Kiyevga Berlin raketa uchirgichlar, Parij esa muddati o‘tgan raketalar beradi 

Olam

image

Fransiya Ukrainaga muddati o‘tgan uzoq masofali Scalp raketalarini, Germaniya esa 3 ta HIMARS raketa uchirgichlarini yetkazib beradi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Fransiya Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qilishda yordam berishning yangi usulini o‘ylab topdi. Chrysalis dasturining bir qismi sifatida Ukrainaga muddati o‘tgan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan komponentlardan yig‘ilgan uzoq masofali Scalp raketalarini topshirish rejalashtirilgan. 

“Radio France Internationale” ma’lumotlariga ko‘ra, Chrysalis dasturi konteynerlarda saqlanadigan Scalp raketalaridan foydalanadi. Bunday raketalarning ikki turi mavjud – yaroqlilik muddati o‘tgan, lekin foydalanilmagan va tarkibiy qismlari boshqa Scalp raketalarida foydalanish uchun olib tashlanib, keyin demontaj qilingan. Konteynerlarda saqlanadigan raketalar fransuz zavodlariga yetkaziladi va u yerda uch oy ichida foydalanishga yaroqli holga keltiriladi.

Ushbu raketalar tezda Rossiyaga qarshi joylashtirilishi kutilayotganligi sababli ularning sinovlari soddalashtirilgan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi. RFI manbalaridan biri bu rejani iqtisodiy nuqtai nazardan juda samarali deb atadi, chunki konteynerlardan olib tashlangan Scalp raketalari allaqachon utilizatsiyaga mo‘ljallangan.

2024 yil yanvarida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga 40 ta Scalp raketalarini yetkazib berish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Chrysalis dasturi xuddi shu vaqtda ishga tushirilgan. Manbalarga ko‘ra, topilgan yechim yangi Scalp raketalarini ishlab chiqarishga nisbatan xarajatlarni to‘rt baravar kamaytiradi. Chrysalis dasturi bu yil yakunlanishi rejalashtirilgan.

Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius esa AQSHga tashrifi chog‘ida Ukrainaga 3 ta HIMARS raketa uchirgichlari yetkazib berilishini e’lon qildi. Pistorius kecha, 9 may kuni amerikalik mavqedoshi Lloyd Ostin bilan Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, raketa uchirgichlar AQSH harbiy zaxiralaridan olinishi va bu Berlin tomonidan moliyalashtirilishini aytdi.

“Yetkazib berish Vashington bilan hamkorlikda amalga oshiriladi”, deydi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari.

AFP’ning yozishicha, Ostin bilan uchrashuvdan oldin Germaniya Mudofaa vaziri Patriot havo mudofaa tizimini ishlab chiqaruvchi Raytheon mudofaa kompaniyasiga tashrif buyurgan. Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, u yerdagi rahbariyat bilan yetkazib berish muddatlarining qisqarishi haqida ham gaplashgan. Manbaga ko‘ra, yangi Patriotlarni sotib olish bo‘yicha shartnoma yozda imzolanishi kerak.

Bundan tashqari, Pistorius Filadelfiyadagi Boeing kompaniyasiga tashrif buyurdi, unga Bundesver 60 ta CH47-F Chinook og‘ir transport vertolyotlarini va bir nechta P-8A Poseidon suvosti patrul samolyotlarini sotib olishga ikkita katta buyurtma berdi.
Germaniya Mudofaa vaziri 7 may kuni AQSH va Kanadaga to‘rt kunlik tashrifi avvalida Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qilishda davomli birlashgan qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlagan. 

"Putin o‘zining shafqatsiz bosqinchilik urushida muvaffaqiyat qozonmasligi kerak. Demokratiyalar o‘zini himoya qila oladimi, degan savol tug‘iladi. Bu Yevropaning eng muhim strategik vazifasi, Putin urushi dunyo tartibiga eng katta tahdiddir", dedi u Nyu-Yorkdagi Amerika yahudiy qo‘mitasi vakillari oldidagi chiqishida.

NATO bo‘yicha hamkorlar - AQSH va Kanada bilan muzokaralarda Germaniya Mudofaa vaziri xalqaro xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilish va Germaniyaning Shimoliy Atlantika alyansidagi ishtirokini kuchaytirishni tushuntirish niyatida. Lloyd Ostin bilan uchrashuvidan keyin Pistorius bugun, 10 may kuni Ottavada Kanada Mudofaa vaziri Bill Bler bilan uchrashadi.

"NATO bizning xavfsizligimiz uchun markaziy o‘rin tutadi va biz hech narsani oddiy deb bilmaymiz. Biz zamon yana o‘zgarganini tushundik. Urush Yevropaga qaytdi va tinchlik uchun dividendlar vaqti tugadi. Shuning uchun biz o‘z vazifamizni bajaramiz. Germaniya bu yil mudofaa uchun Bundesver tarixida har qachongidan ham ko‘proq mablag‘ sarflaydi. NATOning yalpi ichki mahsulotning 2 foizini mudofaaga ajratish normasi bajariladi va biz erishgan yutuqlarimiz bilan to‘xtab qololmaymiz", deya ta’kidladi Pistorius.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya NATO Frantsiya Ukraina HIMARS Scalp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made