Hayvonlarda kannibalizm: ularni o‘z turdoshini yeyishga nima majbur qiladi?

Bu qiziq

image

Hayvonlarning o‘z turini yeyishi haqidagi faktlar ko‘zoldimizda xunuk manzara hosil qiladi. Qanchalik yoqimsiz tuyulmasin, yovvoyi tabiat inson amal qiladigan qoidalar bilan yashamasligini esda tutish lozim. Dunyo shafqatsiz va u keskin choralarni talab qiladi. Insonlar esa iqlimni zararlash va yashash joylarini egallash orqali jonzotlar hayotida vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Hayvonlarda kannibalizm bu bir hayvonning o‘z turiga mansub boshqa hayvon o‘ligi yoki o‘ldirilgan tanasini iste’mol qilishidir. Evolyutsiya nuqtai nazaridan qaraganda, kannibalizm hayvonning o‘z genlarini davom ettirishdagi asosiy maqsadiga to‘sqinlik qiladi. Unda nega ko‘plab hayvonlar vaqti-vaqti bilan yoki muntazam ravishda o‘z turi yoki o‘z bolalarini yeydi?

“Garchi kannibalizm mantiqan xato bo‘lsa-da, ba’zi vaziyatlar bu xavfli xatti-harakatni oqlaydi. Hayvonlar odatda ochlik tufayli turdoshi yoki bolasini yeydi, chunki tirik qolish kerak”, deydi amerikalik ekolog olim Erika Uayld “Science Magazine” jurnaliga bergan intervyusida.

Ayrim hollarda o‘z turini yeyish ko‘payish strategiyasi sifatida ham ishlaydi. Ba’zan esa bu resurslar cheklangani yoki ekologik inqirozga moslashish natijasidir.

Hayvonlarda kannibalizmning bir necha turlari mavjud:

  • Avtokannibalizm – o‘z tanasi qismlarini yeyishi (ko‘pincha sudralib yuruvchilarda uchraydi);
  • Filial kannibalizm – o‘z avlodini (bolalarini) yeyishi;
  • Jinsiy kannibalizm – juftlashish paytida o‘z juftini yeyishi;
  • Infantitsid – boshqa jamoadoshining bolalarini yeyishi;
  • Birodarlik kannibalizmi – bir onadan tug‘ilgan hayvonlarning bir-birini yeyishi;
  • Zo‘ravonlik kannibalizmi – o‘zidan kichik va zaif turdoshlarini yeyishi.

Tabiatdagi kannibalizmga oid eng qadimgi dalillar bundan 541 million yil avvalga borib taqaladi: olimlar qadimiy dengiz trilobitlari o‘z turlarini tishlaganini ko‘rsatuvchi qazilma izlarini topgan. Kannibalizm hayvonot dunyosida siz va biz o‘ylagandan ko‘ra ancha keng tarqalgan: sutemizuvchilardan tortib, hasharot va amfibiyalargacha! Quyida o‘z turini yeydigan 9 ta hayvon bilan tanishamiz.

1. Hamsterlar

Bir guruh tadqiqotchilar tajriba uchun laboratoriyadagi xamsterlarni makkajo‘xori va bug‘doyli ratsionga o‘tkazadi. Natijada, makkajo‘xori bilan boqilgan xamsterlarda B3 yoki D3 vitamini yetishmasligi tufayli “pellagra” (vitamin yetishmovchiligi kasalligi) kelib chiqqan va ular o‘z bolalarini yeb qo‘ygan.
Bu qanchalik dahshatli bo‘lmasin, filial kannibalizm hamsterlarda juda keng tarqalgan. Ular laboratoriyada ham, tabiatda ham yangi tug‘ilgan bolalarini yeb qo‘yishi kuzatilgan. Xo‘sh, nega hayvonlar o‘z bolalarini yeydi? Ona hamster bu savolga ehtimol, quyidagicha javob bergan bo‘lardi:

  • Atrof-muhitdagi omillar, masalan, baland shovqinlardan keladigan stress;
  • bolalarga g‘amxo‘rlik qila olmasligi yoki yirtqich xavfini sezish;
  • bolalar soni juda ko‘p bo‘lib, uni bosib qo‘yish;
  • bola kasal yoki deformatsiyalangani va u baribir omon qolmasligini sezish;
  • allaqachon bola o‘lgan, ammo uyani tozalash kerak;
  • vitamin yoki mineral yetishmovchiligi ham filial kannibalizmga undaydi.

2. Oq ayiqlar

Oq ayiqlarning o‘z bolalari yoki ba’zan urg‘ochilarni ovlashi yangilik emas.

“Oq ayiqlar orasida kannibalizm qadimdan ma’lum, ammo ilgari bu holat kam kuzatilgan, hozir esa ancha tez-tez qayd etilmoqda”, deb yozadi mutaxassis Ilya Mordvinsev “The Guardian” gazetasidagi maqolasida.

Tadqiqotlarda oq ayiqlar orasidagi kannibalizm holatlari bir necha marta hujjatlashtirilgan. Masalan, 2008 yil 24 avgust kuni Shpitsbergen orolining shimoliy sohilida yirik erkak oq ayiq 2-3 yashar yosh ayiqqa hujum qilib, uni yegani kuzatilgan. Bugungi kunda bu holat oq ayiqlarda tasodifiy xatti-harakat emas, balki omon qolish strategiyasi sifatida qaralmoqda. Endi bunga iqlim o‘zgarishi va ularning yashash muhitiga insonlar kirib borishi ta’sir qilmoqda.

“The Guardian” gazetasining yozishicha, o‘tgan yoz oxirida Arktika muz qatlami so‘nggi 25 yilda 40 foizga kamaygan. Ov manzillarining yo‘qolishi oq ayiqlarni qirg‘oqlar va yuqoriroq orollarga siqib chiqarmoqda. Oziq-ovqat tanqisligi esa ularni kannibalizmga majbur qilmoqda. Buning sabablaridan yana biri ekologik sharoitning yomonlashuvi hamdir.

3. Sher

O‘z bolasini yeydigan sutemizuvchilar haqida gap ketganda albatta, sherlar tilga olinadi. Ammo aslida, ular o‘z bolasini yeydigan hayvonlar toifasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirmaydi. Bu holat ko‘proq infantitsid, ya’ni begona erkak bolalarini o‘ldirish hodisasi sifatida tasniflanadi. To‘dani yangi boshliq egallaganida u avvalgi erkakdan qolgan bolalarga bag‘rikenglik bilan qaray olmaydi.

Birinchidan, ona sher bolalarini taxminan 2 yil emizadi, bu esa yangi erkakning juftlashish imkoniyatini cheklaydi. Ikkinchidan, u nega sobiq yetakchining genlarini davom ettirishi kerak?

Qisqasi, “o‘gay ota” mehribon rolini o‘ynashni rad etadi. U bolalarni yo‘q qilsa, bir o‘q bilan ikki nishonga uradi: ona sher yana juftlashadi va uning naslini davom ettiradi. Biroq sherlar o‘ldirilgan bolalarni yeyish, ya’ni kannibalizmning o‘zi bilan kamdan-kam shug‘ullanadi. “Africa Geographic” ma’lumotlariga ko‘ra, 1 yoshga yetmasdan o‘lgan sher bolalarining taxminan 25 foizi infantitsid qurboni hisoblanadi.

4. Itlar

Itlarda filial kannibalizm, ya’ni o‘z bolalarini yeyish odatiy holat emas. Faqat ayrim noqulay sharoitlarda ulardagi onalik instinkti buzilishi mumkin. Masalan:

  • Tug‘ruqdan keyingi gormonal o‘zgarishlar parvarish tuyg‘usini o‘zgartiradi;
  • tajribasizlik – yangi onalardagi asosiy sabab;
  • ular bolani tanimay qolishi yoki ehtiyotsizlik bilan bosib qo‘yishi mumkin;
  • agar kuchukcha juda nimjon yoki kasal tug‘ilsa, bu onaga ogohlantiruvchi signal bo‘ladi: u sog‘lom bolalarining hayoti va resurslarini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun kasallarini yeb qo‘yishi mumkin.

“Dogs Academy” ma’lumotiga ko‘ra, ona it organizmi har bir tug‘ilgan kuchukcha uchun 25% ko‘proq ovqat talab qiladi. Yetarlicha oqsil va ozuqa bo‘lmasa, u sut ishlab chiqara olmaydi. Bunday holatda esa ona it bolalarni tashlab ketishi yoki kannibalizm yo‘liga o‘tishi mumkin.

5. Begemot

Ulkan tish va jag‘lari bilan begemot bir butun qo‘yni yutib yuborishga qodirdek ko‘rinadi. Ammo aslida, bu tur vakillari ekologik muvozanat saqlangan va tana sog‘lom bo‘lgan paytda mutlaqo o‘txo‘r hisoblanadi. Begemotlarda kannibalizm – g‘ayritabiiy holat.

— Ular tajovuzkormi?
— Albatta!
— Hududparastmi?
— Ha va yana ha!

Ammo tabiatan ular o‘z turdoshini o‘ldirib, go‘shtini yeyishga moyil emas: begemotlarda hazm tizimi go‘shtli ozuqaga moslashmagan. Shunga qaramay, hayratlanarli voqealar sodir bo‘lgan: begemotlar ba’zan boshqa hayvonlar, jumladan, o‘z turdoshlariga ham hujum qilib, ularni yeb qo‘ygan. Bu xatti-harakat odatda kasallik, oziq-ovqat tanqisligi yoki ekologik stress holatlarida yuz beradi.

Shuningdek, bu ulkan hayvonlar jasadni o‘zlari yorib yeyishga qodir emas. Olimlar taxminicha, begemotlar o‘lik hayvonning tabiiy chirishi yoki yirtqich hayvonlar tanani ochib berishini kutadi. Zimbabvedagi “Xvange” milliy bog‘ida shunga o‘xshash hodisa qayd etilgan: bir nechta begemotlar o‘lik turdoshlarining jasadini timsohlar bilan birga “bo‘lishib” yegan.

6. Beshiktebratar

Juftlashish jarayonida sherigini chin ma’noda yeb qo‘yish rostdan ham g‘alati eshitilishi mumkin, ammo jonzotlar olamida shunday hodisalar ham kuzatiladi. Masalan, urg‘ochi beshiktebratar juftlashish jarayonida yoki undan keyin erkaklarini yeydi. Ha, bu romantikadan tashqari albatta...

Qayd etish lozimki, jinsiy kannibalizm tabiatdagi eng hayratlanarli hodisalardan biridir. Urg‘ochi beshiktebratar odatda sherigining avvalo boshini tishlab uzadi. Qizig‘i shundaki, “BBC Earth” tayyorlagan videoda keltirilishicha, erkak boshidan judo bo‘lgach ham harakatda davom etadi. Ba’zi tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘z juftini yeb qo‘ygan urg‘ochi beshiktebratarlar boshqalariga qaraganda ko‘proq tuxum qo‘yadi. Qanchalik shafqatsiz, lekin naqadar “samarali”, to‘g‘rimi?

7. Shimpanzelar

Mehribon ona shimpanze va uning yoqimtoy bolasi aks etgan videolarni ko‘rganingizdan so‘ng, bu hayvonlar o‘z bolasini yeyishiga ishonmaysiz, to‘g‘rimi? Ammo afsuski, shimpanzelar o‘z avlodini yeydigan hayvonlar sirasiga kiradi. Shu o‘rinda nega hayvonlar o‘z bolalarini yeydi, degan savol qiynaydi. Yovvoyi sutemizuvchilarda ota yoki onalik instinkti qanchalik kuchli bo‘lmasin, bu ularni bolani o‘ldirish xatti-harakatidan to‘xtata olmaydi. Masalan, shimpanzelar to‘dasida alfa (eng kuchli, hukmron) erkak maymun bu borada eng ko‘p ayblanadi. Buning sabablari quyidagicha bo‘lishi mumkin:

  • Shafqatsiz ko‘payish strategiyasi: urg‘ochini onalik majburiyatidan bo‘shatib, uni tezroq juftlashishga tayyorlash (xuddi sherlar kabi);
  • Ijtimoiy yoki hududiy agressiya oqibati: hukmron erkak shimpanzening boshqa bolalarga nisbatan tajovuzi.

Masalan, Tanzaniyadagi “Gombe” milliy bog‘i tez-tez shunday xabarlar bilan tilga olinadi: erkak shimpanzelar begona urg‘ochilarning bolalariga hujum qilib, ularni tortib olib ketadi. Hatto bir urg‘ochi va uning bolasi o‘z guruhidagi uchta yosh shimpanzelarni yegani ham qayd etilgan.

“Springer” jurnalida esa yanada dahshatli, ammo juda noyob holat tasvirlangan: Uganda va Fil suyagi qirg‘og‘ida olimlar ikki ona shimpanzening o‘z o‘lik bolalarini yeganini kuzatgan. Ular hatto go‘shtni to‘dadagi boshqalar bilan ham bo‘lishgan. “Onalik muhabbati”ning shunday yakun topishiga ishonish qiyin, to‘g‘rimi?

8. Qisqichbaqasimon o‘rgimchaklar

Umuman olganda, o‘rgimchaklar ham kannibalizmdan yiroq emas. Masalan, qora beva deb nomlanuvchi o‘rgimchak turi ham beshiktebratarlar kabi juftlashishdan so‘ng erkaklarini yeydi. Labirint o‘rgimchaklar esa o‘z yaqinlarini o‘ldirmaydi, ammo o‘lib qolganini iste’mol qilishga ham yo‘q demaydi. Bu birodarlik kannibalizmiga oid harakatdir.

Ammo “Pursuit” nashri ona qisqichbaqasimon o‘rgimchaklarni “hayvonot olamining super onalari” deb ataydi. Chunki, boshqa hayvonlar turli sabablarga ko‘ra o‘z bolalarini yeyishi mumkin, ammo bu o‘rgimchaklar o‘zlarini bolalariga qurbon qiladi. Bu hodisa “matrifagiya” deb ataladi. Birinchi bosqichda bolalar onasining oyoq bo‘g‘imlaridagi suyuqlikni so‘ra boshlaydi. Bir necha hafta o‘tgach, onaning tanasi bo‘shab, harakatlana olmay qoladi. Ana shunda bolalar uni butunlay yeb qo‘yadi.

Ko‘rinishidan juda qo‘rqinchli va yovuz tuyuladigan bu jonzotlarning urg‘ochilari aslida juda mehribon bo‘ladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ona qisqichbaqasimonlar hatto begona o‘rgimchak bolalarini ham uya ichiga qabul qilib, g‘amxo‘rlik bilan ozuqa beradi. Ular buni yanglish amalga oshirmaydi: qisqichbaqasimon o‘rgimchaklar o‘z farzandlarini boshqalardan yaxshi ajrata oladi. Bunga dalil – ular faqat o‘z bolalari uchun kattaroq o‘lja keltiradi. Bu esa insonlardagi kabi o‘z bolasiga ko‘prog‘ini ravo ko‘rish istagiga o‘xshaydi.

9. Qum yo‘lbars akulalari

Qum yo‘lbars akulalari “kuchlilargina omon qoladi” qoidasiga boshqalardan ko‘ra ancha jiddiyroq yondashadi. Masalan, eng yirik embrion o‘zidan kichik va zaif bo‘lgan “ukalarini” ona qornidayoq yeb yuboradi. Biologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, urg‘ochi qum yo‘lbars akulalari bir necha erkak bilan juftlashadi. Demakki, dastlab bachadonda turli otalardan bo‘lgan aralash embrionlar hosil bo‘ladi. Ammo birodarlik kannibalizmi tufayli faqat eng kuchli va moslashuvchan embrionlar barcha oziq moddalarni o‘zlashtirib, yashab qoladi. Natijada ular dengizdagi yirtqichlar orasida omon qolish ehtimoli yuqori bo‘lgan, sog‘lom va yirik akulalarga aylanadi.

Dengiz biologi Demian Chepmen Janubiy Afrika qirg‘oqlaridagi himoya to‘rlaridan olingan 15 ta o‘lik urg‘ochi akulani o‘rgangan. Ularning 10 tasida atigi 2 ta; yana 5 tasida esa 5-7 ta embrion bo‘lgan. DNK tahlillariga ko‘ra, ko‘p sonli embrionlar ikki xil otadan, kam sonli embrionlar esa bir xil otadan bo‘lgan.

Xulosa qilib aytganda, qanchalik afsuslanarli bo‘lmasin, hayvonlar orasida kannibalizm juda keng tarqalgan. Ba’zi turlarda bu tabiiy instinkt va hayot zanjirining ajralmas qismi hisoblanadi. Boshqalar esa bu xatti-harakatni faqat ba’zan masalan, hududini himoya qilish yoki omon qolish uchun qiladi. Asosiy sabab – yashash uchun kurash! Oziq-ovqat tanqisligi, ekologik stress yoki xavfli sharoitlarda hayvonlar turdoshlari hisobiga o‘z hayotini saqlab qolishga urinadi. Masalan, qum yo‘lbars akulalari kabilarda yashash uchun kurash ona qornidayoq boshlanadi.

Ammo ongli mavjudot bo‘lsa-da, insonlar orasida ham kannibalizm holatlari uchraganini inkor etib bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Hayvonlarning o'z turini eyishi Avtokannibalizm Jinsiy kannibalizm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar