Moskvadagi qonli kecha: Teraktdan so‘ng voqealar qanday tus oldi?

Tahlil

image

Rossiyalik milliarder, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq qudasi Aras Agalarovning "Crocus Group" kompaniyasining aktivlaridan biri hisoblanuvchi "Krokus Siti Holl"ga uyushtirilgan terakt oqibatida qurbon bo‘lganlar soni so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 70 nafardan oshgan. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ko‘plab jasadlar hojatxonalar, ovqatlanish shoxobchalari va omborxonalardan topilgan. Ko‘pchilik tutun tufayli bo‘g‘ilib o‘lgan, ularning tanalarida hech qanday jarohat izi qolmagan. 

Ta’kidlash joizki, 7 mart kuni AQSHning Rossiyadagi elchixonasi Moskvadagi ehtimoliy terakt haqida ogohlantirgan edi. Keyinroq Latviya, Janubiy Koreya, Shvetsiya, Kanada, Germaniya va Chexiya ham Rossiyada terakt ehtimolini bildirgan va u yerdagi fuqarolarini ogohlikka chaqirgan. Ammo 19 martda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G‘arbning ogohlantirishlarini "jamiyatni qo‘rqitish va beqarorlashtirish niyatida" qilingan "oshkora shantaj" deb atagan. 

Kecha, 22 mart kuni so‘nggi 20 yil ichida Moskvada kuzatilgan eng yirik qo‘poruvchilik harakati deb baholanayotgan terakt butun dunyo e’tiborini tortdi. 50 ga yaqin mamlakatlar Rossiya hukumati va xalqiga ta’ziya yo‘lladi, ushbu buzg‘unchilik harakatini qoralab, bundan hayratda ekanini bildirdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov "Krokus Siti Holl"da yuz bergan voqeaning dastlabki daqiqalaridayoq Putinga otishma boshlangani haqida xabar berilganini aytgan.

Federatsiyaga birinchilardan bo‘lib, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Pokiston, Misr, Kuba, Qirg‘iziston va boshqa MDH davlatlarining TIVlari ta’ziya bildirdi. O‘z navbatida ular safiga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ham qo‘shildi.

O‘zbekistonning Rossiya elchixonasi Moskvada ro‘y bergan portlash va otishmada jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot kelib tushmaganini ma’lum qildi. Erta tongdan Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasiga gullar qo‘yib ketilishi boshlandi. 

Belarus Sog‘liqni saqlash vazirligi Rossiyaga terakt qurbonlarini davolashda, Qirg‘iziston hukumati Rossiyaga zarur yordam berishga va "Krokus Siti Holl"dagi teraktdan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova agar Qo‘shma Shtatlarda Krasnogorskdagi terakt haqida ishonchli ma’lumotlar bo‘lsa, uni darhol Rossiyaga yetkazishi kerakligini talab qilgan.

Oq uy bo‘lsa Rossiya teraktda Ukraina yoki ukrainaliklarning ishtiroki borligi haqida hech qanday alomat ko‘rmayotganini ma’lum qildi va bu teraktni o‘z gardanidan ham soqit qildi. Qolaversa, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukrainaning Rossiyada sodir bo‘lgan vaziyatga aloqador emasligini da’vo qildi.

Zaxarova Vashingtonning Krasnogorskdagi terakt bo‘yicha rasmiy bayonotidan norozi bo‘lib, boshqa tomonni ma’lumot bermayotganlikda aybladi. 

"Vashingtondagi rasmiylar fojia paytida kimningdir aybsizligi haqida nimaga asoslanib xulosa qiladi? Agar Qo‘shma Shtatlarda bu haqda ishonchli ma’lumot bo‘lsa yoki bo‘lsa, u zudlik bilan Rossiya tomoniga yetkazilishi kerak", deydi u.

 Britaniyalik deputat Jorj Gallouey agar bu teraktning ortida AQSH turgan bo‘lsa, ikkita super kuch o‘rtasida urush bo‘lishini bashorat qildi. 

"Agar Bayden rejimining Moskvada sodir etilgan ommaviy terror qotilligiga aloqadorligi aniqlansa, ikkita super kuch o‘rtasida amalda urush holati yuzaga keladi", degan diplomat o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. 

AQSH Prezidenti Jo Bayden Moskvadagi teraktdan so‘ng, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Italiya yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qilgan. 

Rossiya sobiq rahbari, mamlakat Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedov bu ishlarning ortida Ukrainaning isi chiqadigan bo‘lsa, oqibati fojiali bo‘lishini ma’lum qildi.

"Agar bu ishlar ortida Kiyev rejimining terrorchilari turgani aniqlansa, ular va ularning mafkuraviy ilhomlantiruvchilariga boshqacha munosabatda bo‘lish mumkin emas. Ularning barchasi terrorchi sifatida topilib, shafqatsizlarcha yo‘q qilinishi kerak. Jumladan, bunday vahshiylik qilgan davlat amaldorlari ham o‘lim jazosiga loyiq", deydi Medvedev.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov chechen qutqaruv guruhlari va shifokorlar yordam ko‘rsatish uchun istalgan vaqtda poytaxtga borishga tayyorligini ma’lum qildi. Moskvaga kirish va chiqish yo‘llari yopildi. 

Terakt sodir bo‘lganidan hech qancha o‘tmay bunda ISHID jangarilarining qo‘li borligi haqida ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda sezdirildi. Holat yuzasidan tashkilot bu voqeaga aloqasi borligini rad etdi. 

"Bu yolg‘on xabar. ISHIDning yangilik saytlaridan bir necha yillardan beri foydalanilmayapti. Telegram'dagi ISHIDning rasmiy kanallarida ham hech narsa yo‘q", deya munosabat bildirdi. 

Shuningdek, Falastinning HAMAS harakati ham Moskvadagi fojiali terakt ortidan o‘zining hamdardligini izhor qildi.

Otasi bilan voqea joyiga yetib borgan Crocus Group xolding kompaniyasining birinchi vitse-prezidenti, rossiyalik milliarder Aras Agalarovning o‘g‘li, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq kuyovi, xonanda Emin Agalarov "Krokus Siti Holl" konsert zalida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik yo‘lladi va bu terakt uning oilasiga ham ta’sir qilganini aytib o‘tdi.

"Krokus Siti Holl"da yuz bergan dahshatli voqealar qurbonlarining oilalariga chuqur hamdardlik bildiraman. Bu terakt hamma uchun dahshatli fojia, u shaxsan menga va mening oilamga ta’sir qildi. Bizning qayg‘ularimizni ta’riflashga so‘z topolmayapman", deb post qoldirdi u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Qurollangan shaxslarning kimligi, qanday maqsadda bu ishga qo‘l urgani va hozir qayerda ekanligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya terakt Krokus Siti Holl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing