OKMKda Muhandislik maktabi ochilmoqda

Biznes

image

Har qanday sanoat korxonasi taraqqiyotini o‘z kasbining ustasi, har tomonlama yetuk, zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan muhandis texnik xodimlar belgilab beradi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilayotgan muhandislik maktabida ham aynan mana shunday professional xodimlar tayyorlanadi. 

Ushbu maktabni loyihalash ishlari Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasida amalga oshirilgan. Uning qurilish ishlari yakunlanish arafasida. Maktab tinglovchilari bu yerda nafaqat nazariy balki amaliy mashg‘ulotlarni o‘tishlariga sharoit yaratilmoqda.

Buning uchun maktabga 5ta o‘q o‘zakli frezerlik uskunasi, 2ta raqamli  dasturiy boshqaruvli tokarlik dastgohi, 1 ta frezer uskunasi, metallarni kesuvchi lazer uskunasi, duradgorlik ish stol(verstak)lari ham olib kelinib, montaj qilinmoqda.

Muhandislik maktabida birinchi bosqichda geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan  kombinat ishchi xodimlari o‘qitiladi.

Ikkinchi bosqichda esa ushbu maktabda kombinat va O‘zbekistonning boshqa sanoat korxonalari uchun muhandis texnik xodimlarni tayyorlash rejalashtirilgan.

Dual ta’limga mo‘ljallangan Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi, “Aurubis” AG va “GP Günter Papenburg” AG kompaniyalarining kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim metodologiyalari asosida kombinat mutaxassislari, xorijiy hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, informatika va ingliz tili fanlari darslari chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitilishi rejalashtirilgan.

Hozirda Muhandislik maktabining 3ta yo‘nalishi mexanika, metallurgiya va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish bo‘yicha mahalliy o‘qituvchilar va 32 nafar tahsil oluvchilar suhbat asosida tanlab olingan. 

Dars jarayonlari Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasining professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn va oflayn formatda tashkillashtirilishi kelishilgan.

Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasining elektron platformasidan akademiyaning barcha elektron kitoblari va elektron ma’ruzalari bilan birga foydalanishga kelishildi.

Ma’lumot uchun: OKMKda 2024 yilning 3 yanvar holatiga 2 311 nafar oliy ma’lumotli ishchi-xodimlar mavjud.

OKMK Axborot xizmati

 Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing