Reyting natijalari to‘g‘rimi? Davlat ta’lim inspeksiyasi OTMlar reytingiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, UniRank agentligi O‘zbekistondagi 65 ta oliy ta’lim muassasining reytingini e’lon qilgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mazkur reyting yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdi.

“Yaqinda turli internet saytlari orqali UniRank agentligi tomonidan O‘zbekistonning eng yaxshi OTMlari e’lon qilindi deb xabar tarqatildi. Lekin ushbu reyting agentligining metodologiyasi qanday?, u qaysi ko‘rsatkichlar asosida baholagan?, mezonlar reyting mazmunini ko‘rsata oladimi? degan savollar ochiq qolmoqda. Faqatgina OTMning veb sayti va unga necha nafar odam kirganligi bilan aniqlangan reyting natijalari bu ta’limning sifatini to‘g‘ri baholay olmaydi, shubhasiz. Yana bir jihat, reyting natijalarini e’lon qilgan har qanday agentlik yoki tashkilot ham jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan bo‘lavermaydi.

Shunday ekan, reyting natijalarini e’lon qilayotgan vaqtda reytingni amalga oshirgan va baho bergan xalqaro agentliklarning bu sohaga qanchalik chuqur yondashgani va qaysi mezonlar asosida aniqlaganiga ham e’tibor qaratish ayni muddao. Zero, OTMlar reytingini to‘g‘ri, aniq va shaffof baholanishi respublikamizda faoliyat yurtitayotgan ta’lim muassasalarini xalqaro andozalarga mos ravishda yuksaltirish va yetuk mutaxassislar tayyorlashda sog‘lom raqobat yaratuvchi zamin bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, UniRank agentligining maqsadi jahon universitetlari va kollejlarining jahon miqyosida onlayn taniqliligi va aloqalarning onlayn mavjudligiga asoslangan. Shuningdek, chet ellik talabalar va o‘qituvchilarga maxsus oliy ta’lim muassasasining boshqa davlatda qanchalik mashhurligini tushunishlariga yordam berish uchun mo‘ljallangan. Ushbu tashkilot reytingida oliy ta’lim muassasalarining ta’lim sifati, akademik xizmatlari, o‘quv va ilmiy faoliyat asosiy mezonlar sifatida qabul qilinmagan”, deyiladi inspeksiya bayonotida.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi OTMlar reytingini tuzish bo‘yicha xalqaro va milliy mezonlar haqida ba’zi ma’lumotlarni berib o‘tdi.

Qayd etilishicha, OTMlari reytingi ma’lum bir sohadagi eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari, ularning o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va ta’lim berish faoliyatining sifatini baholovchi mezondir. Dunyoning xalqaro reyting agentliklarining tajribasi shuni ko‘rsatadiki, universitetlarni baholashda asosan, 4 tadan 13 tagacha indikatorlardan foydalanilgan. Shu bilan birga, dunyodagi mahalliy reyting tizimlariga nazar solsak, unda asosan 9 tadan 42 tagacha indikatorlar ishlatiladi.

Shu o‘rinda dunyo mamlakatlarining milliy reyting ko‘rsatkichlariga to‘xtalib o‘tsak, Buyuk Britaniyada 42 ta, AQSHda 39ta, Makedoniyada 35ta, Malayziyada 32ta, Xitoyda 22 ta, Polshada 19ta, Turkiya va Qozog‘istonda 1ta, Turkiyada 18ta, Braziliya va Lisuniyada 12 ta, Chili va Pokistonda 9 ta ko‘rsatkich bo‘yicha OTMlar reytingi aniqlanadi. Shu bilan birga, milliy reyting tizimidan tashqari xalqaro reyting agentliklari mavjud bo‘lib, ularning baholash ko‘rsatkichlari quyidagicha: TNE (Times Higher Education) 13 ta, ARWU (Academic Ranking of World Universities)  10 ta, LEIDENS va SCImago 7 ta, QS (Quacquarelli Symonds) va URAP 6ta, HEEACT 5ta, WEBOMETRICS 4 ta ko‘rsatkichdan iborat.

Milliy reyting agentliklari baholash jarayonida 46 foiz o‘quv jarayoniga, 26 foiz ilmiy faoliyatga va 28 foiz boshqa yo‘nalishlarga e’tibor qaratishadi. Xalqaro agenliklar reyting tizimi esa 72 foiz ilmiy faoliyatga, 16 foiz o‘quv jarayoniga va 12 foiz boshqa yo‘nalishlarga e’tibor qaratadi. Ko‘rinib turibdiki, xalqaro reyting agentliklarining asosiy etibori ilmiy faoliyatga yo‘naltirilgan.

O‘zbekistonda ham milliy oliy ta’lim muassaslari reytingini shakllantirishda dunyoning ilg‘or reyting tizimlari chuqur tahlil qilib chiqildi va reyting tizimini baholovchi indikatorlardan O‘zbekiston ta’lim tizmiga mos keladiganlari o‘rganilib tanlab olindi. Xususan, THE (Times Higher Education), QS (Quacquarelli Symonds), ARWU (Academic Ranking of World Universities) kabi yirik reyting agentliklari uslublarini o‘rgangan holda 23 ta eng muhim va o‘zimizga mos indikatorlar tanlab olindi. 2018 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 57 ta oliy ta’lim muassasalari faoliyati tahlil qilinib, natijalari e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM reyting ta'lim inspektsiyasi

Baholaganlar

41

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing