Prezident maslahatchisining rafiqasi O‘zbekistondan nega ko‘zida yosh bilan ketdi?

Intervyu

Avvalroq, QALAMPIR.UZ internet nashri va Ozarbayjonning “Kaspi” gazetasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi izmolangani haqida xabar bergan edik. Hujjatni imzolash marosimida QALAMPIR.UZ ta’sischisi Qamariddin Shayxov va “Kaspi” gazetasi ta’sischisi Sona Valiyeva ishtirok etdi. 

Sona Valiyeva mamlakatda katta obro‘-e’tiborga ega ayollardan biri sanaladi. U – shoira, filologiya va falsafa fanlari doktori, “Kaspi” Matbuot va tahsil markazi rahbari, Ozarbayjon Respublikasi Milliy teleradiokompaniya kengashi raisining o‘rinbosari. Qolaversa, Sona Valiyeva Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning siyosiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ali Hasanovning turmush o‘rtog‘i sanaladi.

Sona Valiyeva o‘tgan yilning noyabr oyida ilk bor O‘zbekistonga kelib, poytaxt Toshkent shahri, qolaversa, Samarqand va Buxoro shaharlarini ziyorat qildi. 

Sona Valiyeva buyuk sarkarda Amir Temur hayoti, uning siyosat yuritishdagi prinsiplari, davlatchilikdagi qoidalari haqida bir necha maqolalarga mualliflik qilgan. Memorandumni imzolash avvalida Sona Valiyeva OAV xodimlari bilan suhbatda bo‘lib, O‘zbekiston va uning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasiga to‘xtaldi. 

“O‘zbekistondan qaytganimdan buyon har kuni bu mamlakat haqida o‘ylayman. Va har safar o‘zimni aybdor his qilaman: Afrikaning bir qancha davlatlarida bo‘lgan, AQSH shtatlarini va Yevropani kezgan odam bo‘la turib, nega men O‘zbekistonga bormadim? 

O‘sha vaqtlar ishim bilan bog‘liq muammolar bor edi. O‘zbekistonga borishim esa menga darmon bo‘ldi. Toshkentdagi Haydar Aliyev madaniyat markazi direktori Samir Abbos boshchiligida Samarqand, Buxoro, bu yerdagi pirlar qabrini ziyorat qildik. O‘zimni yangidan tug‘ilgandek his etdim. O‘zbekistonda birinchi qor yog‘gan kuni biz Turkiston taraflarga borib, Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildik. Qolaversa, Zangiota ziyoratgohida ham bo‘ldik. Agar O‘zbekistonga borib, bu ziyoratgohlarni o‘z ko‘zim bilan borib ko‘rmasam, gunoh bo‘lar edi. Ishoning, qanotim bo‘lsaydi, O‘zbekistonning hamma nuqtasini borib ko‘rardim”.

Ozarbayjonda O‘zbekistonga qiziqish katta. Bu o‘lka Islom diniga katta hissa qo‘shgan, ulug‘ allomalar va ulamolar beshigi sifatida tilga olinadi. Sona Valiyeva ham so‘zida hurmatini shunday ifoda etdi:

“Bizni o‘z davrida ayirishga harakat qildilar. Bunga qaramasdan, millat o‘laroq qardoshlik rishtalarimiz uzilmadi. Ichimda bir his bilan qaytdim: men O‘zbekistonda tug‘ilib, Ozarbayjonda yashagandekman”. 

Sona Valiyeva so‘zida davom etarkan, Amir Temurni hurmat bilan tilga oldi. 

“Unga o‘zgacha muhabbatim bor. Kuni kecha men yozgan poyemadan ilhomlanib, “Amir Temurga bu muhabbat qayerdan keldi?” nomli she’r yozishibdi. Amir Temurga nisbatan ichimda buyuk bir muhabbat bor. Bu muhabbat qizning o‘z otasiga, bobosiga bo‘lgan sevgisiga o‘xshaydi. U so‘zsiz turk dunyosining otasi”, deydi Sona Valiyeva. 

Sona xonim O‘zbekiston haqidagi xotiralarini bayon etarkan, O‘zbekistondan ko‘zi yosh bilan ayrilganini aytadi. 

“Men bir necha Haj safarida – Makka-i Mukarramada bo‘lgan edim. Makkani tark etayotganimda ko‘zlarimga yosh kelgandi. O‘zbekistondan ketar chog‘im, xuddi shu tuyg‘uni his qildim, beixtiyor ko‘zlarimga yosh qalqdi”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Sona Valieva

Baholaganlar

519

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar