Polshada Zelenskiyga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Olam

image

Polshada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olindi. Polsha fuqarosi Pavel K. Rossiya harbiy razvedkasiga ma’lumot uzatishda va Rossiya maxsus kuchlariga Zelenskiyga ehtimoliy suiqasdni rejalashtirishda yordam berishda ayblanmoqda. Bu haqda kecha, 18 aprel kuni Varshava prokuraturasi xabar berdi.

Polsha tergoviga ko‘ra, hibsga olingan shaxs Rossiya Federatsiyasi harbiy razvedka xizmatlari nomidan harakat qilishga tayyorlangan va Ukrainadagi urushda bevosita ishtirok etgan Rossiya fuqarolari bilan aloqada bo‘lgan. Polsha rasmiylari gumondorning faoliyati haqida ukrainalik hamkasblaridan ma’lumot oldi, bu ularga "muhim dalillar" to‘plash imkonini berdi.

O‘z navbatida, Ukraina Xavfsizlik xizmati qo‘lga olingan Polsha fuqarosi Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi bilan hamkorlik qilganini va unga Polshaning Jeshuv-Yasenka aeroportida to‘plangan xavfsizlik ma’lumotlarini topshirganini aniqladi. Ukraina tomoniga ko‘ra, bu ma’lumotlar Rossiya Federatsiyasiga Polsha hududida Zelenskiyga ehtimoliy suiqasdni rejalashtirishda yordam berishi kerak edi. Ukraina Bosh prokuraturasi hibsga olingan shaxs Rossiya razvedka xizmati bilan “o‘z tashabbusi bilan” aloqaga chiqqanini ta’kidladi.

Kecha, 18 aprel kuni Varshava okrug sudi gumonlanuvchini Polsha prokuraturasi talabiga binoan hibsga oldi.

"Bu ish Rossiya nafaqat Ukraina va ukrainaliklar, balki butun erkin dunyo uchun tahdid ekanining yana bir dalilidir", deydi Ukraina Bosh prokurori Andrey Kostin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati Yevropa va global xavfsizlikka putur yetkazish urinishlaridan voz kechmayapti, “ular boshqa suveren davlatlar hududida qo‘poruvchilik tayyorlamoqda va amalga oshirmoqda”.

AFP’ning yozishicha, Vladimir Zelenskiy chet el safarlari uchun Ukraina bilan chegara yaqinida joylashgan Polshaning Jeshuv-Yasenka aeroportidan tez-tez foydalanadi. Bundan tashqari, u boshqa mamlakatlar vakillari tomonidan Ukrainaga tashrif buyurish uchun foydalaniladi va u orqali Rossiya bosqinidan himoyalangan mamlakatga yordam ham yetkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Pol'sha Vladimir Zelenskiy suiqasd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing