Osiyoda tengsiz Fayzullayev va tarix yaratgan Abdusattorov – Sport dayjesti

Tahlil

Bugun jahon chempionligi kamari uchun majburiy da’vogarga aylangan Shahram G‘iyosov, Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida kuchli kuchli o‘nlikka kirgan Nodirbek Abdusattorov va Osiyo kubogining eng yaxshi yosh futbolchisi bo‘lgan hamda Yevropa grandlari “nishon”ida turgan Abbosbek Fayzullayev haqida gaplashamiz. Assalomu alaykum QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

Shahram G‘iyosov WBA chempionlik kamari uchun da’vogarga aylandi

25 fevral kuni professional boksning yarimo‘rta (-66,5 kg) vazn toifasida faoliyat olib boradigan Shahram G‘iyosov (14-0, 9 KO) o‘zining 15-jangini meksikalik 34 yoshli Pablo Sezar Kanoga (35-8-1, 25 KO) qarshi o‘tkazib g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston vaqti bilan tonggi 05:30 lar atrofida AQSHning Orlando shahrida o‘tkazilgan to‘qnashuvda o‘zbekistonlik bokschi professional faoliyatidagi 15-g‘alabasi qo‘lga kiritdi. G‘iyosov janglarining to‘qqiztasini muddatidan oldin yakunlangan.

Kanoga qarshi jang 12 raund etib belgilangandi, ammo 11-raund yakunlangan paytda Sezar jarohat olib, to‘qnashuvni davom ettira olmadi.

Hakamlar g‘olibni ochkolar hisobiga ko‘ra aniqladi. Uchala hakam ham G‘iyosovning g‘alabasini e’tirof etdi (109-99). 

Jangning uchinchi raundida Shahram raqibini nokdaun qilishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Abdusattorov jahon reytingida top-10'ga kirgan birinchi o‘zbekistonlik shaxmatchi bo‘ldi

O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Butunjahon shaxmat reytingida kuchli o‘ntalikka kirdi. Bu haqda shaxmat reytinglarini hisoblab boradigan 2700chess.com sayti xabar berdi.

Ayni kunlarda o‘zbekistonlik shaxmatchi Chexiya poytaxti Pragada o‘tkazilayotgan “Prague Chess Festival 2024” turnirida ishtirok etmoqda. Musobaqaning 1-turida Abdusattorov mezbon shaxmatchi Day Van Nguyen ustidan g‘alaba qozondi.

Nguyenni mag‘lubiyatga uchratgach, 19 yoshli Abdusattorov tarixda birinchi marta shaxmat reytingida top-10'ga kirgan o‘zbekistonlik grossmeysterga aylandi. Hozirga kelib Abdusattorov reytingda 2753.5 ochko to‘plagan.

Qayd etish joiz, g‘alaba Nodirbekka reytingda shaxmat bo‘yicha 5 karra jahon chempioni, hindistonlik Vishvanatan Anandni ortda qoldirishga zamin yaratdi. Bungacha o‘zbekistonlik shaxmatchilar ichida eng yaxshi natija Rustam Qosimjonovga tegishli bo‘lib, u 2715 ochko bilan dunyo reytingida 11-o‘rinni egallagan.

Messi Instagram'da 500 millionlik “dovon”dan o‘tgan ikkinchi odamga aylandi

Argentinalik futbolchi Lionel Messi Instagram'da 500 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan ikkinchi shaxsga aylandi.

Ilgari bu ko‘rsatkichga faqat portugaliyalik Krishtianu Ronaldu erishgan edi. Hozirda “Al-Nasr” forvardining sahifasini 622 milliondan ortiq foydalanuvchi kuzatib boradi.

Instagram'dagi eng mashhur yulduzlar ro‘yxatida Messidan keyin Selena Gomes (429 million), Kayli Jenner (400) va Dueyn Jonson (396) bormoqda.

Argentina terma jamoasi hujumchisi mashhurligining oshishi JCH-2022'dagi g‘alaba bilan bog‘liq. U ijtimoiy tarmoq tarixida eng ko‘p qiziqish uyg‘otgan beshta postdan uchtasining egasi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Messi kuzatuvchilarining 72 foizi erkaklar, 85 foizi 34 yoshgacha bo‘lganlar hisoblanadi. Messining Instagram auditoriyasining 12 foizi braziliyalik, 8,1 foizi hindistonlik va 6,5 foizi argentinaliklar sanaladi.

Humoyun To‘xtamurodov ozodlikka chiqdi

O‘tgan yilning 27 noyabr sanasida Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari doirasida MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodov ham ushlangandi. U Qo‘qon shahrida ikki nafar shaxsga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringanlikda ayblanayotgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, sportchi ozodlikka chiqqan. 26 fevral kuni To‘xtamurodov o‘z Instagram sahifasida post qoldirdi. 27 fevral kuni esa u o‘z sahifasida jonli efir qilib, kuzatuvchilari bilan suhbatlashdi. 

“Meni hech qanday jinoyatchi guruhlar, qonunbuzarlar bilan aloqam yo‘q! OAVda men haqimda aytilgan gumonlarning barchasi asossiz! Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor! Bu yurt non-suvini, mehrini ichib yashagan har bir inson bu yurt qonunlariga ham amal qilib yashashi shart!”, deydi To‘xtamurodov o‘z postida.

To‘xtamurodovga Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan 3 oylik qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangandi.  Hisob-kitoblarga tayanadigan bo‘lsak, sportchiga tayinlangan 3 oylik qamoq jazosi muddati tugagan.

Mbappe Yelisey saroyida Makron va Ol Soniy bilan uchrashdi

Fransiyaning PSJ klubi a’zosi Kilian Mbappe Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan Yelisey saroyida mehmon bo‘ldi. 

PSJ hujumchisi Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniyning rasmiy tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan kechki ziyofatda ishtirok etdi. Mbappedan 10 daqiqa oldin Parij klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfi ham kechki ovqatga yetib keldi.

Qayd etilishicha, 25 yoshli futbolchi uchrashuvga taklif etilgan yagona sportchi bo‘lgan. Sport olamining boshqa vakillari Fransiya futbol federatsiyasi prezidenti Filipp Diallo, 2024 yilgi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi rahbari Toni Estange va Fransiya Professional futbol ligasi rahbari Vensan Labrun ham tadbirda ishtirok etdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad Mbappeni PSJ bilan shartnomasini uzaytirishga ko‘ndirish emas. Klub Kilianning mavsum oxirida ketish haqidagi qarorini qabul qiladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning SSKA klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayev Qatar yashil maydonlarida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogining eng yaxshi yosh futbolchisi, deb topildi.

Abbosbek Fayzullayev musobaqa davomida 2 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. 20 yoshli futbolchi mazkur sovrin uchun kurashda janubiy koreyalik Li Kan-In, yaponiyalik Takefusa Kubo, saudiya arabistonilik Abdulloh Radif va indoneziyalik Marselino Ferdinanni ortda qoldirdi

Shuningdek, O‘zbek futbolining buguni va ertasi sifatida qaralayotgan Fayzullayevga Germaniyaning Bavariya klubi qiziqish bildirayotgani haqidagi xabarlar rost bo‘lib chiqdi. Bu haqda futbolchining o‘zi “Championat” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Men “Bavariya”ning qiziqishi haqida hech narsa bilmasdim, xabarlarni internetda o‘qidim. Myunxen klubining e’tiboriga normal qarayman. Bilishimcha, “Bavariya”ning mening agentim bilan haqiqatdan ham ma’lum aloqalari bo‘lgan. Germaniya klubining qiziqishini xotirjam qabul qilaman va bu hali hech narsani anglatmaydi. Hozir bor  e’tiborimni SSKAga qaratganman, oldinda muhim o‘yinlar bor, lekin “Bavariya” yaxshi variant, albatta”, deydi Fayzullayev.

Qayd etish joiz, fevral oyi boshida Fayzullayevning o‘yinlarini “Bavariya” klubi skautlari kuzatib borayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. 

Myunxenliklar futbolchini U-23 terma jamoada o‘ynaganida ham uning xatti-harakatlarini katta qiziqish bilan kuzatgan va hozirda Fayzullayev nemis skautlari “nishonida” turibdi.

Irlandiyalik futbolchi qizlar Isroil madhiyasi yangrayotganda asosiy tribunaga orqa o‘girdi

Irlandiya sporti o‘z davlatining Isroil siyosati va G‘azo sektoridagi harbiy harakatiga salbiy munosabatini bildirishda davom etmoqda. Yana bir muhim voqea bir necha kun oldin Yevro-2024 saralash o‘yini vaqtida yuz berdi.

Tiranadagi futbol o‘yinida Isroil madhiyasi yangrayotganda, Irlandiyaning 17 yoshgacha bo‘lgan ayollar futbol terma jamoasi o‘yinchilari norozilik bildirib, asosiy tribunaga orqa qilib, yuzlarini o‘girib oldi. 

Isroil futbol assotsiatsiyasi UEFA va FIFA ushbu voqea yuzasidan Irlandiya terma jamoasiga nisbatan intizomiy choralar ko‘rishiga umid qilmoqda.

Irlandiya futbol assotsiatsiyasi raisi Pol Kuk Isroilga qarshi o‘yin o‘tkazilishiga ruxsat bergani uchun Irlandiya parlamentidagi qonunchilarning tanqidiga uchradi. Bunga javoban Kuk G‘azo sektoridagi vaziyatga qarshi bo‘lsa ham, mahalliy futbol boshqaruv organi UEFA qoidalariga bo‘ysunishini aytdi va bu tashkilot Rossiya bilan bo‘lgani kabi Isroilni ham musobaqadan chetlamaganini ta’kidladi.

Pol Pogba 4 yilga futboldan chetlatildi

“Yuventus” yarim himoyachisi Pol Pogba doping qabul qilgani uchun 4 yilga futboldan diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda “Tuttosport” xabar berdi.

2023 yil oktyabr oyida fransuz futbolchisi birdaniga ikkita doping sinovidan muvaffaqiyatli o‘ta olmadi. Turinliklar yarim himoyachisining topshirgan tekshiruv natijalari testosteron darajasi juda yuqori ekanligi aniqlandi.

“Yuventus” Pogba rasman diskvalifikatsiya qilingani uchun tez orada u bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Pogba “Yuventus”da 2022 yilning yozidan buyon o‘ynab kelmoqda. O‘tgan mavsumda yarim himoyachi “keksa senora” safida barcha musobaqalarda bor yo‘g‘i 10 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining Turin klubi bilan shartnomasi 2026 yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi. “Transfermarkt” internet portaliga ko‘ra futbolchining taxminiy narxi 20 million yevroni tashkil qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

sport dayjesti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing