“Moskvadagi terakt bir bahona edi”. Rossiya nega tojiklarni jazolayapti?

Olam

image

Rossiyaning so‘nggi paytlarda tojiklarga bo‘lgan munosabati Dushanbening ham reaksiyasiga sabab bo‘lgani haqida xabar bergandik. Mazkur holatga qator ekspert va siyosiy tahlilchilar ham o‘z fikrini bildiryapti.  

Rossiya rasmiylari ham markaziy osiyolik muhojirlar, jumladan tojiklarning davlat chegara punktlarida ushlab turilganini inkor etmadi, balki buni "vaqtinchalik terrorizmning oldini olish chorasi", deb atadi.

Tojikistonlik siyosiy tahlilchi Abdumalik Qodirovning fikricha, tojik muhojirlariga nisbatan bunday bosim Moskvaning o‘ziga foyda keltirmaydigan o‘ziga xos qasosidir. Bu haqda u "Ozodi" radiosiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Tahlilchining fikricha, Moskva yaqinidagi terakt Kremlning "ko‘ngli"da anchadan beri yig‘ilib qolgan alamlarini olish hamda boshqa istaklarini aytish uchun bir bahona bo‘lishi mumkin. 

“Tojikiston yoshlarining immigratsiya madaniyatiga qiziqmasligi, rus tilini bilmasligi ham Rossiyaning tojik muhojirlariga bunday munosabatda bo‘lishining yana bir sababi bo‘lishi mumkin”, deydi u.

Qodirovning qo‘shimcha qilishicha, Tojikistonning Rossiyaga munosabati biroz o‘zgardi, ayniqsa Ukrainadagi urush avj olganidan keyin Imomali Rahmon hukumati o‘zining ham boshiga shunday kun tushishidan xavfsirab qoldi. Bundan tashqari, 2022 yilning oktyabr oyida Ostonadagi uchrashuvda Rahmon rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putindan Tojikistonni "hurmat qilish"ni ham so‘ragani OAVlar sahifasidan joy olgandi. 

 "Xuddi shunday munosabat va xatti-harakatlar bugungi Rossiya rahbariyatining qasos, o‘ch olish tuyg‘usini qo‘zg‘atgan bo‘lishi mumkin. "Krokus"da sodir bo‘lgan fojia va Tojikiston fuqarolarining uning asosiy ishtirokchisi deb topilishi esa ayni muddao bo‘lgan. Ayni damda ularning nazdida tojik xalqi "qurbonlik qo‘yi" sifatida ko‘rilayotgani achinarlidir", deydi tahlilchi.

Yana bir siyosatshunos Shokirjon Hakimovning aytishicha, Tojikistonning Yevropa davlatlari bilan ham aloqalari Rossiyani xavotirga soladi.

“Tojikiston Respublikasi Prezidentining Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri, Vatikan rahbariyati, shuningdek, Italiya rasmiylari bilan uchrashuvlari juda yuqori sur’atda o‘tdi. Bilasizki, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, uning Yevropa Ittifoqi davlatlari, NATO va boshqalar bilan munosabatlari yomonlashdi. Kreml dushmanlari bilan qo‘l siqishayotgan Dushanbeni tojikistonlik muhojirlar orqali tiyib turishga ham urinyapti”, deb tushuntiradi siyosatshunos.

Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Rossiya rasmiylarining tojik muhojirlariga nisbatan tazyiqlari har ikki davlat uchun ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Rossiya tojik oilalarining asosiy daromad manbai hisoblanadi. Ularning qaytishi esa mamlakatning iqtisodiy ahvoliga ham ta’sir qilmasdan qolmaydi.

Shu bilan birga, bunday siyosat yuritish orqali Rossiya o‘ziga ham zarar yetkazadi. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri aytganidek, tojik muhojirlariga nisbatan sovuq munosabat uzoqqa cho‘zilmasligi ham mumkin. Zero, Rossiya ayni paytda mintaqadagi muhim hamkoridan osongina voz kechadigan yoki o‘z maqsadlariga erishish uchun uzoq bosim o‘tkazadigan ahvolda emas.

Ikki davlat bir-birini strategik sherik deb biladi. Tojikiston Rossiyaning bir qancha mintaqaviy tashkilotlardagi hamkorlari va ittifoqchilaridan biri bo‘lib, aksariyat hollarda bu davlatning harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy bazasi ham Tojikistonda joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, 600 dan ortiq tojikistonliklar Rossiyadan deport qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Moskvadagi terakt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made