Mahbuslarni almashish kelishuvidan qat’i nazar, Rafahga hujum qilamiz – Netanyaxu 

Olam

image

Isroil G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga, HAMAS bilan asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishilgan yoki erishilmaganidan qat’i nazar, quruqlikdan katta hujum uyushtiradi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qildi.

Isroil hukumati rahbari ma’muriyatining bayonotiga ko‘ra, Netanyaxu G‘azo sektoridagi HAMAS qo‘lidagi mahbuslarning yaqin qarindoshlarini Isroil “barcha maqsadlarga erishilmagunicha” anklavga hujumlarni to‘xtatmasligiga “ishontirgan”. E’tiborlisi, Isroil harbiy Vazirlar Mahkamasi rahbarining bunday bayonoti Qohirada HAMAS bilan asirlarni almashish bo‘yicha bilvosita muzokaralar davom etayotgan bir paytda berilgan.

Bir kun avval Misr matbuoti HAMAS delegatsiyasi Misr poytaxtini tark etgani va Misrning mahbuslar almashinuvi haqidagi so‘nggi taklifiga yozma javob yuborishini xabar qilgan edi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron kecha, 30 aprel Ar-Riyodda HAMASga 40 kunlik sulh va isroillik mahbuslarni ozod qilish evaziga minglab falastinlik mahbuslarni ozod qilish taklif qilinganini aytdi.

Isroil Rafahga hujum qilishi mumkin

2023 yil 7 oktyabrda Isroilning yirik hujumlari boshlanishidan oldin G‘azo sektori janubidagi Rafah shahri aholisi taxminan 280 ming kishini tashkil qilgan. Hujumlar boshlanganidan beri G‘azo sektorining 2,3 million aholisidan 1,9 millioni uy-joyini tark etgan. Ko‘chirilganlarning aksariyati Isroil avvalroq “xavfsiz hudud” deb e’lon qilgan Rafahda joylashgan. Shunday qilib, shahar aholisi bir yarim million kishiga yetdi.

Uy-joy yetarli bo‘lmagani uchun yuz minglab falastinliklar brezent va mato bo‘laklaridan yasalgan vaqtinchalik chodirlarda yashashga majbur. Isroil armiyasi tez-tez Rafah shahriga hujum qiladi. Agar quruqlikdan hujum boshlansa, tinch aholining qochadigan joyi qolmaydi.

Xalqaro hamjamiyatning Rafahga hujum qilish rejalaridan voz kechishga chaqirishlariga qaramay, Netanyaxu hujum rejasini ma’qullaganini bir necha bor aytgan. 8 aprel kuni Isroil hukumati rahbari hujum sanasi allaqachon aniqlanganini ma’lum qildi. Isroilning “Kan” telekanali Rafahga quruqlikdan hujum "tez orada" boshlanishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made