmagandek taassurot uyg‘otib tursa, yana boshqa bloger o‘zbek xalqini itning keyingi oyog‘i desa, boshqasi bir kosmetolog deganlari o‘zbek xalqini eng madaniyatsizga chiqarsa.... Lolaga-ku tushuntirilibdi, lekin anavi blogerlarning yoqasidan oladigan, nima deyapsan o‘zi deb, chora ko‘radiganlar bormi? It qutursa egasini qopadi yo o‘zingniki o‘zagingni qirqar, deb shuni aytishsa kerak-da. Lekin yana bir gap bor: xalq tupursa tagida qolasiz. Salomat bo‘ling. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing