Toshkentda Amiti universiteti filiali ochiladi

Jamiyat

image

Kecha, 14 may kuni O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida Toshkentda Amiti universiteti (Hindiston) filialining ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda yangi o‘quv muassasasining ta’lim yo‘nalishlari va imkoniyatlari, abituriyentlarni saralab olish mezonlari haqida ma’lumot berildi. Bu haqda O‘zA nashri xabar bermoqda.

Ochilajak bu ta’lim muassasasi axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar, jumladan, dasturiy va apparat ta’minoti yaratuvchilari, sun’iy intellekt va AKT sohasidagi menejment bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarovning ma’lum qilishicha, yangi o‘quv yurti Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashadi. Hozirgi kunda mazkur ta’lim dargohida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Keyinchalik u eng so‘nggi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanadi.

“Universitetimiz Hindistondagi yetakchi xususiy oliy ta’lim dargohlaridan bo‘lib, Osiyodagi 300 ta eng yaxshi universitetlar safida. Amitining bosh korpusi Hindistonning Noida shahrida joylashgan, dunyoning 11 mamlakatida o‘quv kampuslari mavjud. Ayni paytda AQSH, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi va boshqa mamlakatlarda filiallarimiz bor. Hozirgi kunda universitetimizda turli mamlakatlardan kelgan 150 ming talaba tahsil olmoqda”, deydi Amiti universiteti prezidenti Atul Chauxan.

Toshkentdagi Amiti universitetidagi ta’lim ingliz tilida olib boriladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Amiti

Baholaganlar

33

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar