Rossiya tosh otgan Qudratxo‘jani o‘zbek jamoatchiligi olqishlamoqda

Tahlil

image

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori hamda Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘janing bloger Kirill Altmanga bergan intervyusida O‘zbekistonda yashab turib, o‘zbek tilini bilmaydiganlar haqida aytgan quyidagi so‘zlari Rossiya tomonidan yomon qarshi olindi:

“Ular bizning tilimizni 40−60 yildan beri o‘rganmagan. Karl Marks ta’kidlaganidek, ikki kishi yashayotgan davlatining tilini bilmaydi. Birinchisi — u yurtni bosib olgan bosqinchi. Ikkinchisi — ahmoq, ya’ni o‘ylash, fikrlash yoki o‘qish qobiliyatiga ega bo‘lmagan odam. Shunday ekan, ular bosqinchimi yoki ahmoqmi, o‘zlari hal qilsin. Ular xafa bo‘lmasin”.

Uning bu gaplaridan so‘ng, O‘zbekiston elchisi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. MDH masalalari bo‘yicha federal agentlik (“Rossotrudnichestvo”) rahbari Yevgeniy Primakov Sherzodxon Qudratxo‘ja bilan har qanday muloqot va aloqalarni to‘xtatganini e’lon qildi. 

“Ishonchim komilki, janob Qudratxo‘ja nafaqat o‘zi, balki yaqinlari ham Rossiyada o‘qish, u bilan foydali biznes yuritish, stajirovkada qatnashish va boshqa imkoniyatlarni qo‘lga kirita olmasa, hatto o‘zi yoqtirmaydigan davlatga shunchaki tashrif buyura olmasa ham, xafa bo‘lmaydi”, deydi Primakov.

Rossiya hukumati jurnalistning shaxsiy fikriga nisbatan keskin javob qaytarishi O‘zbekiston jamoatchiligi orasida noroziliklarga sabab bo‘lmoqda va ko‘pchilik Qudratxo‘jani qo‘llab-quvvatlashini bildiryapti. 

“Bugun Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Sherzodxon Qudratxo‘janing O‘zbekistonda yashab turib, o‘zbek tilini bilmaydigan insonlar haqida aytgan gapi uchun O‘zbekiston elchisini chaqiribdi. Qiziq, elchimizni taklif qilishmabdi, balki chaqirishibdi. Butun boshli “O‘zbekistonni bosib olaylik” degan ahmoqning gapidan keyin bizning TIV Rossiya elchisini “taklif qilgan” edi… 

Xullas, Rossiya TIV fikricha, Sherzodxon Qudratxo‘janing keskin fikri ikki tomonlama do‘stona munosabatlariga teskari emish va ruslar O‘zbekiston TIVdan shu holat bo‘yicha izoh talab qilishibdi. Iya, O‘zbekistonda yashaydiganlardan o‘zbek tilini hurmat qilishni so‘rash, qachondan buyon O‘zbekiston-Rossiya aloqalariga zid bo‘lib qoldi? Mantiq yo‘q. Xullas, biznikilar ham xuddi ruslarning o‘zi kabi javob berishi kerak: Sherzodxon Qudratxo‘janing fikri o‘zining shaxsiy pozitsiyasi bo‘lib, so‘z va fikr erkinligidan foydalanyapti. Bu fikrlar Toshkentning rasmiy pozitsiyasini anglatmaydi. Tamom. Yetadi”, deb yozdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev. 

Adliya vazirining maslahatchisi Shahnoza Soatova ham bunga o‘z munosabatini bildirib, shunday dedi: “Hay, tilni o‘rganmasanglar o‘rganmanglar, bundan uyalmasanglar uyalmanglar, lekin nega o‘z tili himoyasi uchun gapirsa, janjal qilaverasizlar? Shu yurtda yashayotgan turli millat vakillari o‘rganyapti-ku o‘zbek tilini.  Hech bir janjal-mojaro bo‘lmayapti-ku ular bilan. Ona tilim demaylik ekan-da. Deymiz!” – deya ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozgan u. 

Rusiyzabon bloger Nikita Makarenko esa hammani o‘zbek tilida yozishga chaqirmoqda:

“Agar biz, o‘zbekistonliklar, barchamiz o‘zbek tilida gapirishni va yozishni boshlasak, Rossiya TIV hech narsani tushunmaydi. U yerda hech kim bizning tilni bilmaydi. 100 bloger o‘zbek tilida yozadi, hech qanday reaksiya bo‘lmaydi. Elchixonada, ehtimol, Mirobod bozoriga ham tarjimon bilan borishadi. Boshqa elchilar kamida "simvolicheski" hurmat belgisini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Dars oladilar, o‘zbek tilida gapirishadi. Faqat "shimoliy" diplomatlarga bu o‘z qadr-qimmatlaridan past deb hisoblanadi”, deydi Makarenko.

O‘z navbatida, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev O‘zbekistonda davlat tili qaysi til ekanini eslatib qo‘ydi: 

“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. "Davlat tili haqida"gi Qonunning 1-moddasi”, deb post qoldirdi u. 

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev esa Qudratxo‘ja aynan ruslar haqida gapirmagan bo‘lsa-da, Rossiya bunga munosabat bildirganiga e’tibor qaratdi. 

“Sherzodxon Qudratxo‘janing birovdan iqtibos keltirib aytgan “o‘zi yashab turgan mamlakat tilini bilmaydiganlar yo bosqinchi, yo ahmoq” degan gapiga he yo‘q, be yo‘q Rossiya tomondan javob bo‘lgani qiziq bo‘ldi-a baribir – axir u aynan “Rossiya” yo “ruslar” demagan-ku. Bu gap kimga tegib ketgan bo‘lsa, demak, u yo bosqinchi, yo ahmoq-da”, deydi jurnalist.

Sherzodxon Qudratxo‘ja intervyuda o‘zbek tilini o‘rganish haqida fikr bildirishidan oldin 2018 yilda ro‘y bergan voqea – rusiyzabon keksa ayol bilan janjallashgani, ayol undan rus tilida gapirishini so‘raganiga oydinlik kiritgan edi. Uning aytishicha, Yunusobod tuman hokimi bilan gaplashayotganda keksa ayol kelib janjal ko‘targan va ulardan rus tilida gapirishini talab qilgan. Sherzodxon Qudratxo‘ja esa ayolga O‘zbekistonda yashayotganini eslatib, o‘zbekcha gapirishi kerakligini aytgan. 

“U Rossiya elchixonasiga, Putinga shikoyat qilishini bildirdi. Men Rossiya elchixonasining, Putinning bunga nima aloqasi bor, sizda boshqa Prezident bor, deb aytganman… Ular videoga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylashdi. O‘shanda jamiyat ikkiga bo‘lindi: meni qo‘llab-quvvatlaganlar: “U to‘g‘ri gapirdi”, deyishdi. Qozog‘istonda esa “Nega biz haligacha o‘zimizni koloniya deb hisoblaymiz?“ deyishdi. Biz koloniya emasmiz, mustaqil davlatmiz, o‘z tilimizda gaplashamiz”, deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja. 

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev masalaning bu tomoniga ham e’tibor qaratib, rasmiylarni shu kabi holatlarga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

“O‘shanda Qudratxo‘ja bilan gap talashib qolgan ayol “Rossiya elchixonasiga, Putinga shikoyat qilishi”ni aytib, Qudratxo‘janing ovozini o‘chirmoqchi bo‘lgan. O‘zi biz ko‘proq mana shu joyini muhokama qilishimiz, rasmiylarimiz ham mana shu nuqtaga e’tibor qaratishlari kerak. O‘zbekiston – mustaqil davlat va bu yerda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarida Rossiya elchixonasiga, Moskvaga yo Putinga shikoyat yo‘llab, muammosini hal qilish imkoniyati tugul xayolining uzoq bir chekkasida ham bunday fikr bo‘lmasligi kerak. Rasmiylarimiz hech bo‘lmasa ichkariga, mamlakat aholisiga shunday kuchli bir signal berishi kerakki, “vatandoshlar, hech bir xorijiy mamlakat O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishga haqqi yo‘q, qaysidir davlatning bosimiyu dag‘dag‘asi bizni u yoki bu ishni qilish-qilmaslikka majburlay olmaydi”, deb yozadi A’zamxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Rossiya harbiy amaldori Zaxar Prilepin migrantlarga rus tilini o‘rgatish haqida gapirib, ularning davlatini, masalan O‘zbekistonni bosib olishni taklif qilgan edi. O‘shanda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova bu Prilepinning shaxsiy fikrlari ekani va u Rossiya rasmiy pozitsiyasini bildirmasligini aytgan edi. O‘zbekiston hukumati esa, mamlakat suvereniteti va daxlsizligiga tahdid qilgan shaxsga nisbatan hech qanday chora ko‘rmadi.

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing