Sportchilarga Tracker, bilimdonlarga “zambarakning o‘qi” mi?

Intervyu

“Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni”.   Bu dono maqol o‘zbek xalqiga tegishli-yu, O‘zbekiston xalqiga emas. Bu yurtda bilagi zo‘rlar aziz, bilimi zo‘rlar emas. Gap nima haqida ketayotganini birozdan so‘ng bilib olasiz. 

Joriy yilning 23-30 iyul kunlari Italiya poytaxti Rim shahrida tarix fanidan xalqaro olimpiada – International history olympiad o‘tkazildi. Unda esa O‘zbekistonning 32 yillik tarixi davomida birinchi marta O‘zbekiston vakili ishtirok etdi. U 17 yoshli yigit – Humoyun Baxtiyorov. Humoyun mazkur olimpiadada O‘zbekiston nomidan ishtirok etib, ikkita oltin medal, bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

“Tarixni ingliz tilida 9-sinfligimdan boshlab o‘qib kelaman. Internetdan shu olimpiada 2015 yilda birinchi marta o‘tkazilganini bildim. Lekin O‘zbekistondan shu paytgacha hech kim qatnashmagan ekan. Markaziy Osiyodan faqatgina Qozog‘istondan vakil ishtirok etgan va bitta bronza medalni qo‘lga kiritgan. Shu sababli 2023 yilgi olimpiadaga borib bilimimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Unda esa:
24 iyulda “Janubiy Osiyo tarixi” yo‘nalishi bo‘yicha oltin;
28 iyulda “Afrika va Yaqin Sharq tarixi” yo‘nalishi bo‘yicha 2-oltin;
28 iyul kunining o‘zida yana “Zamonaviy Yevropa tarixi” yo‘nalishi bo‘yicha kumush medallarni qo‘lga kiritdim”, dedi Chilonzor tumanidagi 103-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Humoyun Baxtiyorov.

Humoyunning natijalarini ko‘rgach bilimlilarning qadriga yaxshi yetadigan Amerika Qo‘shma Shtatlari darhol uni o‘zi tomonga og‘dirmoqchi bo‘lib, unga yaxshigina pul va nufuzli universitetlarda o‘qish uchun imkoniyat taklif qilgan.

“Dastavval ishonishmadi, lekin birinchi oltinni olganidan keyin agar xohlasak, ma’lum moddiy imkoniyatlar evaziga Amerika nomidan qatnashishimizni taklif qilishdi. “Farzandingizning bilimi kuchli ekan, o‘ylab ko‘ring. Bizda imkoniyat bor”, deb aytishdi. Lekin biz rozi bo‘lmadik. Chunki O‘zbekistonning bayrog‘ini ko‘tarish uchun kelgan edik va shunday qildik ham. O‘g‘lim birinchi oltinni olganida, yurtimiz bayrog‘ini ko‘targanida to‘g‘risi, mening ham ko‘zimga yosh keldi. Pul topiladi, lekin Vatan topilmaydi”, dedi Humoyunning otasi Shohimardon Rahimboyev.

Ammo bu vatanparvarlar mas’ullarning e’tiborisiz qoldi. Sportchilar xalqaro olimpiadada yutib kelganida aeroportni boshiga ko‘taradigan karnay-surnay ovozi tarixchi Humoyunga kelganda eshitilmadi. Unga zarchopon kiydirilmadi. Sportchilarga xalq solig‘idan qo‘shqo‘llab mashina sovg‘a qiladigan hokimlar ham yo‘q. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, bugun “trendda” bo‘lgan shaxmatchilarning ortidan qolmayotgan Yoshlar ishlari agentligi raisi Alisher Sa’dullayev ham Humoyunni na maqtadi, na alqadi. Nima, bu mamlakatga tarixchilar kerak emasmi? Sportchiga Tracker, tarixchiga “zambarakning o‘qimi?”

Humoyunga esa bular qiziq emas. U bugun Italiyani uning tarixi boqayotgani, tarixiy maskanlari sabab millionlab turistlar Rimga oqib borayotganini aytib, O‘zbekiston ham o‘z tarixi bo‘yicha Italiyadan qolishmasligi, bu tuproqlarda ming yillik tarix namunalari saqlanib qolganini bildirdi. Faqat ularni topish, topilganlarini tiklash, tiklanganilarini esa tarixiy turistik maskanlarga aylantirib, turistlarni jalb qilish kerak. Uning aytishicha, agar O‘zbekistonning tarixi tiklansa, u hech qanday Pompeydan qolishmaydigan bo‘ladi.

“Hamma Samarqand, Xiva, Buxoroga boradi-yu, Toshkentga kelsa, uni hech kim tushunmaydi. “Toshkentda nima bor?” deyishadi. Toshkentda ham tarixiy maskanlar ko‘p. Chorsu bozori, Ko‘kaldosh madrasasidan tashqari yana ko‘plab qadim yodgorliklar bor. Masalan eng qadimgi davlatlardan biri – Qang‘ davlatining poytaxti aynan Toshkent viloyati hududida bo‘lgan va undan ham ko‘p yodgorliklar qolgan. Lekin bu haqida afsuski, hech kim bilmaydi”, dedi yosh Humoyun.

Bizdan bu mavzuni yoritishni so‘ragan boshqa bir tarixchi –O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Tarix fakulteti kichik ilmiy xodimi Zavqibek Mahmudov O‘zbekistonday yurtda yosh tarixchi Humoyunga, u orqali esa tarix faniga ko‘rsatilgan hurmatsizlikdan qattiq ranjiganini aytdi.

“Men bu masalaga fikr bildirishim Tarix ilmi bilan shug‘ullanayotganligim uchun emas, agar boshqa fandan ham Xalqaro olimpiadalarda oltin medallarni qo‘lga kiritib Humoyun singari bee’tibor qoldirilganda albatta fikr bildirardim. Ta’lim tizimida 7 yildan ortiq ishlaganligim sababli ham bu kabi yutuqlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-yoshlarni respublika miqyosida tanitishimiz lozim, deb bilaman. Toki, boshqa o‘quvchilarga ham o‘rnak bo‘lsin. Ulkan marralarni qo‘yishsin. Tarix – eng buyuk tarbiyachi, eng buyuk o‘qituvchi! Agar biz yosh avlodga xolisona yondashilgan o‘z tariximiz va jahon tarixiga qiziqishni uyg‘otib, o‘qita olsak, harakatlarimiz vatan ravnaqi uchungina xizmat qiladi. Zero, tarix o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi ko‘prikdir. Tarixni o‘qigan insonlargina o‘tmishdagi xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, kelajakda avvalgi xatolar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Buyuk “qomusiy olim”lar va dunyo tarixida o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lgan sarkardalarning ajdodlari ekanligimizni bilishimiz, ularga mos davomchi bo‘lishimiz uchun ham tarixni o‘qishimiz shart!
Unutmaylik, ilmli yoshlarimiz uchun davlat e’tibor qaratmasa, ular uchun boshqa davlatlar pul tikishga tayyor!” dedi u.

Humoyun bilan intervyuning to‘liq shaklini QALAMPIR.UZ’ning Youtube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
 


Maqola muallifi

Teglar

olimpiada Italiya tarix International history olympiad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing