Navbat Kisidaga: Yaponiya Bosh vaziri ham Ukrainani siyladi

Olam

image

Yaponiya Ukrainaga uchuvchisiz uchish qurilmalarini aniqlovchi maxsus tizim taqdim etadi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Fumio Kisida bugun, 12 iyul kuni Vilnyusdagi NATO sammitida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Kisida joriy yilning mart oyida Kiyevga tashrif buyurganida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga NATOning ishonch fondi orqali 30 million dollarlik noharbiy mudofaa uskunalarini yetkazib berishini ma’lum qilgan. Ushbu yordam mablag‘i dronlarni aniqlash tizimi uchun ishlatilishi aniq bo‘ldi.

Fumio Kisida bugungi nutqida joriy yilning may oyida Yaponiya raisligida bo‘lib o‘tgan G-7 sammitiga ishora qilib, xalqaro hamjamiyat tarixiy burilish nuqtasida ekanligiga e’tibor qaratgan. U, shuningdek, Yaponiya status-kvoni kuch bilan o‘zgartirishga qaratilgan har qanday bir tomonlama urinishlarga keskin qarshilik ko‘rsatib, qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro munosabatlarni saqlab qolish va mustahkamlash uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga va’da bergan.

Yaponiya rahbari, shuningdek, Yevropa va Hind-Tinch okeani mintaqasi xavfsizligini bir-biridan ajratib bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan. Kisida NATO va uning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi to‘rt hamkori – Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga intilish taklifini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vilnyusdagi sammit doirasida Norvegiya Ukraina uchun mingta 32 grammli Black Hornet razvedka dronlarini berishini e’lon qilgandi. Fransiya esa Scalp havo-yer tipidagi raketasini allaqachon Ukrainaga topshirdi. Germaniya Ukrainaga Patriot tizimlari va raketalarini beradigan bo‘ldi. Bundan tashqari, Avstraliya Ukraina uchun yana 30 ta Bushmaster harbiy transport vositalarini yetkazib berishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Ukraina Kisida

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made