Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qiydimi?

Tahlil

20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanini “Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qiydimi?" deb nomlagan bo‘lardik. Anjumanda sud huquq tizimidagi o‘zgarishlar, qilingan ishlar haqida ma’lumot berildi. Lekin ular orasida ko‘p muhokama bo‘lgani bu – oqlov masalasi.

Oliy sud raisining o‘rinbosarlari 2023 yil davomida qancha ish ko‘rilgani, ulardan qanchasi o‘zgartirilgani, yana qancha fuqaro qamalib, qanchasi sud zalidan ozod qilinganini aytdi. Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ikromjon Muslimov o‘tgan yilda qancha sudlanuvchi oqlanganiga to‘xtaldi.

"2023 yilning o‘zida 1244 nafar shaxs oqlandi. Shu jumladan, 623 nafar sovet hukumati davrida qatag‘onga uchragan ajdodlarimizga nisbatan chiqarilgan oqlov hukmlari ham bor. Bundan tashqari, dastlabki tergov organi tomonidan 6466 nafar shaxsga nisbatan qo‘yilgan ortiqcha ayblovlar sudlanuvchilarning zimmasidan olingan hamda 9146 ta shaxsga nisbatan tergov organi tomonidan e’lon qilingan og‘irroq ayblovlar yengiliga qayta kvalifikatsiya qilingan”, deydi Muslimov. 

Yuqorida, bu matbuot anjumanini “qarg‘a qarg‘ani ko‘zini cho‘qiydimi?" deb nomlasa bo‘ladi, deb bekorga aytmagandik. Ikromjon Muslimovning oqlov bilan bog‘liq ma’lumotlaridan keyin jurnalistlarda savollar ko‘paydi. Albatta bir yilda 1200 dan ortiq oqlov hukmi e’lon qilingan bo‘lsa, to‘qqiz mingdan ortiq shaxsga qo‘yilgan og‘ir ayblov yengiliga almashtirilishi ham shunchaki qilingan ish emas. Endi savol tug‘iladi: agar sudyalar noto‘g‘ri hukm chiqarsa ular jazolanadimi?

“Sud qarorlarining bekor qilinishi ko‘plab sudyalarga intizomiy jazo qo‘llanilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar u yana xatoga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, egallab turgan lavozimidan muddatidan ilgari ozod qilinishi masalasi ham ko‘tariladi.

2021 yilda 800, 2022 yilda 1010 ta, 2023 yilda 1244 ta odam oqlangan. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, yuqoridan “oqlovlarni kamaytiringlar”, degan hech qanday topshiriq bo‘lmagan”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari.

Rasmiylarga ko‘ra, deylik bir sudya ko‘rgan ish ustidan boshqa sud tomonidan oqlov hukmi e’lon qilinsa ham sudya osonlikcha javobgarlikka tortilmaydi. 

Muslimovning ta’kidlashicha oqlov ishida “sud xatosi” degan tushuncha bor. Agar sudya xato qilayotganini bilib turib, qasddan adolatsiz hukm chiqarsa javobgarlikka tortilishi mumkin. Sudya biror qonunni inobatga olmagan, dalilga to‘g‘ri baho bermagan bo‘lsa, yuqorida aytilganidek intizomiy jazo bilan qutiladi. Qolaversa, oqlov hukmi e’lon qilinayotgan ishlarning hammasi ham sud tergoviga emas, balki tergovdagi xatolarga borib taqaladi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovning xabar berishicha, sudlar tomonidan oqlov hukmlari chiqarilgan ishlarning 58 foizi prokuratura organlari, 34 foizi IIB, 13 foizi DXX tomonidan tuzilgan jinoyat hujjatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

“Oqlov hukmi chiqarilgan ishlarning hammasi ham sudlar bilan bog‘liq emas. 2023 yilda sudlar tomonidan oqlov hukmlari chiqarilgan ishlarning 58 foizi prokuratura organlari, 34 foizi IIB, 13 foizi DXX tomonidan tuzilgan jinoyat hujjatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Tergov organi agar asossiz ayblangan va sud tomonidan oqlangan bo‘lsa, sud tomonidan faqat bitta yo‘li bor: xususiy ajrim chiqarish, bunga munosabat bildirish tergov organining rahbariyatiga havola qilinadi. Haqiqatan ham aybi yo‘qligini bilib turib, ayblov hukmi chiqargan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik mavjud. Bugungi kunda hali unaqa holatga biz duch kelganimiz yo‘q... Ha shuncha oqlovdan. Endi 5900 ta oqlovning 1400 tasi qatag‘on qurbonlari, qolganlari esa bir paytlar ko‘rilgan ishlar – 2000-2005-2010 yillarda. Men jinoyat sudlari haqida gapiryapman, sudyalar o‘zining qabul qilgan qarori uchun nima desak bo‘ladi, jon kuydirmaydigan vaziyatga sal yaqinlashib qoldik. Shu sababli ham sud qarorlarining bekor qilinishi, o‘zgarishi sal ko‘paygani sezilyapti. Sudya qabul qilgan qarori o‘zgarsa yoki bekor bo‘ladigan bo‘lsa, u uchun juda katta signal bo‘lishi kerak. Qonun o‘zgaradi, vaziyat o‘zgarishi mumkin. Lekin sudyaning qonunni bilmasligi oqibatida yoki noto‘g‘ri talqin qilishi oqibatida yo‘l qo‘ygan xatosiga munosabat bildirish kerak. Men ham bu fikrga qo‘shilaman.

2023 yilda prokuratura tomonidan 218 ta oqlangan shaxsga nisbatan protez kelib tushgan. O‘shandan 59 tasi rad qilingan, 56 tasi qanoatlantirilgan, ya’ni oqlov bekor bo‘lgan, 3 ta protest  esa prokurorlar qaytarib olgan. Chunki ular tushunganki, oqlov to‘g‘ri bo‘lgan, protezi esa noto‘g‘ri bo‘lgan. 32 tasi esa bugungi kunda ko‘rilmoqda. 2023 yilda Oliy sudning o‘zida prokurorlar tomonidan oqlovga nisbatan kiritilgan protezlarning 109 tasi rad qilingan”, deydi Muslimov.

Shuningdek, matbuot anjumanida Oliy sud sudyasi O‘tkir Xolov ishtirok etib, sud tomonidan hokimlarning qarorlari haqiqiy emas, deb topilganiga to‘xtaldi. 

“O‘tgan davr davomida hokimlarning qarorlari haqiqiy emas deb topilgan holatlar ham bo‘ldi. Shulardan Samarqand viloyatida 219 ta, Toshkent shahri 202 ta va Surxondaryo viloyat va tuman hokimlarining 139 ta qarorlari haqiqiy emas deb topilgan”, deydi Oliy sud sudyasi Xolov. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Halilillo To‘raxo‘jayev esa sudyalardagi yuklamalar soni ortib borayotganini yashirmadi.

“Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiyada ko‘riladigan ishlar yuklamasi bir oyda 276,9 tani tashkil (hal qiluv qarori sud buyruqlari bilan birga) qiladi. Respublika bo‘yicha eng ko‘p ish yuklamasi Andijon tumanlar sudiga keladi. 424,2 taga. Eng kami esa So‘x tuman sudiga bu ko‘rsatgich 99,5 foizni tashkil etadi”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing