Oligarx kompaniyasida g‘alayon. Olmaliqda ishchilar nega maoshini ololmayapti?

Tahlil

“Enter Engineering”. Bu kompaniya nomini eshitganimizda hayolimizga uning neft va gazga ixtisoslashgani emas balki o‘z maoshini ololmayotgan sarson ishchilar keladi. Bu gap bekorga emas. Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez bu kompaniya ishchilarining norozilik uyushtirgani haqida xabarlar tarqaladi. Masalan, kuni kecha tarmoqlarda Olmaliq shahridagi ushbu kompaniya ishchilari uzoq vaqtdan beri oylik berilmaganini aytib, norozilik bildirgani aks etgan videolar tarqaldi. Shundan so‘ng, mazkur holatga kompaniya o‘z munosabatini bildirdi.

Unga ko‘ra, kompaniya xodimlarining ish haqi bevosita buyurtmachi oldida bajarilgan ish hajmini muvaffaqiyatli asoslab berilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Kompaniyaning iddao qilishicha, hozirgi kunda xodimlarning fevral oyi uchun maoshlari to‘liq to‘lab berilgan.

“Ayni vaqtda mart oyi uchun hajmlarni asoslash jarayoni ketmoqda, ularning yakuniga ko‘ra, butun ish haqi to‘lab beriladi. Ya’ni shunday tartib borki, unga ko‘ra, avvaliga qurilish ob’ektlarida oldingi oyda bajarilgan ishlar hajmi buyurtmachi oldida himoyalanishi kerak. Aynan himoya qilingan hajmlar ish haqini baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. So‘ngra soliqlarni hisoblash va hisobotlarni topshirish, shuningdek, xodimlarga to‘liq maosh berish jarayonlari sodir bo‘ladi", deyiladi munosabatda.

Shuningdek, kompaniya munosabatida muammolarni hal qilish uchun vaqt talab qilinishi aytgan. Ayni vaqtda “Enter Engineering” kompaniyasida xodimlarga mart oyi uchun ish haqini to‘lash jarayoni ketayotgani qo‘shimcha qilingan. 

Kim aldamoqda? Ishchilarmi yoki kompaniya?

Ammo biz holatga aniqlik kiritish maqsadida kompaniya ishchilari bilan bog‘landik. Ishchilarga ko‘ra, ular munosabatda aytilganidek fevral oyining emas, yanvar oyining maoshini endi olishmoqda. Shunda ham maoshning 70 foizi naqd shaklida berilib, qolgan 30 foizi plastik kartochkaga tashlab berilmoqda. Xo‘sh, kimga ishonaylik? Fevral oyligini to‘liq to‘lab berdik, mart oyi uchun jarayonlar ketayapti deb bong urayotgan kompaniyagami yoki yanvar oyligini endi qo‘liga ushlagan ishchilargami? Eng achinarlisi, kompaniya ishchilari yanvar oyining maoshini norozilik uyushtirganlaridan so‘ng olishgan. Hozir esa allaqachon bahor faslining ikkinchi oyi boshlangan.

Shuningdek, kompaniyaning qayd etishicha, maoshlarning to‘lab berilishi birinchi navbatda qurilish kompaniyasining o‘zi, qolaversa, sifat nazorati xizmatlari va buyurtmachining mustaqil texnik nazorati xizmatlari tomonidan tekshirilishi kerak bo‘lgan qurilish ishlarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq.

Ha, aytgancha kompaniya munosabatining so‘ngida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ba’zi videolar uch yil oldingi feyk video hisoblanishi bildirgan. Kompaniya ham, buyurtmachilar ham xodimlari oldidagi barcha majburiyatlarni bajarib kelayotganini urg‘ulagan.
Biroq kompaniyaning ko‘p sonli xodimlari rahbariyatni yolg‘onchilikda ayblashda davom etmoqda.
 
2020 yilda yuz bergan ishchilar isyoni

Shuni qayd etish kerakki, jamiyatda ko‘plab shubhalarga sabab bo‘ladigan ushbu kompaniyada ishchilar bilan bunday holatlar sodir bo‘lishi birinchisi emas. 2020 yilda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida faoliyat yuritayotgan GTL zavodining yuzlab ishchilari isyon ko‘targandi. Xo‘p, bunga “Enter Engineering”ni nima aloqasi bor dersiz. Gap shundaki, o‘sha vaqtda O‘zbekiston GTL zavodini aynan shu kompaniya qurayotgandi. O‘sha vaqtda ham kompaniya ishchilari maoshi 4 oydan buyon to‘lanmagani, xodimlarga yetarli sharoit yaratilmaganini aytib norozilik bildirishgandi. Ishchilarning ommaviy noroziligi tashkilotning bosh pudratchisi “Enter Engineering”, “Hyundai Engineering”, subpudratchilar hamda buyurtmachi "Uzbekistan GTL" ofisining vayron qilinishiga sabab bo‘lgandi. Shuningdek, vaqtinchali inshootlar: oshxona, omborxona va boshqalar ham talafot ko‘rgandi.

Hodisada bir necha kishi, jumladan, oshxona, kadrlar bo‘limi, “Enter Engineering” muhandis-texnik xodimlariga tan jarohati yetgandi. Tartibsizliklarda taxminan ming nafar ishchi qatnashgan. “Enter Engineering” kompaniyasi ma’muriy direktori Temur Abdullayev esa o‘sha vaqtda bo‘lgan voqealarning asosiy sababi bor yo‘g‘i ruhiy charchoq ekanini aytgandi.

Tom bosib qolgan ishchilar

Afsuski ushbu kompaniyaga aloqador bunday voqealar shu bilan tugamadi, balki yanada ayanchliroq tus oldi. Joriy yilning fevral oyida Toshkent viloyati Olmaliq kon metallurgiya kombinatidagi 3-misni boyitish fabrikasi qurilishida quruvchilarni tom bosib qolgani haqida xabar tarqaldi.
Aniqlanishicha, respublikada o‘sha vaqtda davom etayotgan sovuq ob-havo, tog‘li hududlarda ko‘p qor yog‘ishi va qattiq shamol tufayli “Enter Engineering” kompaniyasining metall tayyorlash sexidagi vaqtinchalik qurilmaning tom qismi qulagan. Oqibatida 3 nafar hindistonlik ishchi halok bo‘ldi, 20 ga yaqin xodim jarohatlandi.
Keyinchalik holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“Otni kallasiday” soliq imtiyozi oluvchi korxona

Shu o‘rinda bir ma’lumot etiborni tortdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2022 yil yakuni bo‘yicha e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” eng ko‘p soliq imtiyozlari olgan davlat korxonalari ichida ikkinchisi bo‘lgan. Kombinatga 3 trlndan oshiq soliq imtiyozi berilgan. Agentlikka ko‘ra, 2022 yilda davlat ishtirokidagi 40 ta eng yirik korxonalardan davlat byudjeti uchun 47 trln so‘m soliq olingan bo‘lsa, 15 trln 670 mlrdlik soliq imtiyozlari berilgan. Eng ko‘p soliq imtiyozi olishda birinchilikni “Navoiy kon metallurgiya zavodi” egallagan. Zavod 19 trln 401 mlrd so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa 87,7 trln so‘m miqdorda soliq imtiyozi olgan.
 
Hamma joyda hozir-u nozir kompaniya

Esingizda bo‘lsa 2023 yilda Buxoro markaziy stadioni buzilishidan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali bir qancha sportchi va murabbiylar Prezidentga murojaat qilgandi.
Odamlarning noroziligiga Buxoroda 2023 yilda turizm markazi qurish maqsadida shaharning Ibrohim Mo‘minov va Mustaqillik ko‘chalari atrofidagi barcha bino va inshootlar buzilishi sabab bo‘lgandi. Ularning orasida yaqinda ta’mirdan chiqarilgan katta sport majmuasi ham bor.

Ushbu markaz qurilishi tepasida ham “Enter Engineering” kompaniyasi turibdi. Eng qizig‘i Buxoroda turizm markazi qurish kompaniyaga yopiq tarzda hech qanday tenderlarsiz berilgan. Qurilish vaziri Botir Zokirov esa buning sababiga izoh berar ekan, mazkur kompaniya Samarqanddagi turizm markazi va Imom al-Buxoriy majmuasi qurilishlarida “o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan”ini aytgandi.

Xo‘sh, ko‘p qirrali, hamma yerda hozir-u nozir, ammo ishchilarini oylikdan qisadigan “Enter Engineering” kompaniyasi o‘zi qanday kompaniya va u kimga tegishli?

“Enter Engineering” kimniki?

“Enter Engineering” kompaniyasi 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u O‘zbekistonda neft va gaz, sanoat va fuqarolik obektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Kompaniyaga o‘zbekistonlik oligarx Baxtiyor Fozilov egalik qiladi.

Taqdirni qarangki, “Enter Engineering”dan tashqari Eriell Group va Ferkensco kabi yirik o‘zbek va xalqaro kompaniyalarning asosiy aksiyadori hisoblanadigan Baxtiyor Fozilov O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi hamdir. Shuningdek, uning O‘zbekiston xokkey federatsiyasi prezidenti lavozimi ham bor.

2022 yilda unga tegishli “Enter Engineering” kompaniyasi O‘zbekistondagi eng yirik sayyohlik markazi “Silk Road Samarkand”ni qurdi. Oradan hech qancha o‘tmasdan esa Samarqandda Shanhay hamkorlik tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tdi. Xuddi shu yilda “Air Samarkand” aviakompaniyasi tashkil etildi, uning nazorat paketi Baxtiyor Fazilovga tegishli. Bundan tashqari, u Samarqand aeroportini boshqaradigan “Air Marakanda” kompaniyasining egasi va uni modernizatsiya qilish bo‘yicha investorlardan biri hisoblanadi.

U 2019 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Biz faqat bo‘lgan va bo‘layotgan voqealar haqida ma’lumot berdik. Barcha aytganlarimiz bo‘yicha xulosa o‘zingizdan. Bizni kuzatishda davom eting. O‘zingizni ehtiyot qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing