Cho‘qqidagi inflyatsiya. So‘m nega qadrsizlanmoqda?

Tahlil

O‘zbekiston xalq artisti Obit Yunusovni tanimagan odam bo‘lmasa kerak. Aktyor Obit Yunusov ijro etgan qaysi rolni bilasiz, deganda esa birinchi eslaydiganimiz o‘sha mashhur “Parvona” spektakli. Bu spektakl hozir teatr sahnalarida ijro etilmayotgan bo‘lishi mumkin, lekin undagi jumlalar doim eslanadi. Masalan, O‘tkuriyning “Dilni yayratadigan ham, til sayratadigan ham pul” degan gaplari har zamonga to‘g‘ri keladi. Har bir davlatning o‘z pul birligi bor. Masalan, Qozog‘istonda tenge, Tojikistonda somoniy, O‘zbekistonda so‘m. Lekin pul birligi tenga bo‘ladimi yoki so‘m ko‘pchilik pulni dollarda yig‘adi. Chunki milliy valyuta qadrsizlanib boradi, deb hisoblaydi odamlar. Xo‘sh, “tilni sayratib, dilni yayratadigan” o‘zbek so‘mi haqiqatdan ham qadrsizlanib boryaptimi? Dollar kursining jadallik bilan oshib borayotgani, so‘mning qadrsizlanayotganiga sabab nima?

Buni qarangki, haqiqatdan ham O‘zbekiston milliy valyutasi kursi kundan-kunga tushib, dollarga nisbatan qiymati pasayib bormoqda. O‘tgan haftada dollar kursi rekord darajada ko‘tarilib, 12 600 so‘mdan oshib ketdi. Bir yil ichida so‘m 9,7 foizga qadrsizlandi.

So‘m ilk bor muomalaga chiqarilgan vaqtda, 1994 yil 1 iyul kuni uning qiymati 1 dollarga nisbatan 7 so‘mni tashkil etgandi. O‘sha vaqtda umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi 1280 foizdan yuqori bo‘lgan. Bu yangi valyuta – so‘mga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi va 2 iyul kuni birjada 1 dollar 12 so‘mga baholandi. Shunday qilib, so‘m bir kun ichida 71 foizga qadrsizlandi. Keyinchalik so‘mning kursi quyidagi ko‘rinishda tushib bordi.

1995 yilda 1 dollar 25 so‘m, 2005 yilda 1000 so‘m, 2015 yilda 2430 so‘m va 2024 yilga kelib 12382 so‘mni tashkil qilmoqda. Guvohi bo‘lganingizdek, so‘m qadrsizlanishda davom etyapti. Xo‘sh, nega valyuta qadrsizlandi? Albatta, buning bir nechta sabablari bor. 

Birinchi sabab bu inflyatsiya. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon kuchli inflyatsiya bilan kurashib kelmoqda. 1991 yilda 90.7 foiz, 1992 yilda 712 foiz, 1993 yilda 1078 foizlik inflyatsiya kuzatilgan. Ya’ni pul bor, lekin bozorda tovar yo‘q. Hatto, taqchillik tufayli hukumat zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda cheklov o‘rnatishga majbur bo‘lgan.

1992 yilning yanvaridan iste’mol bozorini himoyalash maqsadida bir martalik kuponlar bosib chiqarilgan. 1994 yilda O‘zbekiston hukumati Xalqaro valyuta jamg‘armasining qarshiligiga qaramay, Markaziy bankning krediti orqali valyuta chop etishni boshlagan. O‘shanda so‘m ilk bor bosib chiqarilgan vaqtda O‘zbekistondagi inflyatsiya ko‘rsatkichi 1280 foizdan oshib ketgan edi. Bu esa so‘mning qisqa vaqt ichida qadrsizlanishiga olib keldi.

Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Komiljon Akramov iqtisodchi Behzod Hoshimovga bergan intervyusida hukumatning bu qarori katta xato bo‘lganini aytadi.

2024 yil inflyatsion ko‘rsatkich pasayishi bilan boshlandi. Hozirda umumiy inflyatsiya 8 foizdan pastga tushdi, lekin bu so‘mning barqarorlashishiga yordam bermayapti.

Ikkinchi katta sabab bu eksportning importdan yuqoriligi. O‘zbekiston Tashqi savdo balansi minusga kirib bormoqda. 2018 yilda eksport importdan 5,2 milliard dollarga ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib, tashqi savdo qariyb minus 14 milliard dollarni tashkil etdi. Qachonki davlatda xorijdan olib kelinayotgan mahsulot hajmi yuqori bo‘lib, xorijga sotilayotgan mahsulot hajmi kam bo‘lsa, bu valyuta kursi qadrsizlanishiga olib keladi.

Pulning qadrsizlanishiga yana bir sabab Davlat byudjetining taqchilligi. Davlat xarajatlarining daromadidan ko‘payib ketishi yuqori inflyatsiya darajasi hamda yuqori tashqi qarz inqirozi kabi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. 2023 yilda O‘zbekistonning byudjet kamomadi rejadagidan oshib ketib, 59 trillion so‘mni tashkil qilgan. Aslida 2023 yilda byudjetda profitsit bo‘lishi kutilgan edi, lekin hukumat hech qachon taqchillik chegarasini ushlab tura olmagan. Davlat qarzi esa qariyb 35 milliard dollarga yetdi. O‘tgan yilgi byudjet defitsiti tashqi qarzlar hisobiga yopildi. Aynan mana shu omillar: byudjet taqchilligi, tashqi qarz, importning eksportdan yuqoriligi so‘mning qadrsizlanishida eng muhim rol o‘ynamoqda.

Ha aytgancha, pulning qadrsizlanishiga konvertatsiyaning qayta ochilishi ham sabab bo‘ldi. O‘zbekiston hukumati 1996 yilda so‘m qiymati tushib ketishining oldini olish maqsadida konvertatsiyani yopib qo‘ydi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotiga juda yomon ta’sir ko‘rsatdi.

 2017 yilning 5 sentyabr kuni O‘zbekistonda rasman konvertatsiya ochilishi bilan dollar kursi birdaniga 3889 so‘m 65 tiyinga oshib, 8100 so‘mga yetdi. Hozir valyutalar kursi talab va taklif qonuni asosida Markaziy bank tomonidan belgilanadi. Dollar sotib olishga talab qancha ko‘paysa, uning qadri shunchalik oshadi.

Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovning so‘zlariga ko‘ra, dollar kursi 2024 yilning oxirigacha 14 000 so‘mga yetishi mumkin. Bankdan dollar sotib olishga aholi orasida talabning oshayotgani, o‘tgan yilda davlat xarajatlari maksimal darajada bo‘lgani, ortib borayotgan tashqi qarz miqdori dollarning 14 000 so‘mgacha ko‘tarilishiga olib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Inflyatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing