Gelikni pulini ishlagan Do‘smatov, o‘zbek futboli suyanchig‘iga aylangan Fayzullayev va Husanov – Sport dayjesti

Sport

Bugun “Gelik jangi”da, “gelik”ning pulini yutgan Hasanboy Do‘smatov, Toshkentga kelishi aniq bo‘lib ulgurgan Roy Jons va Osiyo kubogida ishtirok etishi so‘roq ostida turgan Abbosbek Fayzullayev hamda Abduqodir Husanov haqida gaplashamiz. Assalomu alaykum. Biroz tanaffusdan so‘ng yana ekranlaringizda sport dayjesti.

“Gelik jangi”dan Do‘smatov 350 ming AQSH dollari ishlab topdi

Kecha, 14 aprel kuni Toshkent shahridagi “Humo arena”da Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan IBA chempionlar oqshomi turniri o‘tkazildi.

Markaziy jangda tashkilot kamari uchun ispaniyalik Samuel Karmonaga qarshi ringga ko‘tarilgan Hasanboy Do‘smatov katta ustunlikka erishib, hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alabaga erishdi.

Shunday qilib, Do‘smatov jangdagi g‘alaba uchun 350 ming AQSH dollari miqdoridagi gonorarga ega bo‘ldi.

13 aprel kuni Toshkent shahrida Do‘smatov-Karmona jangi oldidan face-to-face marosimi o‘tkazilgandi. O‘sha tadbirda IBA prezidenti Umar Kremlyov qaysi bokschi 5-raundgacha g‘alabaga erishsa, Mercedes Benz G-Class avtomobilini sovg‘a qilishini aytgandi, biroq jang to‘liq davom etdi va bahsda o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasining qo‘li baland keldi.

Boks afsonasi Roy Jons Toshkentga keladi 

Amerikalik afsonaviy bokschi, turli vazn toifalarida jahon chempioni Roy Jons Toshkentga keladigan bo‘ldi. Bu haqda uning o‘zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 55 yoshli Jons may oyida O‘zbekistonga keladi. U Mahmud Murodovga tegishli Murodov professional ligasining (MPL) 9-turnirida faxrli mehmon sifatida ishtirok etadi.

MPL turniri 11 may kuni Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida o‘tkaziladi. Hozircha musobaqada ishtirok etuvchi jangchilar nomi e’lon qilinmagan. 

Ta’kidlash joiz, bu Royning Toshkentga birinchi marta kelishi emas. U 2019 yil noyabr oyida poytaxtda o‘tkazilgan GFC-20 musobaqasida ham mehmon bo‘lgandi.

Abduqodir Husanov Golden Boy sovrini da’vogarlari qatoriga kiritildi

O‘zbekiston terma jamoasi va Fransiyaning “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov Golden Boy-2024 da’vogarlari ro‘yxatidan joy oldi.

Hozirda Husanov ushbu ro‘yxatda 73-o‘rinni egallab turibdi. Himoyachi 61,4 ochkoga ega.

20 yoshli futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Lans” jamoasida muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatmoqda. U Qatar mezbonlik qilgan Osiyo kubogida ham ishonchli o‘yin ko‘rsatdi.

Ro‘yxatda 1-o‘rinni “Barselona”da to‘p surayotgan ispaniyalik 16 yoshli Lamin Yamal egalladi. Uning hisobida 91,9 ochko mavjud. Kuchli uchlikdan “Benfika” a’zosi Juan Nevish va “Man Yunayted” futbolchisi Alexandro Garnacho o‘rin olgan.

Qayd etish joiz, Golden Boy sovrini uchun ro‘yxatga Yevropada to‘p tepayotgan 21 yoshgacha bo‘lgan 100 nafar eng yaxshi futbolchi kiritilgan.

Abbosbek Fayzullayev RPL ramziy jamoasiga kiritildi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning SSKA klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer Ligasining 24-turida yorqin o‘yin ko‘rsatgan futbolchilardan iborat ramziy terma jamoadan o‘rin oldi. Bu haqda “WhoScored” portali xabar berdi.

Chempionatning oxirgi turida “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinda “armiyachilar”ning  bitta goliga assistentlik qilgan Fayzullayevning Moskva derbisidagi o‘yini 8,1 ballga baholandi.

E’tiborlisi, tur ramziy terma jamoasiga SSKAdan faqat o‘zbekistonlik futbolchi kiritilgan. Shuningdek, Moskva derbisida qatnashgan “Lokomotiv” a’zolari Ilya Lantratov va Maksim Glushenkov ham ramziy jamoadan joy oldi.

Fayzullayev va Husanov Osiyo kubogida qatnashadi

Rossiyaning SSKA hamda Fransiyaning “Lans” klubi a’zolari Abbosbek Fayzullayev va Abduqodir Husanov O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi safida U-23 Osiyo kubogida ishtirok etadigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, Temur Kapadze Osiyo kubogi uchun tanlagan yakuniy qaydnomada Fayzullayev va Husanovning nomlari keltirilgan, biroq ikki futbolchi ham Qatarga biroz kech yetib kelishi bois, qit’a birinchiligining dastlabki turini o‘tkazib yuboradi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Osiyo kubogining 1-turida Malayziya bilan kuch sinashadi. Bahs bugun, 17 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 18:00 da start oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hojimat Erkinov va Ibrohimhalil Yo‘ldoshev ham jamoa safiga kelib qo‘shilgani xabar qilingandi.

Mashhur statistik portal O‘zbekistonning Parij Olimpiadasida nechta medal yutishini taxmin qildi

Olimpiada boshlanishiga roppa-rosa 100 kun qolganida sport statistikasini to‘plash bilan shug‘ullanuvchi “Gracenote” kompaniyasi tahlilchilari har bir mamlakat uchun medallar soni bo‘yicha yangilangan prognozni e’lon qildi.

Taxminlarga ko‘ra, medallar jadvalida AQSH g‘olib chiqadi, Amerika sportchilari 127 medalni qo‘lga kiritadi, shundan 38 tasi oltin medal bo‘ladi. AQSHdan keyin 75 ta medal bilan Xitoy ikkinchi, 65 ta medal bilan Buyuk Britaniya 3-o‘rinni qo‘lga kiritadi.

Birinchi beshlikdagi o‘rinlarni Yaponiya va Fransiya jamoalari band etishi taxmin qilinmoqda.

E’tiborlisi, portal prognozlarida O‘zbekiston delegatsiyasi medallar soni bo‘yicha 19-o‘rinda qayd etilmoqda. O‘zbekistonlik sportchilar Parij Olimpiadasida 13 ta medal, jumladan 3 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronzani qo‘lga kiritishi taxmin qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, bo‘lajak Olimpiadada 30 ta sport turi bo‘yicha 329 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi. Olimpiada tarixida birinchi marta breyk-dans va qoyaga chiqish kabi yo‘nalishlarida bahslar bo‘lib o‘tadi. 

Olimpiadada butun dunyodan jami 10500 ga yaqin sportchi qatnashishi kutilmoqda.

Futzal bo‘yicha Jahon chempionati O‘zbekistonning qaysi shaharlarida o‘tkazilishi e’lon qilindi

Futzal bo‘yicha O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchrashuvlariga mamlakatning Toshkent, Buxoro va Andijon shaharlari mezbonlik qiladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Futzal bo‘yicha jahon chempionati joriy yilning 14 sentyabridan 6 oktyabriga qadar bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak turnirga qur’a tashlash marosimi 26 may kuni Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ayni kunlarda Tailand mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogida ishtirok etayotgan ispaniyalik mutaxassis Xose Venansio Lopes murabbiyligidagi O‘zbekiston futzal terma jamoasi mezbon maqomida bo‘lganligi uchun mundialda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bugun O‘zbekiston futzal terma jamoasi Osiyo kubogida ikkinchi o‘yinini o‘tkazishi xabar qilingandi.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing