G‘arb davlatlari o‘z elchixonalariga razvedka infratuzilmasini joylashtirmoqda – KXSHT 

Olam

image

G‘arb davlatlari buzg‘unchi kontentni tarqatish uchun boshqa mamlakatlardagi elchixonalarida razvedka infratuzilmasini joylashtiradi. Bu haqda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakillarning XII xalqaro yig‘ilishining yalpi majlisida ma’lum qildi.

"G‘arb davlatlarining ko‘pincha qabul qiluvchi mamlakatlarda buzg‘unchi kontentni yaratish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi diplomatik vakolatxonalariga razvedka infratuzilmasini joylashtirishini o‘tkir muammo deb hisoblash mumkin", deydi Bosh kotib.

Tasmagambetov boshqa muammolar qatorida axborot xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish va bu sohada bir tomonlama siyosatni amalga oshirish uchun xalqaro huquqiy bazaning yo‘qligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, KXSHT Bosh kotibi o‘rinbosari Valeriy Semerikov yil davomida terrorizmni moliyalashtirish bo‘yicha 2,4 mingdan ortiq fakt aniqlanganini ma’lum qildi.

“27 jinoiy ish qo‘zg‘atildi, giyohvandlik vositalaridan olingan daromadlarni legallashtirish bo‘yicha 640 nafar shaxs ishtirokida 90 mingdan ortiq shubhali moliyaviy operatsiyalar aniqlandi", deydi Semerikov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, butun dunyodagi va KXSHT mas’uliyati hududidagi harbiy-siyosiy vaziyat katta tashvish uyg‘otmoqda.

"Faoliyatning barcha sohalarida juda katta mojaro salohiyati to‘plangan va buning fonida ba’zi davlatlar o‘z maqsadlariga erishish uchun turli xil xalqaro terrorchilik tashkilotlaridan foydalanadi", deydi KXSHT Bosh kotibi o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXSHT Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov Markaziy Osiyo mintaqasida hudud va suv kabi resurslar sabab mojarolar ehtimoli ortib borayotganini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

G'arb KXShT Imangali Tasmagambetov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing