Dunyodagi eng shafqatsiz 10 ta qamoqxonani bilasizmi?  

Tahlil

image

Deyarli har bir davlat mahbuslar huquqlarini buzmaslikka va jismoniy zo‘ravonlik hamda o‘lim jazosisiz tarbiyaviy ishlarni olib borishga harakat qiladi. Sharoit jihatidan ba’zi turmalarni hatto yaxshi ovqat beradigan va yaxshi ta’mirlangan dam olish zonasi bilan taqqoslash mumkin. Ammo dunyoda shunday dahshatli qamoqxonalar borki, ularda mahbuslarga nisbatan qiynoqlar va og‘ir sinovlar qo‘llaniladi. 

1. "Qora delfin" qamoqxonasi, Rossiya

Ushbu maxsus koloniyada Rossiyaning turli burchaklaridan kelgan eng xavfli jinoyatchilar, jumladan ganniballar, terrorchilar va pedofillar saqlanadi. Mahbuslar chiroq yoqilgan holda uxlashadi va muntazam videokuzatuv ostida bo‘ladi. Agar ba’zi sabablarga ko‘ra, ular kameradan chiqishiga to‘g‘ri kelsa, mahbuslarga maxsus o‘rgatilgan it va qurollangan qo‘riqchilar hamrohlik qiladi. Kameralar 4,5 m² o‘lchamli va xona ichi qafasni eslatadi. Xonaning ichida ham panjaralar o‘rnatilgan bo‘lib, ular odamlarni deraza va eshiklardan ajratib turadi. Mahbuslar qamoqxonaning ichki tuzilishini eslab qolmasliklari uchun har safar yo‘laklardan ko‘zlari bog‘langan holda o‘tadi, bu esa ularning qamoqxonadan qochish ehtimolini kamaytiradi. Harakatlanayotganda mahbuslarning qo‘llari orqasiga bog‘langan va boshlari pastga tushirilgan – "qaldirg‘och pozasi" holatida bo‘ladi. Hatto mahbuslar qo‘llarini orqasiga kishanlagan holda aylanib yurishadi. Shu vaqtgacha “Qora delfin”dan qochib qutulish hech kimga nasib qilmagan, shuning uchun bu strategiya samarali hisoblanadi.

 2. “Sante qamoqxonasi”, Fransiya

Parijda joylashgan ushbu qamoqxona mahbuslari uchun shafqatsiz sharoitlari bilan mashhurdir. Ko‘plab mahbuslar “Sante”da jazo muddatini o‘tayotib, o‘z joniga qasd qilgan. Masalan, 1999 yilda bu yerda 124 mahbus suitsidga qo‘l urgan. Qamoqxonada zo‘ravonlik shu qadar avj olganki, mahbuslarga kuniga to‘rt soatgina kameradan chiqishga ruxsat beriladi.

Ma’lumot uchun, “Sante” so‘zining o‘zi “salomatlik” deb tarjima qilinadi, ammo uning sharoiti mutlaqo buning teskarisi.

3. “Bangkvang” qamoqxonasi, Tailand

 Tailandning Bangkok shahrida joylashgan ushbu axloq tuzatish muassasasi Nikol Kidman ishtirokidagi avstraliyalik “Bangkok Xilton” seriali bilan mashhur. Tailandliklarning o‘zlari bu qamoqxonani "Katta yo‘lbars" deb atashadi va bu qamoqxona o‘z qurbonlarini yeyayotganidan dalolat beradi. Bu yerdagi mahbuslar o‘limga yoki uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan. “Bangkvang”da qiynoqlar doimiy qo‘llaniladi. 25 va undan ortiq mahbuslar  6x4 metr o‘lchamdagi kichik kameralarda saqlanadi. Jinoyatchilarga kuniga bir mahal ovqat beriladi, qolganini qarindoshlari yoki do‘stlari bergan pulga sotib olishlari kerak. “Katta yo‘lbars”da vabo, difteriya, bezgak va boshqa kasalliklar mahbuslarning ko‘pligi, normal sanitariya-gigiyena sharoitlarining yo‘qligi, noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli yuzaga keladi.

4. “Sabaneta” qamoqxonasi, Venesuela

Ushbu turmada atigi 700 kishiga mo‘ljallangan binoda 3700 dan ortiq mahbus saqlanadi. Shu bilan birga, qamoqxona xodimlari juda kam, har 150 mahbusga atigi 1 qo‘riqchi to‘g‘ri keladi. U yerda sanitariya sharoitlari umuman yo‘q, polietilen qoplaridan hojatxona sifatida foydalaniladi, ichimlik suvi parazit va bakteriyalarga to‘la. “La Sabaneta”da  zo‘rlash va hatto boshni kesish odatiy holdir. Mahkumlarning aksariyati tor koridorlarda, hattoki, qamoqxona tomidagi tor joylarda uxlaydi. Faqat pul va kuchga ega bo‘lgan to‘da rahbarlari tibbiy yordam va televizorli shaxsiy kameralardan foydalanishi mumkin.

 5. “La Modelo” qamoqxonasi, Kolumbiya

Bu mashhur qamoqxonada mahbuslar qurol va hatto granatalarni osonlik bilan qo‘lga kiritadi, shu sababdan qon to‘kilishi odatiy holdir. 2000 yil 27 aprelda 25 mahbusning o‘limi bunga misoldir. Ma’lumotlarga ko‘ra, “La Modelo”dagi mahbuslar chap va o‘ng oqimlarga bo‘lingan. Shuning uchun, ular orasida har doim urushlar kelib chiqadi. Bundan tashqari, o‘ng qanot sektorida hatto ichki qoidalarni buzgan mahkumlar uchun alohida qamoqxona mavjud.

6. “Muhanga” qamoqxonasi, Ruanda

Atigi 400 kishiga mo‘ljallangan muassasada 7000 ga yaqin mahkum joylashtirilgan. “Muhanga” qamoqxonasida saqlanayotgan ko‘plab odamlar kun bo‘yi tik turishdan boshqa chorasi yo‘q va surunkali joy yetishmasligi tufayli birga uxlashga majbur. Shu sababdan,  mahbuslar ozodlikka chiqmasdan oldin bo‘g‘ilish va kasallikdan o‘ladi. Dunyodagi eng yomon qamoqxonalar singari, “Muhanga”da ham sanitariya va gigiyena tartibi deyarli yo‘q. U yerdagi pollar kanalizatsiya qatlami bilan qoplanganligi sababli, ko‘plab mahkumlarda oyoq infeksiyalari paydo bo‘ladi, oqibatda gangrena kasalligi kelib chiqadi – oyoq yoki oyoq barmoqlari kesiladi.

7. “Guantanamo” qamoqxonasi, AQSH

U yerda qurolli jangchilar maqomiga ega mahbuslar saqlanadi va maxsus harbiy komissiya tomonidan sudlanadi. Ularning aksariyati musulmonlardir. Hibsga olinganlarning aksariyatiga rasman ayblov qo‘yilmagan. Mahbuslarning o‘zlari, shuningdek, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar ko‘rsatmasiga ko‘ra, “Guantanamo” qamoqxonasidagi mahbuslarga nisbatan turli xil qiynoqlar qo‘llaniladi, jumladan, uyqusizlik, uzoq vaqt davomida maksimal ovoz balandligida musiqa tinglash, kaltaklash, cho‘ktirish kabilar.

8. “ADX Florensiya”, AQSH

Bu qamoqxona “do‘zaxning yaxshiroq versiyasi” sifatida tanilgan. Qolaversa, bu epitetni jurnalistlar emas, balki qamoqxonaning sobiq rahbari o‘ylab topgan. Qamoqxona eng xavfli jinoyatchilarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi 2,1 x 3,7 m o‘lchamdagi kameralarda saqlanadi. Ular 23 soatini kameralarda, qolgan bir soatini esa yurish yoki mashq qilishlari mumkin bo‘lgan alohida xonada o‘tkazadi. “ADX Florence” kameralaridagi stollar, ko‘rpa-to‘shaklar va stullar quyma betondan qilingan. Namunaviy xulq-atvori uchun mahkumlarni televizor, radio va oyna o‘rnatilgan kameraga o‘tkazishadi.

9. “Tadmor” qamoqxonasi, Suriya

Suriyaning Tadmor shahrida joylashgan qamoqxona dunyodagi eng yomon qamoqxonalardan biri sifatida tanilgan. Bu qamoqxonadagi shafqatsizlik, qiynoqlar va g‘ayriinsoniy munosabat uni butun dunyoga mashhur qilgan. “Tadmor” qamoqxonasidagi eng hayratlanarli voqea 1980 yil 27 iyun kuni sodir bo‘lgan, o‘shanda askarlar harbiy rahbar Rifat Asadning buyrug‘i bilan bir vaqtning o‘zida 500 ga yaqin mahbusni o‘ldirgan. Bu “Musulmon birodarlar” tashkilotining Suriya prezidenti Hofiz Asadga uyushtirilgan suiqasdiga nisbatan o‘ch olish, deb xabar berilgan. Turmada 5 yillik qamoq jazosini o‘tagan suriyalik shoir Faraj Berakdar uni “o‘lim va jinnilik shohi” deb atadi.

10. 22-lager, Shimoliy Koreya

22-lagerda 50 mingga yaqin mahbus bor, ularning aksariyati Shimoliy Koreya hukumatini tanqid qilgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. U yerdagi barcha mahkumlar davlat uchun bepul ishlashlari kerak bo‘ladi. Hatto Shimoliy Koreyadagi siyosiy qamoqxona lagerlarida odamlar ustida o‘tkazilayotgan tajribalar haqida xabarlar tarqalgan. BMTning KXDRdagi inson huquqlari buzilishi haqidagi rasmiy hisobotlaridan birida mamlakatdagi lagerlar sharoiti Germaniyadagi natsistlarning Ikkinchi jahon urushi davridagi jinoyatlari bilan qiyoslangan.

Ulkanbayeva Rayhona


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing