O‘qituvchi ham odammi? Qadri kabi maoshi ham tushib bormoqda

Tahlil

image

Bir necha kun avval O‘zbekistondagi maktablardan birida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi mojaro aks etgan videotasvir tarqalib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini larzaga soldi. Ba’zilar o‘qituvchining bolalar, umuman olganda, jamiyat orasida obro‘si tushib ketayotganidan havotir bildirgan bo‘lsa, kimlardir bunday hollarda ustozlarning o‘zini ayblashga kirishib ketdi. So‘nggi yangiliklarga tayanib aytish mumkinki, O‘zbekistonda o‘qituvchining nafaqat mavqeyi, balki, oyligi ham tushib ketmoqda. Yo‘g‘-e, bundan 5 yil avval ularning maoshi o‘rtacha 1 mln 822 ming so‘m edi, hozir esa 3 mln 123 ming so‘m bo‘lgan, oyliklar oshgan dersiz, ammo inflyatsiya va mamlakatdagi o‘rtacha ish haqini hisobga olganda, qiymat pasaygan. 

O‘zbekistonda 2023 yilgi hisobotga ko‘ra, 10 104 ta maktabda 525 737 nafar o‘qituvchi dars bermoqda. Umumta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar soni esa, qariyb 6,5 mln nafarni tashkil etadi. 

Yaqinda Prezident huzuridagi Ctatistika agentligi O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Unda, doimgidek, ta’lim va tibbiyot xodimlari eng kam maosh oladiganlar qatorida qayd etilgan. Respublika bo‘ylab (qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik  sub’ektlarisiz) o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 4 mln 551 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ta’lim sohasi xodimlari maoshi 3 mln 123 ming so‘m, ya’ni o‘rtacha ish haqidan 1 mln 428 ming so‘mga kam ekanini ko‘rish mumkin. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi yildan-yilga oshib bormoqda, ammo o‘qituvchilarning oylik maoshlarida bu kabi o‘sish sur’atini ko‘rmayapmiz. Keling, o‘tgan yillar davomida umumiy o‘rtacha ish haqi va o‘qituvchilar maoshlari qanday o‘zgarganini taqqoslaymiz:

2017 yili o‘rtacha oylik maoshi O‘zbekistonda 1 mln 457,8 ming so‘mni tashkil etib, 2016 yildagiga nisbatan 12,3 foizga o‘sgan. Ta’lim sohasi xodimlari o‘sha vaqtda 1 mln 160,1 ming so‘m maosh olar edi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining maoshi esa 2019 yildan buyon 583 ming so‘mga, ya’ni qariyb besh yil ichida atigi 35 foizga oshgan, xolos (2019 yilda 1 mln 131 ming so‘m, 2023 yilda 1 mln 714 ming so‘m). Bu vaqt ichida respublika bo‘ylab o‘rtacha oylik ish haqi 2 mln 227 ming so‘mga ko‘paygan.

Respublikada eng ko‘p ish haqi oluvchi soha xodimlariga nisbatan ustoz-murabbiylarning maoshi: 

  • moliya va sug‘urta xodimlaridan (13 mln 323 ming so‘m) o‘qituvchilar oyligi 4,2 barobar;
  • axborot va aloqa sohasi vakillaridan (10 mln 602 ming so‘m) 3,3 barobar;
  • tashish va saqlash ishchilaridan (6 mln 936 ming so‘m) 2,2 barobar;
  • qurilish sohasi xodimlaridan (5 mln 218 ming so‘m) 1,6 barobarga kam.

O‘qituvchilarga maosh to‘lash tartibi qanday?

Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida o‘qituvchilarning maoshi ish stajiga qarab ortib boradi. O‘zbekistonda esa pedagoglarning oyligi malaka toifasiga qarab belgilanadi. 20 yillik tajribaga ega, ammo malaka toifasi oliy yoki 1-toifada bo‘lmagan o‘qituvchilar yuqori ish haqi ololmaydi:

  •   o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi – 2 mln 575 ming so‘m;
  •   oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchi – 2 mln 755 ming so‘m;
  •   ikkinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 85 ming so‘m;
  •   birinchi toifali o‘qituvchi – 3 mln 437 ming so‘m;
  •   oliy toifali o‘qituvchi – 3 mln 798 ming so‘m.

Shuningdek, maktab direktori:

  •   3 mln 816 ming so‘m (o‘quvchi coni 400 nafargacha bo‘lsa);
  •   4 mln 75 ming so‘m (401-880);
  •   4 mln 321 ming so‘m (881-1600);
  •   4 mln 571 ming so‘m (1600 dan ortiq).

Direktor o‘rinbosarlari:

  •   3 mln 564 ming so‘m (400 nafargacha);
  •   3 mln 816 ming so‘m (401-880);
  •   4 mln 75 ming so‘m (881-1600);
  •   4 mln 321 ming so‘m (1600 dan ortiq).

Maktab direktori va o‘rinbosarlariga haftasiga 10 soatdan ortiq dars o‘tish mumkin emas. Xo‘sh, buning nimasi yomon, dersiz. Ushbu lavozim egalarining maoshi 3,5 mln so‘mdan, ko‘pi bilan 4,5 mln so‘mni tashkil qiladi. Iste’mol xarajatlari yildan-yilga ortib borayotgan bir paytda, oilasining asosiy boquvchisi hisoblanadigan erkaklarning maktab direktori, direktor o‘rinbosari yoki o‘qituvchilik kabi kasblardagi ulushi kamaymoqda va natijada, diplomli, “oliy toifali” migrantlar ko‘paymoqda. Malakali kadrlarning o‘zga yurtda mehnat qilish o‘rniga, O‘zbekistonda ko‘proq ishlab, yuqoriroq maosh olgani jamiyat uchun har taraflama foyda emasmi? 

O‘qituvchilar maoshining o‘sish sur’ati pasaymoqda

Statistika agentligi taqdim etgan ma’lumotning eng achinarli tomoni shundaki, o‘qituvchilarning maoshi O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqiga nisbatan yildan-yilga kamayib boryapti. Masalan, ta’lim sohasi xodimlari 2019 yilda O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqining 80 foizi miqdorida maosh olgan. Keyingi yillarda esa bu miqdor quyidagicha bo‘ldi:

  •     2020 yilda 74,2 foiz;
  •     2021 yilda 71,8 foiz;
  •     2022 yilda 69,2 foiz;
  •     2023 yilda 68,6 foiz.

Aksiga olib, O‘zbekistonda inflyatsiya (pulning qadrsizlanishi) darajasi hali ham yuqori. Markaziy bank 2017-2018 yillardagi rekord darajalik inflyatsiyaning pasayishiga erishgan bo‘lsa ham, 5 foizlik barqaror maqsadga yetishganicha yo‘q. O‘tgan 5 yilda inflyatsiya darajasi quyidagicha edi:

  •     2019 yil – 17,5 foiz;
  •     2020 yil – 14,5 foiz;
  •     2021 yil – 12,8 foiz;
  •     2022 yil – 10,8 foiz;
  •     2023 yil – 11,4 foiz;
  •     2024 yil yanvar holatiga ko‘ra – 8,4 foiz.

“Oyligimiz haqida xorijliklarga aytishga uyaldik”

QALAMPIR.uz o‘zbekistonlik pedagoglardan ularning oylik maoshidan qanchalik qoniqishi haqida so‘radi. O‘qituvchilardan biri xorijlik mehmonlarga ish haqi qancha ekanini aytishdan uyalganini gapirib berdi:

“Bir necha yil oldin seminarda fransiyalik mehmonlar oylik maoshimiz qancha ekanini so‘ragandi. Biz aytishga uyaldik, ustimizdan kulmasin, deb 100 dollarga ko‘paytirib aytdik. Ular bizga rahmi kelgandek qarab, “Nimaga bunchalik kam, axir bu choychaqa-ku”, dedi. Fransiyalik o‘qituvchilar o‘zlarining oylik maoshi, ish sharoitlari haqida gapirib berganda o‘zimizni haqiqatan arzimas pulga, choychaqa evaziga ishlayotgandek his qildik. Biz o‘zimizga mashina, qimmatbaho buyum sotib olish yoki xorijga sayohat qilish uchun yillab pul to‘plashimiz kerak. Ular esa, xohlagan vaqtida bu ishlarni amalga oshirishi mumkin, ammo har ikkala davlat o‘qituvchilari bir xil vazifani bajaradi. Menimcha, o‘zbekistonlik o‘qituvchilar ish yuklamasi ko‘pligi hisobiga yevropalik pedagoglardan ham ko‘proq ishlaydi”, deydi andijonlik fransuz tili o‘qituvchisi G.M.

O‘qituvchilarga eng ko‘p maosh to‘lanadigan mamlakatlar

OECD hisobotiga ko‘ra, Lyuksemburgdagi o‘qituvchilar dunyo bo‘yicha eng ko‘p maosh oladi. Bakalavr darajasiga ega bo‘lgandan so‘ng, pedagog faoliyatini yiliga 67 000 yevro (908 mln so‘m) miqdoridagi maosh bilan boshlaydi. Ish haqi 10 va 15 yillik mehnat faoliyati davomida mos ravishda 20 000 yevrodan (271 mln so‘m) 31 000 yevrogacha (420 mln so‘m) qo‘shilishi mumkin. 30 yillik malakaga ega ustozlarga esa, 119 000 yevro (1 mlrd 613 mln so‘m) gacha maosh (oyiga taxminan 134 mln so‘mdan) to‘lanadi. Magistr darajasiga ega bo‘lgan o‘qituvchi bakalavr darajasiga ega o‘qituvchilardan ko‘proq maosh oladi.

Shveysariya – ish tajribasiga qarab, yillik 73 646 dollardan (998 mln so‘m) 95 591 dollar (1 mlrd 295 mln so‘m) gacha.

Germaniya –  kar’era boshida oyiga 1 553 dollar (19 mln so‘m) dan, 2 yildan 5 yilgacha tajribaga ega bo‘lganda 2 078 dollargacha (25 mln so‘m) ish haqi oladi. Ish stajiga qarab oylik maoshi ko‘payib boraveradi.

Shuningdek, taqqoslash uchun Rossiyada o‘qituvchilarning o‘rtacha ish haqi 45 787 rublni (6 mln 187 ming so‘m) tashkil qiladi.

Qo‘shni mamlakatlarda o‘qituvchilar maoshi qanday? 

Qozog‘iston milliy statistika byurosining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2023 yilning uchinchi choragida ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 247 439 tenge (6 mln 774 ming so‘m)ni tashkil qilgan. Tajribasi va unvoni yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning maoshi ish yuklamasiga qarab eng ko‘pi 600 ming tenge (16 mln 426 ming so‘m)gacha yetadi. 2024 yilda qozoq o‘qituvchisining o‘rtacha maoshi taxminan 250 ming tenge (6 mln 844 ming so‘m) bo‘lishi aytilgan edi. 

Qirg‘izistonda 2023 yilda o‘qituvchilarning o‘rtacha oylik maoshi 24,4 ming som (3 mln 359 ming so‘m)ni tashkil etdi. Agar o‘qituvchi 1,5 stavka ishlasa, bazaviy tarif (7040 som) 1,5 ga ko‘paytiriladi. Sinf rahbarligi uchun 1400 som (192 ming so‘m), til va matematika o‘qituvchilariga yozma ishlarni tekshirgani uchun 2800 som (385 ming so‘m) qo‘shimcha pul to‘lanadi. 3 yildan 8 yilgacha ish stajiga ega ustozlarga 10 foiz, 8-13 yilgacha 20 foiz, 13 yil va undan yuqori tajribaga ega ustozlarga 30 foizlik ustama haqi qo‘shib beriladi. Ushbu qo‘shimcha rag‘batlar hisobiga o‘tgan yili Qirg‘izistonda ba’zi o‘qituvchilarga 30 000 somgacha (4 mln 130 ming so‘m) haq to‘langan.

Tojikiston va Turkmanistonda o‘qituvchilar maoshi nisbatan kam: Tojikistonda oylik 1 mln 160 ming so‘m bo‘lsa, Turkmanistonda 2 mln 187 ming so‘mdan 4 mln 984 ming so‘mgachani tashkil etadi.

O‘qituvchilarga qanday imtiyozlar berilgan?

Bugunga kelib, o‘qituvchilarning oyligi garchi ming dollarga chiqmagan bo‘lsa-da, qonunchilikda ular uchun ma’lum bir imtiyoz va ustamalar berilgan:

1. Qishloq joylardagi ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda sport ustozi bo‘lib ishlayotgan ayollarning tarif stavkalariga har oyda 15 foiz miqdorda ustama haq belgilanadi. 

2. Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foiz miqdorida ustama haqi to‘lanadi. 

3. Ta’lim sifati past maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilingan. Bunda:

  • bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  • boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustamalar to‘lanadi.

4. Xalqaro tan olingan sertifikat va xalqaro standart talablariga javob beradigan milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga –ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;

5. 2025 yil 1 yanvarga qadar chet tili fanidan kamida S1 darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik ustama 50 foiz miqdorida to‘lanadi.

Pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama – umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi.

Shuningdek, ustama oladigan o‘qituvchilar soni maktabdagi umumiy xodimlarning 50 foizidan oshmasligi kerak. Umumta’lim maktablarida sertifikatga ega bo‘lib, belgilangan ustamalarni olib kelayotgan o‘qituvchilar soni ko‘paymoqda. Ammo, ta’lim sohasi xodimlarining o‘rtacha maoshi hali-hanuz kamligicha qolyapti.

O‘qituvchilarga berilgan va’dalar

2019 yilning mart oyida sobiq Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ustuvor vazifa – o‘qituvchilarning maoshini oshirish ekanini bildirgan edi.
2020 yil 20 noyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan qilgan muloqot chog‘ida o‘qituvchi 1000 dollar olmaguncha ishga kelmaslik kerakligini aytgandi. 

2020 yil 20 iyun kuni Buxoroda saylovchilar bilan uchrashgan Shavkat Mirziyoyev:

“Endi muallimlarning nafaqat bilimi, balki malaka va mahoratini ham baholab, malaka sertifikatini berish tizimi joriy etiladi. Umuman, kelgusi yetti yilda muallimlarning oylik maoshi 2 karra oshiriladi”, degandi. 

2021 yil 28 sentyabrda Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda, agar prezidentlikka saylansa, alohida ta’lim dasturi qabul qilinishini va’da qildi.

“Men muallimning maoshini 1000 dollarga yetkazmaguncha to‘xtamayman”, degan edi Prezident.

2021 yil 6 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Senatning yangi binosida qilingan tantanali qasamyoddan so‘ng so‘zlagan nutqida, kelgusi besh yilda O‘zbekistonda oliy toifali o‘qituvchilarning maoshi ekvivalent hisobida ming dollarga yetkazilishini ma’lum qilgan edi…

O‘qituvchilarni qiynayotgan muammolar ham talaygina

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning ish yuklamasi yuqoriligicha qolmoqda: 1 stavkalik ish ular dars o‘tadigan sinflarga qarab haftasiga:

  • 1-4 sinf – 18 soat;
  • 4-11 sinf – 20 soatni tashkil etadi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2023 yilning may oyiga qadar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining pedagog stavkasini 16 soat etib belgilash bo‘yicha taklif tayyorlash vazifasi belgilangan edi, ammo bu haqda na Hukumat qarori chiqdi, na ustozlar intiqib kutgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunda ish stavkasi 16 soatga qisqartirildi.

Aksiga olib, ushbu qonundan 2020 yil noyabr oyida taqdim etilgan quyidagi asosiy takliflar  olib tashlandi:

  • pedagoglarning pensiya yoshi besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olishi;
  • pedagog xodimning ta’lim sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik bazaviy lavozim maoshiga ustamalar to‘lash;
  • oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimni – kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari OTMning pedagogika yo‘nalishiga [sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakli] suhbat asosida o‘qishga qabul qilish.

Ustozlarni eng ko‘p qiynab kelayotgan muammolardan yana biri: maktablarda o‘zlashtirish qiyin bo‘lgan fanlar, jumladan, “informatika”, “Mehnat ta’limi” va chet tili darslari 25 nafargacha o‘quvchi bo‘lgan sinflarda ikki guruhga bo‘lib o‘tilmayotganidir. QALAMPIR.UZ muxbiri suhbatlashgan pedagoglardan biri ushbu fanlarni o‘qitishda sinfda ko‘pi bilan 15 nafar o‘quvchi bo‘lishi kerakligini aytdi:

“Ota-onalar arz qilib keladi ba’zida, farzandimni darsda olib o‘tirma, xorijiy tilni o‘quv markaziga borib o‘rganadi baribir, sen o‘rgata olmayapsanmi, qo‘yib yubor, deb. Bolasi chet tilini yaxshi o‘zlashtirolmayotgani uchun biz o‘qituvchilarni ayblaydi. Sinfda 24 nafar o‘quvchi bor, dars 45 daqiqa bo‘ladi, xorijiy tilni grammatika, o‘qish, yozish, tinglab tushunish va gaplashish asosida o‘rgatish uchun bu kamlik qiladi. O‘quv markazlarida esa bir guruhda ko‘pi bilan 14-15 ta o‘quvchi tahsil oladi. 25 yillik tajribaga ega pedagog sifatida aytmoqchimanki, o‘quvchilarni ikki guruhga ajratishning maksimal chegarasi 20 nafargacha bo‘lishi kerak. Aholi siyrak yashaydigan talaygina hududlar, qishloqlardagi bitta sinfda o‘quvchilar soni 20-25 nafargachani tashkil qiladi. Qonunga bo‘ysunishga majburmiz, xorijiy tilni sinfni ikkiga bo‘lmasdan o‘rgatamiz. Har bir o‘quvchiga vaqt ajratishga, xatolari ustida ishlashga ulgurmayapmiz”.

Shahar maktablarida esa, holat undan-da yomonroq. Bir sinfda 40, 45 va hatto 50 nafargacha bola ta’lim olmoqda. Tasdiqlangan nizomga muvofiq, sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan ortmasligi belgilangan. Ammo, dars xonalarining, pedagoglarning yetishmasligi bois sinflarda 35 tadan ko‘p bola o‘qitishga to‘g‘ri kelyapti. Bu narsa o‘z-o‘zidan ta’lim sifatiga ta’sir qilmay qolmaydi.

Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, o‘qituvchilarning olayotgan maoshi birvarakayiga 40 ta bolaga dars o‘tib ketkazilgan energiya, uzilgan asab tolalariga arziydimi? Nega xalq ta’limi xodimlari jamiyatning eng kam ish haqi to‘lanadigan qatlami bo‘lishi kerak? 

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing