Saltanat Nukenova va Bishimbayev o‘rtasida nikoh o‘qigan imom jazolandi

Olam

image

Saltanat Nukenova va Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevning nikohini o‘qigan imomga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xabar berdi.

Bildirilishicha, Qozog‘istonda davlat organlari tomonidan ro‘yxatga olingan nikohlar rasman tan olinadi.

Shu bois, Ichki ishlar vazirligining ichki ish tartibi talablaridan kelib chiqib, masjid xodimlari nikoh to‘yidan oldin bo‘lajak turmush o‘rtoqlardan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limida (FHDYO) ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi ma’lumotnomani talab qiladi.

“2022 yil 17 oktyabr kuni Ostona shahridagi respublika bosh masjidida Bishimbayev va Saltanat guvohlar oldida nikoh marosimini o‘tkazgan. Ulardan va yaqinlaridan FHDYO bo‘limida ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma so‘ralganda, u endi tayyor bo‘layotganini aytishgan”, deyiladi boshqarma xabarida.

Qayd etilishicha, imom marosimni guvohnomasiz o‘tkazgan, bu esa u Ichki ishlar vazirligining ichki ish tartibini buzganini bildiradi.

“Imomga nisbatan intizomiy choralar va ogohlantirishlar ko‘rildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida bir qator qozoq mahalliy OAVlarida Ostona shahridagi restoranlardan birida Saltanat Nukenova ismli ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning rafiqasi bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. 

Mutaxassislar marhuma Nukenovaning tanasida pichoq jarohatlari izini topmagan. Taxminlarga ko‘ra, u boshiga to‘mtoq jism bilan berilgan kuchli zarbadan halok bo‘lgan.

Hozirda Kuandik Bishimbayev ikki moddada ayblanmoqda:

  • Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 99-moddasi, 5-band, 2-qism ("O‘ta shafqatsizlik bilan qotillik");
  • Jinoyat kodeksining 110-moddasi, 1-band, 2-qism (“Qiynash”).

Uning qarindoshi, “Gastromarkaz” direktori Baxitjan Bayjanovga ham ikkita ayblov qo‘yilgan:

  • Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 432-moddasi (“Yashirish”);
  • Jinoyat kodeksining 434-moddasi ("Jinoyat haqida xabar bermaslik").

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xolding boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘rilikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Kuandik Bishimbaev Saltanat Nukenova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing